Breaking News

Xillari Klinton: AQSh Afg'onistonni yolg'iz tashlab ketmaydi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton

AQSh va Afg'oniston strategik hamkorlikka kelishib oldi. Bunga doir bitim shu oy imzolanishi kutilmoqda. Unga ko'ra, xalqaro kuchlar Afg'onistondan 2014-yilda ketganidan so'ng ham AQSh bu davlatga harbiy va moliyaviy ko'mak berishda davom etadi.

AQSh qo'shinlari afg'on xavfsizlik kuchlari bilan ko'p marotaba yonma-yon jang qildi. Afg'on armiyasi va politsiyasi malakasini oshirmoqda. Bu davlat iqtisodiyoti AQShdan kelayotgan milliardlab dollar hisobiga qaddini rostladi.

Strategik hamkorlikka doir yangi bitim AQSh Afg'onistonga bundan keyin ham yordam berishidan dalolatdir.

Amerika Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, NATO va uning hamkorlari 2014-yildan keyin Afg'onistonni yolg'iz tashlab qo'ymaydi.

"Shu kungacha erishilgan yutuqlarni saqlab qolish uchun bundan keyin ham yordamni to'xtatmaslik juda muhim", - deydi u.

G'arb davlatlari xorijiy askarlar mamlakatni tark etgach, afg'on xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi uchun qancha pul sarflash xususida gaplashmoqda.

Qancha bo'lganda ham, deydi tahlilchilar, joriy yilda xarajatlar uchun ajratilayotgan 100 milliard dollardan ancha kam bo'lishi aniq.

Vashingtondagi Xeritij jamg'armasi tahlil markazida Janubiy Osiyo bo'yicha mutaxassis Liza Kurtisning aytishicha, 11-sentabr voqealariga o'xshash Amerikaga qarshi xurujning Afg'onistonda ortiq rejalanmasligini kafolatlash uchun 2-3 milliard dollar ko'p emas.

Kongressmen Dana Rorabaker Afg'oniston hukumatining eng ashaddiy tanqidchilaridan. Yaqinda prezident Hamid Karzay uni mamlakatga kiritmaslikka buyruq berdi.

Ikki davlat o'rtasidagi bitim so'nggi 10 yilda Afg'onistonda davlatchilikni qurish ish bermaganini ko'rsatmoqda, deydi qonunchi.

"Bu ishning uddasidan chiqa olmaganimiz hamda ko'p talofat ko'rganimizning bir sababi shuki, xorijiy kuchlar yordamida mahalliy xalqni Karzay ma'muriyatini qonuniy hukumat sifatida qabul qilishga majburladik. Biroq bu hukumatni Karzay kabi poraxo'r rasmiylar boshqaradi", - deydi Rorabaker.

2014-yildan so'ng AQSh harbiylarining kichik qismi Afg'onistonda qolib, mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorlaydi.

General-mayor Jon Tulan mamlakatda bir yildan beri qismlarga qo'mondonlik qilmoqda. Uning aytishicha, afg'on armiyasi va, xususan, politsiyasining oyoqqa turib olishi, xavfsizlikni o'rnatishi, xalq ishonchini qozonishi uchun qancha vaqt kerak bo'lsa, ularga shuncha yordam berishga to'g'ri keladi.

Strategik bitimga muvofiq, AQSh maxsus kuchlari jangarilarga qarshi tungi reydlarni tugatib, nazorati ostidagi qamoqxonalarni afg'on tomoniga topshiradi.

Tahlilchilar nazarida bitim AQSh Sovet Ittifoqidan farqli o'laroq, hech qayerga ketmasligini, Afg'onistonni o'z holiga tashlab qo'ymasligini Pokiston va Tolibonga bildiradi.

"Shartnoma AQSh Tolibon bilan tinchlik bitimiga tashna emasligini ko'rsatmoqda. Albatta, toliblar bilan ma'lum darajada kelishilsa, yaxshi bo'lar edi, ammo Amerika ularga qarab qolgani yo'q. Kamida kelasi ikki yilcha", - deydi Liza Kurtis.

Afg'onistonda 2014-yildan keyin qoladigan kuchlar harbiy o'quv-mashqlariga bosh-qosh bo'lishdan tashqari mahalliy qo'shinlarga havo janglarida madad berib turadi, razvedka ma'lumotlari bilan ta'minlab, aksil-terror operatsiyalarida ishtirok etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG