Breaking News

Amerika-Afg'oniston strategik bitimi kimga ma'qul, kimga yo'q?


AQSh va Afg’oniston shu hafta strategik hamkorlikka doir bitimni imzoladi. Kimdir mamnun, boshqalar shubhada.

Aksariyat fikri shuki, bitim xalqaro qo’shinlar 2014-yilda ketganidan so’ng Amerika-Afg’oniston aloqalari qanday kechadi, degan savolga oydinlik kiritdi.

Afg’oniston deputati Shukriya Barakzoy:

“Hujjat parlamentga taqdim etildi. Ma’qullanadimi-yo’qmi, hozir aytishga erta. Afg’oniston xalqiga foydasi tegish-tegmasligi, farovon hayotga zamin hozirlashi eng muhimi. Davlatni oyoqqa turg’azish mashaqqatli ish va bunga erishishimiz lozim”.

Kobuldan olim Umar Sharifiyning aytishicha, strategik hamkorlik shartnomasi Tolibonga jiddiy ogohlantirishdir. Afg’oniston yolg’iz tashlab qo’yilmaydi. 1990-yillardagi fuqarolik urushi qaytalamaydi.

“Afg’oniston fuqarolari, ayniqsa, rahbariyat ushbu bitimga amal qila oladimi? Ishonchli siyosiy hamkor bo’la olamizmi? Menimcha, hozir gap ana shunda”, - deydi tahlilchi.

Prezident Barak Obama hujjatni seshanba kuni Kobulga safari paytida imzoladi. Bitim 2014-yildan keyin Afg’onistonda qoladigan amerikalik askarlar maqomini belgilab beradi. Bu qo’shinlar terrorizmga qarshi kurashda yordamchi, murabbiy vazifasini o’tashi kutilmoqda.

Qo’shni Pokistonda Amerikada elchilik qilgan Maliha Lodi Afg’onistonda harbiy kampaniya ko’lami kamaysa, mintaqada tinchlik qaror topishi tezlashadi, deb hisoblaydi.

"11 yil davomida Pokiston mana shu so’zlarni intizorlik bilan kutdi. Amerika prezidenti urush tugayotgani, Tolibon bilan murosa yo’llari izlanayotgani haqida gapirmoqda. Qarang, prezident Obama toliblar bilan bevosita muloqot qilayapmiz, deb aytdi. Pokistonga bu yondashuv ma’qul”, - deydi sobiq elchi.

Maliha Lodining aytishicha, Pokiston Afg’oniston bilan chegaradosh viloyatlarda jangarilarni yo’q qila olmayotgani ham bejiz emas edi. Afg’onistonda xorijiy qo’shinlar borligi ham mintaqada jangarilar harakatiga o’t yoqib turgan edi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG