Breaking News

Iqtisodiy taraqqiyot - Afg'oniston tinchligi va barqarorligi garovi


Xalqaro qo'shinlar Afg'onistonni 2014-yil oxirigacha tark etishi kutilar ekan, mamlakat xavfsizlik kuchlarini tayyorlash bilan bir qatorda xalqaro hamjamiyat Afg'oniston iqtisodiyotini yo'lga solishga ham jiddiy e'tibor qaratmoqda. Xavfsizlik va iqtisod AQSh va NATO kuchlari chiqqanidan so'ng bu davlat kelajagini belgilaydigan eng asosiy omillardir.

Afg'oniston urushdan oldingi bir necha yilda qashshoqlashib, qoradori savdosi asosiy moliya manbasiga aylangan edi. AQSh va xalqaro qo'shinlar mamlakatga 2001-yil oktabrida kirganidan beri milliardlab dollar oqib kela boshladi.

Xalqaro qo'shinlarni qo'llab-quvvatlash va ularning ehtiyojlari uchun zarur qurilishlarni amalga oshirish uchun ajratilgan pulning katta qismi afg'on ekonomikasi yoki aholisi uchun sarflanmagan bo'lsa-da, ko'plab loyihalarga afg'onlar ham jalb qilindi, xususiy biznes uchun muhit yaratildi, sal keyinroq esa hukumatga ham iqtisodiy dasturlar uchun mablag' berila boshladi.

Xalqaro qo'shinlar bor ekan, donorlar pul ajratishda, taraqqiyot dasturlari bilan shug'ullanayotgan xalqaro tashkilotlar esa ishlashda davom etadi. Biroq 2014-yildan so'ng nima bo'ladi?

Vashingtonlik tahlilchi Leyf Rozenbergerning aytishicha, ungacha Afg'oniston haqiqiy iqtisodiy tizimni rivojlantirishi lozim.

"Afg'onistonda hukm surayotgan urush iqtisodiyoti maoshlar va narxlarni hamda bozor iqtisodiyotini noto'g'ri shakllantirdi. Yo'llar tizimi oqsoq, og'ir minerallarni tashqi bozorga yetkazish uchun temiryo'llari yo'q. Dehqonlar va konchilar samaradorlikni oshirish uchun rag'batlantirilmaydi. Xususiy biznes jangarilar dastidan barq ura olmayapti. Xalqaro qo'shinlar chiqishi va chetdan yordam pulining qisqarishi ehtimoli ham tadbirkorlarga uzoq muddatli reja tuzishga imkon bermayapti", - deydi AQSh Armiyasi urush kolleji professori Leyf Rozenberger.

Tahlilchining aytishicha, Afg'onistonda xorijiy kompaniyalar yopilmoqda. 2011-yili ro'yxatdan o'tgan firmalar sarmoyasi atigi 55 million dollar bo'ldi xolos. Bu so'nggi yetti yildagi eng past ko'rsatkich. AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi dasturlari salkam 50 foizga qisqardi. Hatto afg'on kompaniyalari ham mamlakatdan ketish haqida o'ylanmoqda. Xorijdan boshpana so'ragan afg'onlar soni 2005-yilga qaraganda to'rt baravar yuqori.

Vashingtonga tashrif buyurgan Afg'oniston Markaziy banki raisi Nurillo Dilavoriyning aytishicha, Afg'oniston banklari kredit bilan ish qilmagani bois global moliyaviy tanazzul asoratlari sezilmagan, ammo, deydi Dilavoriy, iqtisodiy krizis ta'siri bor.

Afg'oniston tashqi yordamga shu qadar tobeki, Jahon banki hisobiga ko'ra, yalpi ichki mahsulotning 90 foizi tashqi yordam va xalqaro kuchlar xarajatiga teng bo'lib, davlat byudjetining ham aynan shuncha qismi donorlar mablag'i hisobiga to'ldiriladi, deydi Afg'oniston Markaziy banki raisi.

"Mintaqada iqtisodiy integratsiya kuchaytirilmasa, qashshoqlikdan chiqa olmaymiz. Iqtisodni yaxshilamasak, zo'ravonlik, terrorizmga barham bera olmaymiz", - deydi Dilavoriy.

Afg'oniston prezidentining iqtisodiy masalalar bo'yicha bosh maslahatchisi Sham Batxiyaning aytishicha, ayni damda Markaziy Osiyo davlatlari bilan ma'lum darajada iqtisodiy aloqalar mavjud. Xususan, O'zbekiston bilan.

"O'zbekiston temir yo'l qurilishida, shimoldagi temir yo'l tizimini boshqarishda katta yordam bermoqda. AQShning Pokiston bilan aloqalari yaxshi emas ekan, Afg'onistonga va Afg'onistondan yuklar tranzitida O'zbekistonning roli oshadi. Shimolga elektr quvvati ham qo'shni davlatdan olinadi", - deydi Batxiya.

Markaziy bank raisi Nurillo Dilavoriyning aytishicha, Afg'onistonda bank tizimini takomillashtirish iqtisodiy taraqqiyot talablaridan biri. Masalan, hozirda pulni Kobuldan Dushanbega o'tkazish uchun 10 kundan ko'p vaqt kerak. Mutaxassislar malakasini oshirishga e'tiborni kuchaytirish zarur. Chunki, deydi rasmiy, Afg'onistonda so'nggi 30 yilda turli mafkurali tuzumlar hukmronligi tufayli ta'lim darajasi ham turfa bo'lgan.

Masalan, Sovet istilosidan so'ng vatandan G'arbga chiqqan afg'onlar g'arbcha ta'lim, kommunistlar davrida yashagan aholi Sovet ta'limini olgan. Tolibon hokimiyatga kelgach esa mamlakat o'rta asrlarga qaytdi. Hozirda Afg'oniston universitetlarida iqtisodchi va moliyachilar deyarli tayyorlanmaydi.

Ta'lim, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya, korrupsiyaga qarshi kurash, xavfsizlikni kuchaytirish kabi omillarga jiddiy urg'u berilsagina, Afg'onistonning 2014-yildan keyingi kelajagiga umid bilan qarash mumkin, deydi mutaxassislar.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG