Bugun kutilmaganda Kobulga borgan Amerika rahbari Barak Obama Bagrom harbiy havo bazasidan turib, o'z xalqiga murojaat qildi.
“Bugunga kelib, Afg'oniston aholisining deyarli yarmi mahalliy xavfsizlik kuchlari himoya qiladigan joylarda yashaydi. Bu oy Chikagoda o'tadigan NATO sammitida xalqaro koalitsiya afg'on kuchlari yetakchilikni qo'lga olishi uchun nimalar qilayotgani va qilmog'i zarurligini belgilab oladi. Xorijiy qo'shin afg'onlar malakasini oshirish, ularga yo'l ko'rsatish va ko'maklashishda davom etadi. Zarur bo'lsa, birga jang qiladi. Lekin biz endi yordamchi roliga o'tamiz. Xavfsizlik uchun asosan afg'onlarning o'zi javobgar bo'ladi",- deydi Obama.
O'tgan yili Amerika Afg'onistondan 10 ming askarini chiqargan edi. Bu yil yoz oxirigacha yana 23 ming harbiy vatanga qaytadi. 2014-yilning oxirigacha esa barcha qo'shin afg'on zaminini tark etadi.
“Aziz yurtdoshlarim, 10 yildan oshibdiki, biz urush girdobidamiz. Lekin bugun Afg'onistonda yangi kun, yangi bir davr boshlanayotgan ko'rinadi",- deydi prezident Amerika xalqiga murojaat qilar ekan.Obama Iroqda urush tugaganini tilga olib, al-Qoida va unga ergashgan barcha terror guruhlariga qarshi kurash davom etadi, dedi. Osama bin Laden o'ldirilgani, bu guruh yetakchilarining aksariyati yo'q qilingani, ular Afg'onistondan siqib chiqarilib, parchalanib ketgani, deydi Obama, katta g'alaba, ammo dunyo ulardan hali butunlay qutulgani yo'q.
Prezident o'zi va xalqi nomidan urush maydonida yurgan amerikaliklarga minnatdorchilik bildirdi. Ularni qahramonlar deb atadi.
“Xorijdagi urush va vatandagi iqtisodiy inqirozdan chiqar ekanmiz, Amerikani yangilash payti keldi. Yurtimiz shunday bo'lsinki, farzandlar qo'rquv nimaligini bilmasin. Hamma ezgu orzusiga yeta olsin",- deydi prezident.
Murojaat ingliz tilida: