Breaking News

Osama bin Laden yozgan maktublarga yaqindan nazar


Pokiston
Pokiston

O’tgan yilning 2-mayida Pokistonning Abbotobod shahrida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o’ldirilgan Osama bin Ladenning uyidan bir qancha yozma materiallar chiqqan. Amerika hukumati yaqinda bu hujjatlarning bir qismini keng ommaga oshkor etdi. Ular nafaqat al-Qoida, balki u bilan aloqador to’dalar va ular qudrati haqida axborot beradi.

2001-yilda olingan surat
2001-yilda olingan surat
Materiallar AQSh harbiy akademiyasida izchil o’rganib chiqilgan va bugungi kunda keng jamoatchilik e’tiborida. Ulardan asosiy taassurot shuki, Osama bin Laden hayotining so’nggi oylarida o’z tashkilotidan g’azabda bo’lgan. Strategiya va taktikadan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi faoliyatdan ko’ngli to’lmagan.

Hujjatlarni birma-bir ko’rib, ular haqida hisobot yozgan olima Nelli Laxud deydiki, al-Qoida biz o’ylagandek Osama bin Ladenning besh barmog’i ostida bo’lmagan. Terror yetakchisi bitgan maktublar tarqoqlik va o’zboshimchalikdan dalolat beradi.

"Bin Laden yoshlar bilan kelisha olmagan. Turli guruhlarni boshqarayotgan yoshroq liderlar undan boshqacha fikrlagan. Yoshlar tavakkalga o’ta berilgan. Xavf darajasi ustida ko’p bosh qotirmagan. Qoni qaynoq yoshlar, bin Laden nazarida, al-Qoida va uning hamkorlarini jar yoqasiga yetaklagan”.

3-may kuni oshkor etilgan hujjat 17 band va 175 betdan iborat. Hammasi original holda, arab tilida, asosan 2006-2011 yillar oralig’ida Osama bin Laden va uning o’rinbosarlari orasida yozilgan xatlar. Eng uzun maktublar bin Laden tomonidan bitilgan, ayniqsa 2010 va 2011-yildagilari. O’ldirilishidan bir hafta oldin ham u al-Qoida a’zolariga yozma murojaat qilib, ularni yakdillikka undagan.

Albatta, bu materiallarga qarab al-Qaida faoliyati haqida to’liq ma’lumotga ega bo’lolmaymiz. Ularning qanchasi manzilga yetib borgan, o’qilgan, bu ham noma’lum. Lekin shunisi aniqki, 2011-yilning mayiga kelib, bin Laden al-Qoida va unga aloqador guruhlarning ishidan norozi bo’lgan. Xususan terror xurujlaridan asosan musulmonlar o’layotgani uni dahshatga solgan.

Bin Laden butun diqqatni G’arb davlatlari, aynan yirik shaharlar va “kofirlarga” qaratishni so’ragan. Jihodchilar, deya yozgan u, o’z vatanida odam o’ldirmasligi kerak, chunki xalqlar ulardan yuz o’giradi, ularga ergashmaydi.

Osama bin Laden umrining oxirgi besh yilini Pokistonning Abbotobod shahridagi mana shu hovlida yashagan
Osama bin Laden umrining oxirgi besh yilini Pokistonning Abbotobod shahridagi mana shu hovlida yashagan
“Maktublarida Osama bin Laden metaforalarni qo’llagan. Masalan u nishonga olinishi kerak joylarni kasallangan daraxtga o’xshatgan. Amerika, degan u, mana shu daraxtning o’zagi. Qolganlar, ya’ni AQSh ittifoqchilari va hamkorlari shox-shaba bo’lgan xolos. Ularga ko’p vaqt va kuch sarflamaslik kerak degan. O’zakni, ya’ni Amerikani yo’q qilish kerak. U qulasa, butun daraxt qulaydi, degan bin Laden”,- deydi ekspert Nelli Laxud.

Maktublardan birida lider Somalida asoslangan al-Shabab guruhiga al-Qoidaning markaziy tarmog’i bilan birlashishga ruxsat bermagan.

Al-Shabab va Yamandagi al-Qoida bin Ladendan ko’p so’kish eshitgan, chunki ular o’zlari joylashgan davlatlarda islomiy tuzum e’lon qilishga harakat qilgan. Bin Laden fikricha bu asossiz va mantiqsiz qadamlar bo’lgan.

Bin Laden jihodchilikni targ’ib qilgan Anvar al-Avlakiy, Amerikada tug’ilib, keyinchalik al-Qoidaga kirgan imomni yoqtirmagan. Al-Avlakiy ham o’tgan yili o’ldirilgan edi. Lider Pokistondagi Tolibondan ham norozi bo’lgan. Yakka holda harakat qilayotgan terrorchilarni to’xtashga undagan. 2010-yilda Nyu-Yorkda pokistonlik Faysal Shahzod bomba portlatishga urinayotib qo’lga tushganini eshitgan Osama bin Laden o’z guruhi a’zolarini noshudlikda ayblagan.

Hujjatlarni ko’zdan kechirgan yana bir tahlilchi Styuart Kodill deydiki, Eron va al-Qoida orasida biror aloqa borligi haqida ma’lumot yo’q. Aksincha, deydi u, Eron al-Qoidaning ayrim jangchilari va bin Laden oilasi a’zolarini qamoqda saqlagani liderni nafratga to’ldirgan. U Erondagi tuzumni chirigan davlatga o’xshatgan.

Osama bin Laden shuncha yil Pokistonda bemalol yashab yurgani ko’pchilikni ajablantiradigan hol. Hujjatlar uning Pokiston hukumati, ayniqsa maxfiy xizmati bilan aloqada bo’lgani haqida biror ma’lumot bermaydi.

Osama bin Laden, 2011-yilning mayiga kelib, al-Qoida faoliyatidan ancha g'azabda bo'lgan
Osama bin Laden, 2011-yilning mayiga kelib, al-Qoida faoliyatidan ancha g'azabda bo'lgan
“Osama bin Laden o’z maktublarida Pokiston harbiylari, xavfsizlik organlari yoki rahbarlari haqida hech narsa demaydi. Ulardan yashirinishga uringani ayrim joylarda tilga olingan xolos”,- deydi ekspert Kodill.

Hujjatlarga ko’ra, “arab bahori”, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi inqiloblar va qo’zg’olonlar bin Ladenga ma’qul bo’lgan. O’limidan bir hafta oldin yozgan xatida u inqilob yuz bergan jamiyatlarda jihod targ’iboti osonlashadi va unga zo’r berish kerak degan.

Abbotoboddagi uydan chiqqan materiallar Osama bin Laden tinimsiz izlangani va yangi hujumlar rejasi ustida ishlaganini ko’rsatadi. 2001-yilning 11-sentabrida Amerikada amalga oshirilgan xurujlar, uning yozishicha, eng muhim zarbalar bo’lgan. Osama bin Laden Al-Qoida va uning hamkorlarini yana mana shunday harakatlar qilishga chorlagan.

Osama bin Laden o'ldirilgani dunyo bo'ylab qanday kutib olingan?

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG