Dunyoning yetakchi terroristi 54 yoshida Pokistonda AQSh maxsus kuchlari tomonidan o’ldirildi.
Amerika bu bilan terrorizm barham topmasligini, Osama bin Ladenning izdoshlari qasos olishga shay ekanini, al-Qoidaning turli bo’limlari va u bilan aloqador guruhlar G’arbga qarshi kurashni davom ettirishini biladi.
Lekin bu tizim o’z rahnamosi, asoschisidan ayrildi. Osama bin Laden xalqaro maydonda tub burilishlar yasab, eng qudratli davlat bo’lmish Amerika tashqi siyosatini ostin-ustun qilib yuborgan.
Uch qit’ada misli ko’rilmagan, dahshatli jinoyatlarda ayblangan Osama bin Ladenni tutish oxirgi 10 yilda AQSh oldida turgan asosiy vazifalardan biri bo’ldi.
2001 yilda Nyu-York va Vashingtondagi terror xurujlari ketidan prezident Jorj Bush “Osama bin Ladenni albatta yo’q qilamiz” deya va’da bergan edi.
“Yo o’lik, yo tirik… Tutishimiz shart. Men va xalqim adolat qaror topishini istaydi. Shunday ekan, uning iziga tushib, topamiz”,- degan edi Bush.
Dunyoning birinchi raqamli terroristi boy va to’q oiladan chiqqan. Saudiya Arabistonida osuda bir muhitda katta bo’lgan.
1957 yilning 10 martida dunyoga kelgan Osama bin Laden 50 farzanddan biri. Otasi, qurilish kompaniyasi egasi, Osama o’smirlik paytida vafot etgan.
Qirol oilasi bilan bordi-keldisi bo’lgan bin Ladenlar bir qarashda hayotdan mamnun odamlar edi. Osama muhandislikka o’qigan. Oilaviy biznesga hissa qo’shib, tadbirkorlik qiladi degan umidlar bog’langan edi.
Lekin 1979 yilda Sovet Ittifoqi Afg’onistonga bostirib kirgach, 22 yoshli yigitning hayoti tubdan o’zgaradi.
Osama bin Laden boshqa ko’plab dindor musulmonlar qatori “kofirlarga qarshi” qurol ko’tarishga ahd qiladi va Afg’onistonga yo’l oladi. Boshida AQSh tomonidan qo’llab-quvvatlangan jangari kuchlar bilan hamkorlik qiladi, ularga madad ko’rsatadi.
Biroq 1980-yillarning o’rtalariga borib, o’z guruhini tuzishga qaror qiladi. Buning uchun boyligi yetarli edi. Shu tariqa al-Qoida, arabchada “asos” degan guruh vujudga keladi.
Sovet Ittifoqi 1980-yillar oxirida afg’on tuprog’ini tark etgach, Osama bin Laden ham vatanga qaytadi. Lekin jangari do’stlari bilan aloqani uzmaydi.
1990 yilda Iroq neftga boy Quvaytga bostirib kiradi. Vahimaga tushgan Saudiya Arabistoni AQShdan ko’mak so’raydi. Qarabsizki, Vashington dunyoning bu qismiga qo’shin tortadi.
Osama bin Laden nazarida bu chidab bo’lmas harakat edi. “Islom olamining muqaddas yerlarida musulmon bo’lmagan kuchlarga joy yo’q” deb chiqadi. 1991 yilda vatandan haydaladi.
Osama bin Laden notinch Sudandan panoh topadi. Ana shu yerdan turib, Somali va Saudiya Arabistonida AQSh kuchlariga qarshi xurujlar uyushtiradi. 1996 yilda Sudandan haydalib, Afg’oniston tomon yo’l oladi.
Hayotiy maqsadi “bosqinchi AQShga qarshi urushish” ekanini ochiqdan-ochiq bayon qila boshlaydi. 1998 yilda Keniya va Tanzaniyada Amerika elchixonalari portlatiladi. O’nlab insonlar halok bo’ladi. Osama bin Laden “bu hali holva” deydi.
2001 yilning 11 sentabrida 3 mingga yaqin odamni hayotdan olib ketgan xurujlar AQShning ko’zini ochgan. Osama bin Laden va al-Qoida - asosiy dushman deb tan olinadi.
Tolibon guruhni AQShga topshirmasligi ayon ekan, Afg’oniston terrorga qarshi urush maydoniga aylandi. Tolibon ag’darildi, yangi hukumat tuzildi, Osama bin Laden esa tutilmadi, qochishga ulgurdi.
10 yil davomida Pokistonda yashirinib yurdi. Amerika agentlarining bir necha maxsus operatsiyalari ish bermadi.
Osama bin Ladenning nihoyat qo’lga tushib, o’ldirilgani tarixiy g’alaba, deydi rasmiylar, ammo al-Qoida bugun ko’rinmas, lekin hamon layoqatli va xavfli tizim bo’lib qolmoqda.