Breaking News

Forum: Osama bin Laden o'ldirilgani terrorizm barham topadi degani emas


Osama bin Ladenning 1998 yilning aprelida Afg'onistonda olingan surati
Osama bin Ladenning 1998 yilning aprelida Afg'onistonda olingan surati

Siz qanday fikrdasiz? Mulohazalaringizni bildiring.

Al-Qoida terror va ekstremist guruhi yetakchisi Osama bin Laden 1 may kuni Pokistonning Xaybar Paxtunxava viloyatining Abbotobod shahrida AQSh maxsus kuchlari tomonidan o'ldirilgan. Jasad olib chiqilgan va tekshirilgan. Natijalar yaqin kunlarda e'lon qilinadi.

Amerika rasmiylarining aytishicha, jasad islomiy qoidalarga binoan 24 soat ichida dafn etilishi lozimligi bois Osama bin Ladenni dengizga qo'yish ma'qul topilgan.

"Buni oldindan o'ylab qo'ygan edik. Jasad 2 may kuni ertalab dengiz tubiga maxsus kuchlar tomonidan qo'yildi",- deya tasdiqlaydi Jon Brennan, prezident Obamaning terrorga qarshi masalalar bo'yicha maslahatchisi.

54 yoshga kirgan Osama bin Laden dunyoning yetakchi terroristi edi. Topib qo'lga olinishi yoki yo'q qilinishi shart degan ro'yxatda birinchi o'rinda turgan odam.

U aslida Saudiya Arabistoni fuqarosi bo'lgan, ammo qirollik undan yuz o'girib, dushman deb chiqqan.

Pokistonning Abbotobod shahri poytaxt Islomoboddan uncha uzoq emas
Pokistonning Abbotobod shahri poytaxt Islomoboddan uncha uzoq emas

Prezident Barak Obama 1 may kuni kechqurun Oq Uydan turib xalqqa murojaat qildi.

"Bu kecha sizga shuni e'lon qilamanki, AQSh olib borgan maxsus operatsiya natijasida Osama bin Laden o'ldirildi. U minglab insonlarning hayotiga zomin bo'lgan shaxs va mislsiz jinoyatlar boshida turgan",- dedi u.

AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi 2010 yilning kuzida Osama bin Ladenning qayerda ekani haqida ishonchli ma'lumotlar ola boshlagan. Prezident Obama o'ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni buyurgan.

Osama bin Laden o'ldirilgan joy hozir Pokiston xavfsizlik kuchlari nazorati ostida
Osama bin Laden o'ldirilgan joy hozir Pokiston xavfsizlik kuchlari nazorati ostida

Amerika Osama bin Ladenni eng ashaddiy dushman sifatida tilga olib kelgan.

2001 yilning 11 sentabrida sodir etilgan terror hujumlari al-Qoida ishi ekani ayon bo'lgach, Osama bin Laden va uning iznidagi jangari kuchlar, jumladan Tolibonga qarshi urush e'lon qilingan va shundan beri Afg'onistonda xalqaro koalitsiya ekstremizmga qarshi kurashib kelmoqda.

Prezident Obamaning aytishicha, Osama bin Ladenning o'ldirilishida Pokistonning yordami katta bo'lgan. Bu davlat operatsiyada hamkorlik qilgan va al-Qoida uning ham dushmani ekanini aytib keladi.

Yangilik Vashingtonda Oq Uy oldida, Nyu-Yorkda va butun Amerika bo'ylab katta bayram qilinmoqda.

Sobiq prezident Jorj Bush deydiki, adolat qaror topishi tayin edi. U Barak Obamani operatsiya yutug'i bilan qutlab, terrorga qarshi amaliyotlarni davom ettirishga undamoqda.

Bin Ladenning o’limi Pokistonda bosiqlik bilan qarshi olinmoqda. Tashqi ishlar vazirligi qisqa bayonot chiqargan xolos. Bu – terrorizmga qarshi kurashda muhim yutuq va Pokiston o'z ng xizmatini qilmoqda, deyiladi unda.

Xabarlarga ko’ra, bin Ladenning ikki rafiqasi, olti farzandi va to’rt maslahatchisi hibsda. Operatsiya kechgan joy politsiya qurshovida.

Iordaniyada odamlar Barak Obamaning e'lonini tomosha qilmoqda, 2 may 2011
Iordaniyada odamlar Barak Obamaning e'lonini tomosha qilmoqda, 2 may 2011

Sobiq ichki ishlar vaziri Tasnim Nuraniy nazarida terrorchilar endi Pokistondan alamini olishi aniq.

“Ekstremist guruhlar hukumatni nishonga olsa, ajabmas”, - deydi u.

Rasmiy hisob-kitoblarga ko’ra, Pokistonda yaqin bir necha yilda xurujlar 30 ming odamni hayotdan olib ketgan. 5 ming askar al-Qoida, Tolibonga qarshi jangda jon bergan. Bu talofatga qaramay, AQSh va Afg’oniston Pokistonni bot-bot tanqid qilib, terrorizmga qarshi zarur chora ko’rmayotganlikda ayblab keladi.

Pokistonning AQShdagi sobiq elchisi Tariq Fotimiy fikricha, bin Laden bu davlatda bamaylixotir yashab yurgani shubha-gumonni oshirishi mumkin.

Pokiston hukumati va armiyasi buni avvaldan bilgan bo’lsa-chi?

Osama bin Ladenning o'ldirilgani jahon bo'ylab tantana qilinmoqda
Osama bin Ladenning o'ldirilgani jahon bo'ylab tantana qilinmoqda

“Agar rasmiylar buni bilgan bo’lsa, nega AQShga xabar qilmagan? Balki gap uquvsizlikdadir”? - deya taxmin qiladi sobiq diplomat.

Hindiston ta’rificha aynan shunday. Mazkur xabar Pokiston hamon terrorchilar, jangarilar uchun pana joy, makon ekanidan dalolat beradi, deydi bu davlat rasmiylari. Xalqaro hamjamiyat bosimni oshirishi, bu xavfli maskanlarni yo’q qilishi kerak, deydi ular. Hindistonda xurujlar ehtimoli yuqori deb xavfsizlik kuchlari shay holatda turibdi.

Pokiston va Hindiston 1947 yilda Britaniyadan mustaqil bo’lib, ikki alohida davlatga aylangach, bir-biri bilan uch bor urush qilgan. 2008 yilgi Mumbay hujumidan so’ng aloqalar yanada taranglashgan. O’shanda 166 kishi o’lgan, Hindiston voqeada Pokistonning qo’li bor deb xulosa qilgan.

Afg'on rahbari Hamid Karzay "bu ajoyib yangilik" deydi
Afg'on rahbari Hamid Karzay "bu ajoyib yangilik" deydi

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay Osama bin Laden o’limi haqidagi xabarni olqishlamoqda.

Karzay shu tariqa terrorchilar zaiflashib, zulmni bas qiladi degan umidda. Bu yangilik, deydi u, yirik terrorchilar Afg’onistonda emasligini isbotlaydi. Demak, bu yurtni terrorizm bilan bog’lash, uni jang maydoni qilish to’g’ri emas.

Yaqin Sharq ahli ham xabardan mamnun. Turkiya prezidenti Abdulla Gul “Terrorchilar ertami-kechmi baribir qo’lga tushadi”, - deydi.

Iroq xabarni olqishlasa-da, xavfsizlik choralari oshirilgan.

Saudiya Arabistoni nazarida ham bu - terrorizmga qarshu kurash yo’lida muhim qadam.

Falastinning Xamas guruhi Osama bin Ladenning o’limi qoralab, uni jasur jangchi deya ta’riflamoqda.

Bahrayn, Quvayt va Birlashgan Arab Amirliklari biror munosabat bildirmagan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi urushlar tugab, xorij askarlari vataniga qaytadi degan umidda.

AQSh Davlat departamenti fuqarolarni ehtiyot bo’lishga chaqirmoqda.

Amerikaga qarshi kayfiyat kuchayishi aniq, shunday ekan, xorijda yashayotgan, sayohat qilayotgan amerikaliklar ogoh bo’lishi kerak, deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Osama bin Ladenning o'limi bilan terror harakatlari to'xtab qolmaydi va al-Qoidaning turli bo'limlari faoliyatini davom ettirishi turgan gap, deydi u.

Bu qanotlarning o'zi rahbarlari va sodiq jangchilari bor. Shunisi aniqki, tizim o'z asoschisidan ayrildi.

Osama bin Laden al-Qoidaning rahnamosi edi. U ko'p jihatdan AQSh tashqi siyosatida markaziy o'rinda turgan shaxs edi.

Osama bin Laden boshida turgan xurujlar tufayli Amerika nafaqat Afg'onistonda balki Iroqda ham urush ochgan. Ikki urushda yuzlab ming insonning yostig'i quridi.

Terroristlar yetakchisining o'limi jahon axborot vositalarida qanday yoritilayotgani bilan quyidagi tasvirlarda tanishing:

Siz qanday fikrdasiz? Mulohazalaringizni bildiring!

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG