Breaking News

Al-Qoida xurujlar haqida ogohlantirar ekan, AQShda diqqat ichki tizimlarda


Al-Qoida xurujlar haqida ogohlantirar ekan, AQShda diqqat ichki tizimlarda
Al-Qoida xurujlar haqida ogohlantirar ekan, AQShda diqqat ichki tizimlarda

Al-Qoida terror guruhi o’z rahnamosi Osama bin Ladenning o’ldirilganini tasdiqlab, Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilariga qarshi xurujlar haqida ogohlantirmoqda. Amerikada xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Ekspertlar e’tiborni al-Qoidaning Amerikadagi tarafdorlariga qaratish kerak deydi.

Obama ma’muriyati al-Qoida bayonotlaridan hayron emas. Shuni kutgan edik, deydi rasmiylar. Hukumat o’z fuqarolaridan, xoh vatan, xoh chet elda bo’lsin, ogoh turishni so’ramoqda. Terrorizm tahdidi yuqori.

Filip Madd, uzoq yillar razvedkachilik qilgan, sobiq maxsus agent.

“19 nafar terrorist samolyotlarni yana olib qochmas-u, lekin yoshlar qo’liga qurol olib, olomonni o’qqa tutishi, joylarni portlatishi yoki gavjum do’konlarga kirib, odamlarni yoppasiga o’ldirishga harakat qilishi mumkin”, - deydi sobiq razvedkachi.

Shunisi ma’lumki, 2001 yilning 11 sentabridagi xurujlardan beri AQShda 38 terror rejasi fosh etilgan, hujumlarning oldi olingan.

Osama bin Ladenning Pokistondagi uyidan topilgan ma’lumotlarga ko’ra, al-Qoida AQSh temiryo’llarini portlatish haqida o’ylagan. Buni shu yilning 11 sentabrida, mash’um voqealarning 10 yilligida amalga oshirish xususida gap ketgan.

Vashington metrosi
Vashington metrosi

Bundan bir yil oldin Nyu-Yorkda pokistonlik muhojir, AQShda fuqarolikka kirgan Faysal Shahzod mashina portlatishga harakat qilganlikda ayblanib, qo’lga olingan edi. 2009 yilda esa Najibulla Zazi ismli afg’on Nyu-York metro tizimini portlatmoqchi bo’lgan.

Jeyms Karafano Vashingtonda tanilgan tahlilchilardan, asosan, xavfsizlik masalalari bo’yicha izlanadi. AQSh xavfsizlik organlari, deydi u, al-Qoidani yaqindan kuzatmoqda.

“Amerika Somalida asoslangan al-Shabab jangari guruhidan hayiqib keladi. Bu to’da Amerikada yashovchi somalilik muhojirlar bilan aloqada ekani ma’lum. Al-Shabab AQShni dushman deb biladi va al-Qoida tomonda. Yana bir guruh bu Lashkar-i-Toiba bo’lib, Pokistondan turib faoliyat yuritadi. 2008 yilda Hindistonning Mumbay shahrining bir necha joyida xurujlarni amalga oshirgan”,- deydi ekspert.

Terrorizmga qarshi kurash bo’yicha ekspertlar, shunindek, diqqatni Yamanga qaratmoqda.

Al-Qoidaning bu yerdagi bo’limi ancha oyoqqa turib olgan. Amerika pasportiga ega imom Anvar al-Avlakiy hozir Yamanga va al-Qoida bilan yaqindan ishlab kelayotgani haqida ishonchli ma’lumotlar bor. 2009-2010 yillarda AQShga qarshi hujumlar rejasiga hissa qo’shgan.

Tim Starks razvedka va xavfsizlik masalalarini yoritib kelayotgan jurnalistlardan. Bin Ladenning izdoshlari transport tizimini nishonga olmoqchi, deydi u.

"Terroristlar o’zi yaxshi biladigan sistemalarga yopishadi. Chunki xuruj qilish oson. Yo’llar, transport va vokzallarni portlatish uchun ularga ilg’or texnologiya kerak emas. Ular arzon va oson yo’lini qidiradi”,- deydi Starks.

Mutaxassislar hukumatni shundoq ham murakkab xavfsizlik choralarni oshirishga emas, razvedka va maxfiy xizmatni kuchaytirishga undamoqda, toki terror rejalari vaqtida fosh etilib, hujumlarning oldi olinsin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG