Prezident Barak Obama al-Qoida terror guruhi yetakchisi Osama bin Laden jasadi aks etgan suratlarni ommaga ko’rsatmoqchi emas.
Birinchi raqamli terrorchi o’ldirilganiga ba’zilar ishonmay, isbot talab qilmoqda.
Oq Uy matbuot kotibi Jey Karni so’zlariga ko’ra, prezident qarori ortida turli muhim sabablar bor.
Qo’rqinchli rasmlar tarqalib, nafrat va g’azab hissi ortishi va bu suratlar yovuz kuchlar tomonidan propaganda quroli sifatida qo’llanishi mumkin.
Jey Karnining aytishicha, Obama “boshidan o’q yegan odamning suratlari qo’lma-qo’l bo’lib ketishi to’g’rimas” deydi.
Obama ma’muriyati terrorchi yo’q qilingani haqida dalil yetarli deb hisoblaydi.
Mudofaa vaziri Robert Geyts va Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton ham Obama qarorini yoqlamoqda.
“Osama bin Ladenni endi tirik zot ko’rmaydi”, - deydi prezident.
Markaziy Razvedka Agentligi rahbari Leon Panetta nazarida esa suratlar chop etilgani ma’qul. Masala Kongressni junbushga keltirgan.
Ayrimlar ma’lumotni sir tutish xato deydi.
Tasvirni ko’rib, huzur qilish haqida gap ketmayapti. Har xil taxminlarning oldini olish uchun suratni xalq e’tiboriga havo etish zarur, deydi ko’plab siyosatdonlar.
Boshqalar esa Barak Obama tarafida. “Afg’onistonda qabila yetakchilar, oqsoqollar bilan muzokara qilib, muhim axborot olishga umidvor zobitni o’ylang”, - deydi qonunchi Mayk Rojers. Bu fotosuratlar kelgusi reydlarni xavf ostiga qo’yishi mumkin.
Prezident Obama bugun Nyu-Yorkda, 2001 yil 11 sentabr xurujiga atab qo’yilgan yodroglik poyiga gulchambar qo’yadi. Biroq marosim dabdabasiz o’tishi kutilmoqda.
Xurujlar 2800 odamni hayotdan olib ketgan, voqeada al-Qoida ayblangan edi. Obama marhumlar oilalari bilan uchrashadi.