Breaking News

Bin Ladenning o'limi AQSh-Pokiston munosabatlariga putur yetkazishi mumkin


Chapdan AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni Deyvid Petreus, Mudofaa vaziri o'rinbosari Mishel Flornoy va admiral Erik Olson
Chapdan AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni Deyvid Petreus, Mudofaa vaziri o'rinbosari Mishel Flornoy va admiral Erik Olson

AQSh Mudofaa vaziri o’rinbosari Mishel Flornoyning aytishicha, Osama bin Ladenning o’limi ham ijobiy, ham salbiy ahamiyatga ega. Ijobiysi shundaki, Afg’onistonda hokimiyat uchun kurashayotgan siyosiy guruhlar, jumladan Tolibon, mamlakat kelajagi yo’lida birlashishiga yaxshi imkon bor. Shu bilan birga bin Ladenning o’limi AQSh-Pokiston munosabatlarining taranglashishiga olib kelishi mumkin.

Pokistonning Abbotobod shahrida al-Qoida rahbari Osama bin Ladenga qarshi operatsiya yakunlanganidan bir necha soat o’tgach, Vashingtonda AQSh va Pokiston rasmiylari uchrashib, xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

Mishel Flornoy deydiki, majlisda ikki davlat o’rtasida terrorga qarshi hamkorlikni kuchaytirish zaruratiga urg’u berildi.

"Hamkorlik shunday bo’lishi kerakki, uning mahsuli ko’zga yaqqol tashlansin", - deydi Flornoy.

Bin Laden o’ldirilganidan so’ng u yashagan uyni Pokiston xavfsizlik kuchlari o’rab olgan. Operatsiyada ishtirok etgan AQSh maxsus kuchlari u yerda saqlangan bir nechta kompyuter va xotira moslamalarini musodara qilishga ulgurgan. Pentagon vakilining aytishicha, AQSh va Pokiston ayni damda hamkorlikni qo’lga kiritilgan ma’lumotlarni tahlil qilishga, al-Qoidaga bosimni kuchaytirib, Pokiston va Afg’onistonda vaziyatni barqarorlashtirishga qaratishi lozim.

AQSh-Pokiston munosabatlari kelajagi atroflicha muhokama qilinib, Pokistonga moliyaviy yordam o’zaro hamkorlikka bog’liq ekanini tushuntirdik, deydi Mishel Flornoy.

"Kongressni Pokistonga harbiy va noharbiy yordamni davom ettirishga ko’ndirish lozim", - deydi u.

Ikki davlat aloqalari va hamkorlik istiqboli Senat Tashqi aloqalar qo’mitasida ham ko’tarildi. Qo’mita raisi, demokrat senator Jon Kerri Pentagon rasmiysidan qonunchilarni qiziqtirayotgan savollarni so’radi.

"Ben Ladenning harbiy inshoot yonida yashagani haqida Pokiston armiyasi va razvedkasida qanday ma’lumot bo’lgan? Balandligi salkam besh metrlik devor ortida kim yashagani haqida ular qiziqqanmi?"

Flornoyning aytishicha, Pokiston rasmiylari bin Ladenning qayerdaligini aniq bilganiga ishora qiluvchi dalil yo’q. Shu sabab musodara qilingan materiallarni sinchkovlik bilan o’rganish zarur, deydi u.

Pentagon rasmiysining aytishicha, Pokiston razvedkasi bin Ladenni ataylab yashirgan degan gumonlarga qaramay AQSh terrorga qarshi urushda bu davlat bilan hamkorlikni susaytirmasligi lozim.

Amerika qonunchilari ham shu fikrda.

Respublikachi senator Richard Lugarning ta’kidlashicha, Pokiston murakkab hamkor bo’lsada, undan uzoqlashishning oqibati yaxshi bo’lmaydi.

Lugar deydiki, munosabatlar buzilsa, terrorga qarshi urush, razvedka ma’lumotlarini to’plash qiyinlashib, Pokiston va Hindiston o’rtasida mojaro ehtimoli kuchayishi, AQShning Afg’onistondagi harbiy harakatlari oqsashi, Pokiston yadro arsenali xavfsizligini ta’minlashda Amerika roliga barham berilishi mumkin.

Osama bin Ladenning o’limi ana shunday oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi Flornoy. Biroq shu bilan birga bu hol, uning nazarida, afg’on muammosi yechimini tezlatishi ham ehtimoldan xoli emas.

"Osama bin Ladenni Tolibon qo’mondonlariga bog’lab turgan ayrim rishtalar, ayrim insonlarga hojat qolmaydi endi. Toliblar fursatdan foydalanib al-Qoidadan voz kechishiga yaxshi imkon tug’ildi deb o’ylayman", - deydi AQSh mudofaa vaziri o’rinbosari Mishel Flornoy.

Uning aytishicha, bin Ladenning o’limi al-Qoidaga jiddiy zarba bo’ldi. Toliblar endi prezident Hamid Karzay hukumatiga qo’shiladi, deb umid qilaman, deydi u. Amalda shunday bolsa, AQSh qo’shinlarini mamlakatdan chiqarish jarayoni ham tezlashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG