Breaking News

Osama bin Laden o'ldirilganida qurolsiz bo'lgan


1 may 2011. Oq Uyda AQSh hukumati a'zolari prezident Barak Obama bilan Pokistonning Abbotobod shahrida Osama bin Ladenga qarshi operatsiya tafsilotlarini tomosha qilmoqda
1 may 2011. Oq Uyda AQSh hukumati a'zolari prezident Barak Obama bilan Pokistonning Abbotobod shahrida Osama bin Ladenga qarshi operatsiya tafsilotlarini tomosha qilmoqda

Oq Uyning aniqlik kiritishicha, al-Qoida yetakchisi Osama bin Laden 1 may kuni Pokistonning Abbotobod shahridagi imoratning ikkinchi qavatida o'ldirilganida oldida quroli bo'lmagan.

Bin Laden AQSh maxsus kuchlari bilan o'q almashmagan, ammo o'zini himoya qilishga uringan.

Terrorist yetakchi boshi va ko'ksidan o'q yegan. Rafiqasi uni pana qilmoqchi bo'lganida, oyog'idan yaralangan.

Qurolsiz bo'lsa, nega tirik qo'lga olinmadi degan savolga Oq Uy "maxsus kuchlarning oldida o'ldirishdan boshqa chora qolmagan" deb javob beradi.

Osama bin Ladenning 1998 yilda olingan surati
Osama bin Ladenning 1998 yilda olingan surati

"Tirik qo'lga olishga tayyor edik", - deydi prezident Barak Obamaning terrorizmga qarshi kurash bo'yicha maslahatchisi Jon Brennan sal avvalroq matbuot bilan gaplashganida.

Osama bin Laden qurol ishlatmagan bo'lsa-da, u topilgan katta imoratda qurollangan himoyachilari bo'lgan va ular maxsus kuchlar bilan olishgan.

Operatsiya va uning natijasini aks ettiruvchi tasviriy materiallar mavjud ekani ma'lum. Oq Uy ularni ommaga havola etish ustida o'ylanmoqda.

Obama imoratni portlatishga ruxsat bermagan, chunki u holda Osama bin Ladenning u yerda bor yo'qligini yoki o'lganini aniqlash qiyin kechgan bo'lardi. Shu bois maxsus kuchlarga terror yetakchisini tiriklayin topish buyurilgan.

Osama bin Laden 2005 yildan beri mana shu uyda yashagan bo'lishi mumkin
Osama bin Laden 2005 yildan beri mana shu uyda yashagan bo'lishi mumkin

Rasmiylarning bayon qilishicha, Osama bin Ladenning jasadi operatsiya joyidan olib chiqilib, yaqindan tekshirilgan. Genlar majmuasiga (DNK) qarab ko'rilganida, uning haqiqatda al-Qoida rahbari ekani 100 foiz tasdiqlangan.

Osama bin Ladenni yerga ko'mmaslikka qaror qilingan, chunki qabr boshqa muammolar tug'dirishi, balki ziyoratgohga aylanishi mumkin edi. Shu bois jasad yuvilib, kafanga o'ralib, janoza o'qilib, og'ir xaltaga solinib, 2 may kuni tongda dengiz tubiga tashlangan.

AQSh agentlari Abbotoboddagi uydan katta miqdorda mafxiy informatsiya olib chiqqan. Al-Qoida faoliyati haqida ma'lumot, deydi rasmiylar.

Bugun Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Leon Panetta AQSh Kongressining har ikki palatasiga Osama bin Laden qanday o'ldirilgani haqida hisobot bermoqda. Qonunchilar nazarida operatsiya tafsilotlari haqida dunyo ahliga ko'proq ma'lumot berish kerak.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, demokrat senator Afg'onistonga borib, prezident Hamid Karzay bilan muzokara qiladi.

Amerika Pokiston bilan murakkab, ammo yaqin aloqalarga ega ekanini ta'kidlamoqda.

G'arbda ko'pchilikni qiynayotgan savol shuki, Pokiston hukumati, ayniqsa, razvedkasi Osama bin Laden yirik bir shaharda, katta bir xonadonda yashayotganini nahotki bilmagan?

Abbotobod poytaxt Islomoboddan 60 kilometr narida joylashgan harbiy shahar hisoblanadi. Pokistonning katta sonli qo'shini va qurol-aslaha omborlari o'sha yerda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG