Breaking News

Muqaddas kitoblarni yoqish haqida dinlar nima deydi?


Xattot Muhammad Sobir Yoqutiy dunyoning eng katta Qur'on nusxasini varaqlamoqda. Ushbu Qur'onni yozib chiqish uchun xattot va uning to'qqiz shogirdi besh yil vaqt sarflagan. Kobul, Afg'oniston (AP Photo/Musadeq Sadeq).
Xattot Muhammad Sobir Yoqutiy dunyoning eng katta Qur'on nusxasini varaqlamoqda. Ushbu Qur'onni yozib chiqish uchun xattot va uning to'qqiz shogirdi besh yil vaqt sarflagan. Kobul, Afg'oniston (AP Photo/Musadeq Sadeq).

Afg’onistonda AQSh harbiylari Qur’on nusxalarini yoqqanidan beri mamlakatni norozilik namoyishlari qamrab oldi. Qonli to’qnashuvlarda ko’plab insonlar halok bo’ldi. AQSh rasmiylari kitoblar qasddan yoqilmadi, bir tasodif edi, desa-da, Afg'oniston va Pokiston ahli mazkur hurmatsizlikni kechira olmayapti.

Eskirgan yoki foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgan ilohiy kitoblarni nima qilish kerak? Ular saqlab qo’yiladimi yoki bu kitoblarni yo’q qilishning o’ziga xos usullari bormi?

Yahudo, Nasoro va Islom dinlari bu borada qanday ko'rsatmalarga ega?

Masalan, butun Qur’on kitobini har qanday yo’l bilan yo’q qilish mumkin emas. Yahudiylar esa Tavrot sahifalarini maxsus xonalarda saqlashi yoki qabrlarga ko’mishi mumkin. Rim katoliklari Injil nusxalarini ko’mishga ruxsat bersa, protestantlarda bu haqda aniq ko’rsatma yo’q.

“Amerika Ovozi” shu mavzuda dindorlar va dinshunos mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

Muqaddas kitoblarni yoqish haqida dinlar nima deydi?
Muqaddas kitoblarni yoqish haqida dinlar nima deydi?
Butun Dallas hududi musulmonlari jamiyati (All Dulles Area Muslim Society) vakili Rizvon Jaka Afg’onistonda amerikaliklar Qur’onni qasddan yoqmaganiga ishonadi. Shu bilan birga, u, Qur’onda ta’kidlanganidek, yomonlikka yaxshilik bilan javob berish kerak, degan fikrda.

Shimoliy Amerika Islom Jamiyati (Islamic Society of North America) vakili Sara Tomson fikricha, muqaddas kitobni yoqqanlarga yangi nusxalarni hadya qilish yoki Qur'onni hurmat qilishni o’rgatish bilan bo’lib o’tgan ishga eng munosib javob berish mumkin.

Tomsonning aytishicha, diniy adabiyotda biror xato aniqlansa, sahifa yo'qolsa yoki tarjima noto'g'ri bo'lsa, uni yo’q qilishga izn beriladi.

“Faqat eskiligi yetarli asos emas”, - deydi u.

Agar juda eskirib ketsa, deydi Tomson, musulmon ulamolari kitobni toza matoga o’rab yerga ko’mishga yoki suvga oqizishga ruxsat bergan.

Agar bu usullarni amalga oshirish imkoni bo’lmasa, ayrim ulamolar fikriga ko’ra, Qur’onni yoqish mumkin. Bu ish hurmat bilan, imkon bo’lsa, masjidda amalga oshirilishi kerak.

Ko’plab yahudiy mozorlarida Tavrot sahifalari va boshqa diniy hujjatlarni ko’mish uchun maxsus qabrlar bo'ladi. Yahudo dinida Xudo nomi zikr etilgan barcha sahifalar, agar eskirsa yoki yaroqsiz holga kelsa, ko’milishi kerak. Bular Geniza deb nomlanuvchi maxsus xonalarda ham saqlanadi. Masalan, 1896-yil Misrda IX-asrdan avvalgi davrga oid yuz minglab hujjatlarni o'z ichiga olgan shunday arxiv topilgan.

Muqaddas kitoblarni yoqish haqida dinlar nima deydi?
Muqaddas kitoblarni yoqish haqida dinlar nima deydi?
Konservativ Yahudiylarning birlashgan sinagogasi (United Sinagogue of Conservative Judaism) peshvosi Pol Drazenning aytishicha, uning jamoasi bir necha yil avval Tavrot sahifalarini qayta ishlatish uchun saqlash va boshqa maqsadlarda qo'llashga izn bergan. Diniy asarni yoqish yahudiylarga xos emas. “Qadimdan muqaddas kitoblarni yoqish yahudiylarni azoblash usuli bo’lgan”, - dedi u.

Musulmon va yahudiylar diniy kitoblarini qattiq hurmat qilishi bilan ajralib turadi. Islom ahli Qur’onni o’qishdan oldin doim tahorat oladi. Yahudiylar esa qiroat paytida sahifaga qo’l tekkizmaslik uchun maxsus kumush ko’rsatkichdan foydalanadi.

Induizm dinida muqaddas kitoblar, agar ularni yo’qotishga zarurat tug’ilsa, suvga oqizilishi, yoqilishi yoki ko’milishi mumkin. “Hinduism Today” nashri muharriri Arumuga Svami fikricha, bunday holatlar amalda deyarli uchramaydi.

Nasorolikda muqaddas kitoblarni yo’qotish masalasi mazhablarga ko’ra farq qiladi. Masalan, katoliklar, Amerika Katolik universiteti (Catholic University of America) professori Monsignor Kevin Irvin fikricha, Injilni muqaddas kitobga hurmat nuqtai nazaridan yoqishi mumkin.

Protestantlarda esa bu borada aniq qoida yo’q. Bu mazhabda Injilning shakliga emas, ma’nosiga diqqat qaratiladi. Shuning uchun uning moddiy qiyofasiga qanday e’tiborda bo’lish haqida ko’rsatma mavjud emas, dedi Janubiy Baptistlar diniy seminariyasi (Southern Baptist Theological Seminary) o’qituvchisi Greg Vils.

“Qog’oz va ranglar bir kuni ado bo’ladi, lekin Xudoning so’zi abadiy yashaydi”, dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG