Breaking News

Qirg'iziston: "Manas" kelajakda tijoriy obyektga aylanadi


"Manas" hozirda AQSh uchun bu strategik ahamiyatga ega markaz. Lekin 2014-yildan keyin, AQSh Afg'onistonni tark etgach, unga hojat bo'ladimi? Vashington bu borada hech narsa demayapti.
"Manas" hozirda AQSh uchun bu strategik ahamiyatga ega markaz. Lekin 2014-yildan keyin, AQSh Afg'onistonni tark etgach, unga hojat bo'ladimi? Vashington bu borada hech narsa demayapti.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta 13-mart kuni Bishkekda Qirg'izistonning yuqori lavozimli rasmiylari bilan muloqotda ikki davlat orasidagi hamkorlikdan mamnun ekanini aytib, "Afg'oniston barqarorligi uchun qo'shayotgan hissangizdan minnatdormiz" degan.

Qirg'iziston Mudofaa kengashi kotibi Busurmonqul Tabaldiyev "Manas" aeroportidagi tranzit markazi taqdiri yuzasidan Vashingtonni yil oxirigacha bir qarorga kelishga undagan.

Amaldagi ijara 2014-yilning iyul oyida bitadi. Undan keyin Amerika nima qilmoqchi, Bishkekka noma'lum.

Qirg'iziston 2014-yildan keyin "Manas" tranzit markazi tijoriy-fuqaroviy obyektga aylanishini taklif qilmoqda. Vashington bunga qachon va qanday javob beradi, bu ham mavhum.

Obama ma'muriyati pozitsiyasi shuki, 2014-yilga qadar Afg'onistondagi qo'shinlar butunlay vatanga qaytadi. "Manas" o'sha davrgacha muhim rol o'ynaydi. Undan keyin bu baza Amerikaga qanchalik kerak degan savolga diplomatlar javob bermaydi.

Bishkekdan taniqli tahlilchi, tajribali diplomat Orozbek Moldaliyev nazarida muzokaralar davom etayotir va bu tabiiy hol.

Ikki davlat arboblari va ekspertlari bu masalani obdon o'rganib, o'zaro maslahatlashib, keyin bir qarorga keladi, deydi u. Kelajakda vaziyat qanday bo'ladi, Afg'onistondagi ahvol yaxshilanadimi, bu ham muhim omil. Shu bois, hozirdan biror xulosaga borish qiyin, deydi Moldaliyev.

Kechagi muzokaralardan shu narsa aniqki, deydi kuzatuvchilar, ikki davlat orasidagi hamkorlik kengayishda davom etadi.

Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri
Leon Panetta, AQSh Mudofaa vaziri
Hukumat shunday bir qarorga kelsinki, u xalq manfaati uchun xizmat qilsin. Har bir davlat o'z manfaatini ko'zlaydi. Hamkorlik kaliti - o'zaro manfaatlarni anglashda, deydi Moldaliyev.

Buni ayrim ekspertlar va jurnlalistlar "savdolashish" deb ta'riflashi mumkin, ammo aslida muzokaralarda o'sha o'zaro manfaatli jihatlar ustun turadi. Diplomatlar va siyosatchilar oldidagi vazifa oson emas, deydi suhbatdosh.

Prezident Almazbek Atambayevning qayd etishicha, AQSh havo kuchlari 2014-yilda "Manas" dan chiqadi va bu yer tijoriy yuk olib o'tiladigan markazga aylanadi.

Bishkek bu bilan o'ziga xos siyosiy-iqtisodiy maqsadlarni ko'zlamoqda, deydi tahlilchilar.

Yaqinda Anqaraga safar qilganida prezident Atambayev bu haqda gapirib, yangi obyekt Turkiya va Rossiya singari davlatlar tomonidan ham qo'llanishi mumkin degan edi.

"Bu haqda hali ancha muzokara bo'ladi, fikr almashiladi, tahlil qilinadi. 2014-yilgacha vaqt bor. Prezident yakuniy bir qarorga kelmagan hozircha", - deydi Moldaliyev.

Manfaatlar uyg'unlashuvi bu masala hal etilishida asosiy omil, deya takrorlaydi arbob.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG