Breaking News

Qirg’iziston-Rossiya orasidagi bugungi munosabatlar


Qirg’iziston-Rossiya diplomatik munosabatlari o’rnatilganiga 20 yil to’lishi arafasida Bishkekka safar qilgan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qator bitimlarga imzo chekdi. Uchrashuvlarda asosan gumanitar sohadagi hamkorlik muhokama qilingan.

“Rasmiy Moskva Amerikaning Qirg’izistondagi tranzit yuk tashish markazi, Manasga qarshi chiqayapti deyish to’g’ri emas”, - dedi Lavrov, mahalliy jurnalistlar bilan suhbatda.

Rossiya 2014-yildan keyin bu markaz yopilishi haqidagi rejaga hurmat bilan qaraydi, deya ta’kidladi u.

Taniqli diplomat, Qirg’izistonning sobiq davlat kotibi Ishenboy Abdirazaqovning aytishicha, Rossiya tashqi ishlar vaziri ehtiyotkorlik bilan 2014-yildan keyin Afg’onistondagi vaziyat qanday bo’lishi mumkinligi haqida fikr bildirdi.

“O’ylaymanki, u yerdagi vaziyat rivojiga qarab va asosiy xorij kuchlari olib chiqib ketilgandan so’ng, xalqaro miqyosda Afg’oniston masalasida biron qaror qabul qilinsa kerak. Ehtimol oz sonli kuchlar qolar ham”, - deydi Ishenboy Abdirazaqov.

"Manas" tranzit markazi
"Manas" tranzit markazi
“Aytish joizki, Afg’onistondagi vaziyat nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiyaga ham o’z ta’sirini bildirmay qolmaydi va shu bois bu masala bizning mamlakatlar diqqat markazida turadi”, - deya davom etadi sobiq davlat kotibi.

Sergey Lavrovning Qirg’izistonga tashrifi chog’ida tomonlar qator bitimlarga imzo chekkan. Gumanitar sohada hamkorlik borasida so’z borgan. Iqtisodiy aloqalarga kelsak, Bishkek matbuoti yirik qirg’iz-rus loyihalari, aytaylik, gidroenergetika masalalarida, qog’ozda qolib ketayotganidan tashvish bildirib kelmoqda.

“Gumanitar sohadagi aloqalar ozmi-ko’pmi rivojlanayapti. Lekin bu aloqalar ham yanada tezroq taraqqiy etishi lozim. Iqtisodiy, ayniqsa, bizning mamlakat uchun muhim bo’lgan elektroenergetika sohasidagi aloqalarga kelsak, bu yerda aniqlik zarur. Yoki bu loyihalar Rossia yordamida amalga oshiriladi, yoki qandaydir xalqaro ochiq konsorsium tuzilishi kerak. Shu xolis, ya’ni bu borada masalani ochiq-oydin qo’yish va yechish lozim”, - deydi suhbatdosh.

Keyingi paytlarda ayrim kuzatuvchilar Moskva-Bishkek munosabatlarida bir oz sovuqlik paydo bo’ldi, deb gumon qilayotir. Tahlilchilar qirg’iz hukumati rus mulozimlarini tanqid ostiga olgani, ayrim savollarda qat’iyat namoyish etayotganiga e’tibor qaratadi.

“Har bir mustaqil davlatning o’z milliy manfaatlari bor. Rossiya bilan an’anaviy do’stlik va hamkorlik munosabatlarimizni saqlagan holda, biz boshqa mamlakatlar bilan aloqalarni cheklamasligimiz kerak”, - deydi Ishenboy Abdirazaqov.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta yaqinda Bishkekda bo'lib, "Manas" ni ko'zdan kechirdi. Amerika Qirg'izistonga tranzit markazi uchun yiliga 60 million dollar to'laydi.
AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta yaqinda Bishkekda bo'lib, "Manas" ni ko'zdan kechirdi. Amerika Qirg'izistonga tranzit markazi uchun yiliga 60 million dollar to'laydi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Qirg’iziston rasmiylari uchrashuvida tomonlarning xalqaro tashkilotlardagi pozitsiyalari ham muhokama qilindi. Matbuot anjumanida Qirg’izistonda rus tili ahvoli haqida ham so’z borgan.

So’nggi kunlarda Qirg’izistonga AQSh va Rossiyaning qator yuqori martabali vakillari tashrif buyurgani ko’zga tashlanadi.

“Xalqaro munosabatlarda ba’zan vaziyatga qarab, kichik davlatlar ham o’ziga katta diqqat-e’tibor tortadi. Biz esa o’z imkoniyatlarimizni va strategik manfaatlarimizni to’g’ri va aniq baholagan holda ish olib borishimiz darkor. Bir davlatga bog’lanib qolmay, biz bilan hamkorlikni istagan boshqa mamlakatlar bilan ham munosabatlarimizni rivojlantirish lozim”, - deydi tahlilchi, Qirg’iziston sobiq davlat kotibi Ishenboy Abdirazaqov.

XS
SM
MD
LG