Breaking News

Qirg'izistonda o'nlab davlat korxonalarini sotish rejada


Qirg’iziston parlamenti davlat mulkini xususiylashtirishga doir yangi dasturni olg'a surmoqda. 2014-yilgacha rejaga ko’ra, salkam 60 yirik korxona davlat tasarrufidan chiqadi. Buning mamlakatga va fuqarolarga foydasi qanday?

Jarayon davlat mustaqillikka erishgan yillardanoq boshlangan.

Hukumat qoshidagi Davlat mulki jamg’armasi rahbari o’rinbosari Almaz Primovning aytishicha, Sovet Ittifoqi qulagach, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida bunga zarurat tug’ilgan.

“1991-yildan 2012-yilgacha sakkiz xususiylashtirish dasturi qabul qilingan. Har biri o’zidan avvalgi dasturlar tajribasini inobatga olgan holda amalga oshirilgan va oshirilayotir”, - deydi Primov.

Parlament kuni-kecha qo’llab-quvvatlagan loyiha qariyb 60 korxonani sotuvga qo’yishni ko’zda tutadi. Deputatlar “Qirg’iztelekom” kompaniyasini hozircha ro’yxatidan olib qo’ygan.

“Albatta, biz iqtisodiyotimiz ravnaqiga turtki berishi mumkin bo’lgan yirik strategik davlat obyektlarini xususiylashtirishga urg’u berishni xohlardik. Ammo hozircha qator iqtisodiy, siyosiy masalalar bunga imkon bermayotir”, - deydi Primov.

Ayrim iqtisodchilar nazarida hozircha privatizatsiya kutilgan natija bermayapti.

O’shlik yosh iqtisodchi olim Alisher Yusupov:

“Qirg’izistonda ko’plab obyektlar arzon narxda puldor shaxslar tomonidan sotib olinib, ular o’sha joylarni xohlagancha ishlatishni boshladi. Menimcha, o’lkamiz so’nggi yillardagi xususiylashtirish jarayonidan uncha ko’p narsa yutmadi”, - deydi u.

Suhbatdoshning aytishicha, davlat mulkini sotish aslida to’g’ri qadam.

“Ammo bunda ancha xatolarga yo’l qo’yilgan. Juda ko’p ishxonalar, zavodlar talon-taroj bo’ldi, ularning jihozlari, uskunalari temir sifatida Xitoy va boshqa o’lkalarga sotilib ketdi. Ammo Qirg’iziston uchun strategik hisoblanmish elektr sohasini, yerosti boyliklarini, kommunal xizmat shirkatlarini davlat o’zida olib qolsa, yaxshi bo’lardi”, - deydi Yusupov.

Mahalliy mutaxassislar Qirg’izistonda bu savdo, asosan, Rossiya va Qozog’iston uslubini takrorlayotganini aytadi.

“Bosh qomusda davlat mulki xalqniki, deb yozilgani bilan natijada xususiylashtirish jarayonida bu mulk xalqniki emasligi ko’rinib qo’lmoqda. Rossiyada ham, Qozog’istonda ham, qolgan sobiq ittifoq o’lkalarida ham aholi buning yaxshi tomonini ko’rmadi deb o’ylayman”, - deydi Yusupov.

Qirg’iziston parlamentidagi muhokamada ham tashabbus oddiy fuqarolar manfaatlariga qanchalik javob berayotgani borasida savollar tug’ilgan.

Primovning aytishicha, kerak bo’lsa, xususiylashtirish lozim bo’lgan mulklarni birinchi navbatda mahalliy o’z-o’zini boshqarish tizimlariga taklif qilish mumkin.

“Ammo o’sha bino va inshootlarni saqlash va ishlatish uchun mablag’ kerak. Aytilgan tizimlarda esa kerakli mablag’ topilmaydi. Tabiiyki, bu inshootlarni puli bor odam sotib oladi”, - deydi Primov.

Mulozim fikricha, davlat mulki xususiylashtirish jarayonida har xil odamlar qo’liga tushmoqda. Ayrimlari mulkdan samarasiz foydalanib, oxir-oqibat yo’q qilgan bo’lsa, boshqalari ishni tuzukkina yo’lga qo’ymoqda.

Mahalliy matbuot privatizatsiya paytida poraxo’rlik keng tus olganini ta’kidlab kelgan. Mulozimlar hozir bunday ko’rinishga o’rin yo’q, deydi, sotuv ishlari ochiq-oydin o’tadi va bu hol korrupsiyaning oldini oladi. Lekin oddiy odamlar bu so’zlarga uncha ishonmaydi.

XS
SM
MD
LG