So’nggi haftalarda Qirg’iziston janubida muxolifat qator mitinglar o’tkazib, hukumatni layoqatsizlikda ayblamoqda, rahbarlarning iste’foga chiqishini talab qilmoqda.
Yangi hukumat ishga kirishganiga to’rt oy bo’ldi. Xo’sh, bu vaqt ichida nimalar qilindi? Qanday yutuqlar, muammolar ko’zga tashlanadi?
Janubiy Qirg’izistonning Jalol-Obod shahrida muxolifat yirik norozilik mitingi uyushtirgan. Unda yana bir hukumatni iste’foga chiqishi talab qilingan. Ayrim sharhlovchilar ham mahalliy ro’znomalarda chiqish qilib, hukumatning 100 kunga mo’ljallangan “Barqarorlik va munosib hayot” deb nomlangan dasturi qog’ozda qolib ketdi, demoqda.
Bishkeklik siyosatshunos, sobiq diplomat Orozbek Moldaliyevning aytishicha, hukumat va’dalarini amalga oshirishga harakat qilmoqda.
“Aytaylik, vazirliklar sonini qisqartamiz deyishgan, qisqartirdi. Qishloq xo’jaligiga imtiyozli kreditlar ajratdi va hokazo. 100 kunlik davlat dasturiga kelsak, hukumat 100 kunda sharoitni to’liq o’nglayman degan emas. Ular asosan “Barqarorlik va munosib hayot” loyihasiga tegishli hujjatlar, konsepsiyalar, strategiyani ishlab chiqishga urinmoqda”, - deydi Orozbek Moldaliyev.
“Bunga qaramay, dastlabki natijalar ko’zga tashlanib turibdi. Mana ijtimoiy sohada katta o’zgarishlar yuz berdi. Byudjet tarmog’idagi xodimlar maoshlari oshirildi, pensiyalar miqdori oshirilmoqda. Hukumat narx-navoni oshib ketishiga imkon qadar yo’l qo’ymayapti. Bu narsalar, albatta, ijobiy baholanishi kerak. Menimcha, aholining yirik qismi buni to’g’ri tushunayapti. Hukumat 100 kunlik dastur qabul qildi. Ana shu dastur doirasida tub o’zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun esa vaqt kerak”, - deydi Ahmadjon Mahamadjonov.
Suhbatdoshlarga ko’ra, ayni paytda hukumatning dastlabki qadamlarida tanqidga loyiq ko’rinishlar ham yo’q emas.
“Hukumat juda yaxshi ishlayapti ham deya olmaymiz. Reformalar doirasida moliyaviy politsyani tarqatib, o’rniga iqtisodiy jinoyatlarga qarshi davlat tizimini tuzmoqda. Bu borada bir qancha qiyinchiliklar bor. Konkurs asosida xodimlar olinishiga qaramay, har kim o’z odamini u yerga joylashtirishga harakat qilmoqda. Qolgan reformalar ham juda sekin amalga oshrilmoqda. Tezkor qadamlar oz tashlanayapti. O’zgarishlar ko’rinmayotganining sababi shunda”, - deydi siyosatshunos Orozbek Moldaliyev.
Ahmadjon Mahamadjonovga ko’ra, rejalarni amalga oshrishga to’sqinlik qiluvchi asosiy sabablar – mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy ahvol beqarorligi. “Hukumatning ayrim nuqsonlari balki ana shunday mitinglar bo’lishiga turtki berayotgandir. Ayrim vaqtlarda moliyaviy resurslardan foydalanishdagi, davlat byudjetini tuzishdagi kamchiliklar, dehqonlarga 7 foizli imtiyozli kreditlar berish masalasi yana oqsab qoldi, chunki rejalashtirishda juda katta kamchiliklarga yo’l qo’yilgan bo’linsa kerak”, - deydi u.
100 kunlik dasturda davlat boshqaruv tizimlari tarkibini 20 foizga qisqartirish, xususiy mulkka qasd qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish, byudjet taqchilligini ozaytirish kabi rejalar bor. Ayni paytda kadrlar masalasi asosiy og’riqli nuqta bo’lib qo’layotir.
Suhbatdoshlarning aytishicha, yosh iqtidorli mutaxassislarga haligacha yo’l ochilmagan, kursilarni eski mulozimlar egallab kelmoqda.
“Kadrlar siyosatida bir necha xatolar bor. Buni jamoatchilik ham ko’rmoqda. Yangi, toza insonlar oz. Bir-ikkita ismlar aytilgan bilan asosan hukumatda eski odamlar ishlamoqda”, - deydi Moldaliyev.
“Menimcha, asosiy kamchiliklaridan biri – kadrlar tanlashda xatolarga yo’l qo’yilayotgani. Mana bir necha vazirlarni oling, vazirliklarda ishlar nihoyatda yomonlashib ketdi, lekin vazirlar qoldi. Nima sababdan bunday bo’layotganini ayrim vaqtlar tushunish ham qiyin”, - deydi o’shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov. Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, hukumatni sustlikda ayblayotgan va uning iste’fosini talab qilayotgan muxolifatning o’zida mamlakat iqtisodiyotini ko’tarish va ijtimoiy masalalarni yechish uchun aniq va samarali dastur yo’q.
“Muxolifat hukumatga “sizning loyihalaringiz ishga yaramadi, bizning dastur bo’yicha ishlash kerak, va’dalaringiz ustidan chiqa olmadingiz, shuning uchun o’rinlarni bo’shatib qo’ying”, deb aytsa, haqiqatga yaqin bo’ladi”, - deydi bishkeklik siyosatshunos Orozbek Moldaliyev.
Ko’pchilik mahalliy mutaxassislar nazarida, to’rt oylik muddat hukumatning faoliyatiga baho berish uchun yetarli emas. Jo’jani kuzda sanaydilar, deydi ular.