Qirg’izistion hukumatining Rossiya, Belarus va Qozog’iston orasida tuzilgan boj ittifoqiga qo’shilish qarori bir necha oydan buyon qizg’in muhokamada. Qirg’iziston iqtisodiyoti bundan qanchalik naf ko’radi?
Qaror rasmiy Bishkekning eng jiddiy qadamlaridan biri sanaladi. Hozir maxsus guruh texnik masalalarni ko’rib chiqmoqda.
Poytaxtdagi Markaziy Osiyo erkin bozor instituti xodimlari ham o’z tahlilini e’lon qilgan. Institut tadqiqot bo’limi boshlig’i Aziz Iso fikricha, o’lkaning boj ittifoqiga kirishidan jiddiy ijobiy o’zgarish bo’lmaydi.
“Chunki ittifoq proteksionist tashkilot bo’lib, o’z manfaatlarini baland boj to’lovlari bilan muhofaza qilishni ko’zda tutadi. Ayni paytda ushbu davlatlar iqtisodiyotining tarkibi o’zgacha va ko’proq eksportga yo’naltirilgan. Qirg’iziston iqtisodiyoti esa ko’proq importga asoslangan. Shu bois biz ushbu tashkilotga kirsak, uchinchi mamlakatlardan kelayotgan mollar uchun boj to’lovlarini ko’tarishimizga to’g’ri keladi. Oqibatda mamlakat ichkarisida narx-navo ko’tariladi”, - deydi Aziz Iso.
Markaziy Osiyo erkin bozor institutining bildirishicha, Qirg’iziston Xitoy mollarini qayta eksport qilishdan mahrum bo’lishi tayin. Boj ittifoqida hal qiluvchi ovozga Rossiya ega bo’lishini nazarga olganda, Qirg’iziston tashqi iqtisodiy siyosatida mustaqilligini yo’qotishi hech gapmas, deya davom etadi suhbatdosh.O’shlik yosh iqtisodchi-olim Alisher Yusupovning aytishicha, Qirg’iziston ittifoqqa kirishda avvalo siyosiy manfaatlarni ko’zlayotganga o’xshaydi.
“O’ylaymanki, siyosiy yutuq bo’lsa-bo’ladiki, ammo boshqa tomondan o’lkamiz yutqazishi mumkin. Davlat byudjeti ko’p to’lovlarni yo’qotadi. Sababi, qo’shni Xitoyning mollarini qayta eksport qilishdan tushadigan pullar endi ozayadi, chunki boj soyuzida boj tariflari ancha yuqori”, - deydi Yusupov.
Rasmiy Bishkek ittifoqqa kirib nimadan yutmoqchi, degan savolga Aziz Iso:
“Ehtimol, bu qadam bizning qishloq xo’jaligimiz rivojlanishiga ma’lum turtki bo’ladi, ammo sanoat rivojiga yordam bermaydi. Qishloq xo’jaligi mahsulotlari chetga chiqib ketishi esa joylarda yana narx-navo oshishiga yetaklashi mumkin”, - deydi u.
Isoning aytishicha, Rossiya va Qozog’istondagi qirg’izistonlik muhojirlarning ahvoli o’nglanishi kutilmoqda.
“Lekin aslida bu masala ikki tomonlama muzokaralar, bitimlar yo’li bilan yechilishi kerak. Demoqchimanki, muhojirlar masalasi boj uyushmasiga to’g’ridan-to’g’ri bog’liq emas”.
O’shlik yosh iqtisodchi-olim Alisher Yusupov nazarida Qirg’iziston boj ittifoqiga kirgan taqdirda o’z manfaatlarini qat’iy belgilashi va himoya qilishi darkor. Masalan, eksport-import bo’yicha ma’lum imtiyozlarni talab qilishi kerak.Uningcha, ittifoqni deb Qirg’iziston tashqi iqtisodiyotda mustaqilligini yo’qotib qo’yadi, degan da’volar asossiz.
“XXI-asrda qaysi bir davlat ikkinchi davlatni iqtisodiy bosim yo’li bilan qaram qilib oladi, deganlar yanglishadi. Bunday imkoniyatlar yo’q”, - deydi u.
Tahlilchilar fikriga ko’ra, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo’lgan Qirg’iziston boj ittifoqiga kirar ekan, jiddiy tashkiliy va iqtisodiy masalalarni yechishga tayyor bo’lishi lozim. Ushbu qadam qanday natijalarga olib kelishini esa vaqt ko’rsatadi.