Breaking News

Qirg'iziston mintaqaviy boj ittifoqiga kirmoqchi


Qirg’iziston Bosh vaziri Doniyar Usenovning aytishicha, bu davlat yaqinda tuzilgan va Rossiya, Belarus va Qozog’iston tashkil etgan regional boj ittifoqiga kirishi mumkin.

Qirg’izistonda ushbu masalani o’rganish uchun maxsus komissiya tuzilgan.

“Hozirda bu komissiya tegishli qonunlar va hujjatlar tahlili bilan shug’ullanmoqda”, - deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan mulozimlardan biri. Xo'sh, bundan foyda nima?

“Aslida Jahon Savdo Tashkilotida bo’lganimizdan ko’ra, biz Rossiya, Belarus va Qozog’iston kirgan boj ittifoqiga kirganimiz yaxshiroq. Men neft mahsulotlari va temir savdosi bilan shug’ullanaman. Rossiyadan, masalan, neft mahsulotlarini sotib olganimizda ular bizdan har bir tonna uchin 194 AQSh dollarida boj haqi oladi. Agarda biz boj ittifoqiga a’zo bo’lsak, o’sha haqni to’lamaymiz. Natijada yonilg’i narxlari arzonlaydi”, - deydi Botken viloyatilik ishbilarmon Jenish Mamatov.

Qator mahalliy mutaxassislar fikricha Qirg’iziston boj ittifoqiga a’zo bo’lgan holda o’lka iqtisodiyotida ko’proq ijobiy natijalar sezila boshlaydi.

O’sh Tehnologik Universiteti professori, ekonomika fanlari doktori Sobit Obidjonov nazarida bu ittifoqqa a’zolik yangi imkoniyatlar ochadi.

“Birinchidan, boj to’lovlari yengillashadi. Ikkinchidan erkin iqtisodiy zonalar paydo bo’ladi. Elga foyda bo’ladi. Shu bilan o’zaro ishonch oshadi. Qirg’zistonga ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ma’naviy foydasi bor deb o’ylayman”, - deydi olim.

Ayni paytda Qirg’iziston Jahon Savdo Tashkiloti a’zosi. Rossiya, Belarus va Qozog'iston esa hozircha bu yirik uyushmaga kirmagan. Bosh vazir Doniyar Usenov fikricha, ushbu a’zolik regional savdo bloklariga kirishga to’sqinlik qilmaydi.

“Biz o’z vaqtida qonunlarni Jahon Savdo Tashkilotidagi a’zoligimizga moslashtirib tuzganmiz. Boj ittifoqiga kirilsa, ularning mollariga ham imtiyoz berishimiz kerak bo’ladi. Bu o’rinda qonunlarni biroz o’zgartirishimiz lozim”, -deydi ishbilarmon Jenish Mamatov.

“Rossiya qo’shni xalqlar bilan aloqalarini tiklashni ko’zlayapti. Yana bir tomoni – Qirg’iziston, Tojikiston ushbu ittifoqqa kirish niyatlarini bildirgan. Oxir-oqibat O’zbekiston ham kelajakda bu tashkilotni inkor qila olmasligi mumkin. Hozirgi iqtisodiy ahvoldan chiqich uchun foydasi bor bu ittifoqning”, - deydi professor Sobit Obidjonov.

“Qirg’zistonda narx-navolar ancha pasayadi. Yonilg’i narxlari tushgani uchun yuk tashishlar arzonlaydi. Bu esa o’z navbatida qirg’iz mollarining tashqi bozorda raqobatbardosh bo'lishiga yordam beradi”, - deb hisoblaydi ishbilarmon Jenish Mamatov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG