AQSh prezidenti Barak Obamaning bir yil davomida olib borgan siyosati Markaziy Osiyo, xususan, Qirg’izistonda ham tahlil ostida.
Obamaning mintaqa va islom dunyosi bilan munosabatlarda yangi sahifa ochish tashabbusi alohida qiziqish uyg’otgan, bu arbobga munosabat bo’lakcha.
Obamaning saylanishini aksar qirg’izistonliklar iliq kutib olgan va umid ko’zi bilan qaragan edi. Dastlabki bir yil davomida uning rahbar sifatida siyosati, ayniqsa, islom dunyosi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari turlicha, asosan, ijobiy baholanmoqda.
“Musulmon o’lamiga Amerika davlat boshqaruvchisi hurmat ko’zi bilan, katta bir qalb bilan yondashsa, avvalambor o’zining yutug’i. Kelajakda musulmon ahlining ham hurmatiga sazovor bo’ladi”, - deydi o’shlik muallim.
“Amerika dollarining mavqei qanday bo’lishi bizning iqtisodiyotimizga juda katta ta’sir ko’rsatishi mumkin. Barak Obama iqtisodiy aloqalarni yana ham mustahkamlab, Qirg’izistonga investisiyani ko’paytirishini umid qilamiz”,- deydi tadbirkor Bahodirjon.
“Obamaning so’zlarini eshittik. Afg’onistonga yana qo’shimcha 30-35 ming askar yuboramiz,deyapti. Bu narsa masalani hal qilolmaydi”, - deydi taksi haydovchisi.
Taniqli qirg’iz shoiri Abdurashid Urboyev so’zlariga ko’ra, prezident Obamaning tashqi siyosati dunyoda keskinlikni bir qadar kamaytirgan va demokratik qadriyatlar ustivorligiga hissa qo’shgan.
“Barak Obama o’z qarashi bo’yicha liberal-demokrat hisoblanadi. Uning hokimiyatga kelishi yaxshi natijalar berayapti deb o’ylayman. Masalan, Ukrainada, Gruziyada demokratiyani taraqqiy ettirish masalasida o’zgacha siyosat yurgizib katta ishlar olib borilmoqda”, - deydi u.
Mahalliy tahlilchilar nazarida o’tgan yil Qirg’iziston-AQSh munosabatlarida ijobiy siljishlar ko’zga tashlangan. Qator iqtisodiy loyihalar amalga oshgan. Qirg’iziston Amerikaning Afg’onistonda barqarorlik o’rnatish harakatlariga hissa qo’shgan. Bishkek orqali Afg’onistonga yuk yetkazish masalasi ijobiy yechilgan.
“Qirg’izistondagi Amerikaning havo bazasi boshqa nom bilan – tranzit yuk markazi deb saqlanib qoldi. Bizning davlatning yutug’i – 60 million AQSh dollari ijara haqi oladigan bo’ldi. Markaziy Osiyo davlatlari va Amerika munosabatlarini oladigan bo’lsak, hanuzgacha aniqlik yo’q. Shu sababli bo’lsa kerak hozirgacha ushbu davlarlarga AQShning biror yirik davlat arbobi kelgani yo’q”, - deydi siyosatshunos, O’sh davlat universisteti professori Arap Anarbayev.
Siyosatshunos nazarida ayni paytda prezident Obama ma’muriyatining islom va arab dunyosi bilan ma’lum darajada yaqinlashuvi sezilsa-da, jiddiy siljishlar hozircha yo’q.
“Barak Obama butun dunyoda o’zgarish yasayman deb va’da qilgan edi. Shu jumladan, musulmon, islom dunyosiga ham o’z munosabatini bildirgan edi. Masalan, Iroqda urushni to’xtatish, Afg’onistonda toliblar harakatiga qarshilik hamda Isroil-Falastin davlatlarida osoyishtalik o’rnatish masalalari bo’yicha uning yaxshi g’oyalari bo’lgan. Lekin amalda ushbu narsalar ro’yobga oshmayapti. Mana Iroqda o’zaro to’qnashuvlar to’xtamayapti. Har kuni o’nlab insonlar qurbon bo’layapti. Afg’onistondagi urush to’xtash o’rniga yana ham avj oldi. Hattoki, qo’shni Pokiston hududiga ham o’tib ketayapti”,- deydi Arap Anarbayev.
Yozuvchi Abdurashid Urboyev fikricha, prezident Obamaning imkoniyatlari ham cheklangan va bu ma’noda uning ma’muriyatidan yirik va keskin o’zgarishlarni kutish to’g’ri emas.
“Albatta, u o’zi bir yil ichida Amerika siyosatini yuz foiz o’zgartira olmaydi. Nega deganda, Amerikada eng kuchli prezident ham barcha masalalarni o’zi yecha olmaydi. U har xil siyosiy kuchlar, badavlat guruhlar bilan hisoblashishga majbur”, - deydi shoir Urboyev.
Markaziy Osiyo o’lkalari Rossiya, Amerika va Xitoy kabi yirik davlatlar manfaatlari doirasiga kiradi. Bu borada rasmiy Bishkek va Vashington qanday yo’l tutishi mumkin degan savol tug’iladi.
“Qirg’iziston singari davlatlar yirik o’lkalar o’rtasida kichik bir o’yinchi bo’lib qolishi kerak emas. Shu jihatdan Amerikaning harbiy bazasi Qirg’izistonda turgani tarozini tenglashga sharoit yaratadi. Ayni paytda bizning davlat bir tomonli siyosat olib borishi kerak emas”, - deydi professor Arap Anarbayev.
Qirg’izistonda Barak Obamaning obro’si balandligicha qolmoqda. Bu hol saqlanib qoladimi-yo’qmi, buni vaqt va amaldagi ishlar ko’rsatadi.