Qirg’izistonda Kurmanbek Bakiyev ikkinchi bor prezident qasamyodini keltirib, yangi muddatini boshlar ekan, xalqaro tashkilotlar saylov odil va erkin o’tmadi deya shikoyat qilishda davom etmoqda.
Bakiyev shanba kuni Issiqko’lda o’tgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining oliy darajali uchrashuvida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan harbiy memorandumga qo’l qo’yib, bu davlatga Qirg’iziston janubidagi harbiy bazadan foydalanishga ruxsat berdi.
Hujjat bir batalyongacha qo’shimcha kuch joylashtirishni ko’zda tutadi. Shuningdek, qirg’iz va rus harbiylari uchun mashq markazi ochish rejalangan. Shartnoma 49 yilga tuzilib, uzaytirishi aytilgan.
Aksar mahalliy tahlilchilarga ko’ra, Qirg’iziston-Rossiya munosabatlari, jumladan, harbiy-texnik hamkorlik rivoji ushbu mamlakat milliy manfaatlariga to’la javob beradi.
Milliy va mintaqaviy hafvsizlik masalalari bo’yicha mutazassis, polkovnik Leonid Bondaretsning aytishicha, iqtisodiy tomondan olganda, Rossiya Qirg’izistonning eng katta kreditori hisoblanadi. Masalan, Qambarota-1 gidroelektrostansiyasi qurilishi uchun 1.7 milliard AQSH dollari ajratgan. Bunday katta kreditni Qirg’izistonga hozirgacha hech kim bermagan, deydi Leonid Bondarets.
Mutaxassis nazarida Rossiya butun mintaqa davlatlari uchun muhim hamkor bo’lib, hududda xavfsizlikni ta’minlashda katta rol o’ynaydi. Rossiya qo’shimcha kuchlarining Janubiy Qirg’izistonda joylashishi, ayniqsa, tashqi xafvning oldini olishga xizmat qiladi, deydi kuzatuvchi.
Qirg’izistonda Rossiya harbiy bazasi kengayishi Qirg’iziston-O’zbekiston yoki Qigiziston-Xitoy munosabatlariga ta’sir qilishi mumkinmi, degan savolga polkovnik shunday javob beradi:
“Nazariy tomondan olganda har narsa bo’lishi mumkin. Amalda nima bo’lishini hozircha aytish qiyin. Men shuni bilamanki, agar Janubiy Qirg’izistonda rus harbiylari joylashsa, qo’shni mamlakatlar bilan muammolarimiz ozroq bo’ladi”, - deydi harbiy tahlilchi.
Sammit arafasida qator o’zbek tahlilchilar rasmiy Toshkent O’zbekiston chegarasi yaqinida o’zga mamlakat kuchlari joylashishiga qarshi ekanini aytgan. Ammo bu borada rasmiy munosabat hozirgacha e’lon qilinmagan.
O’shlik tahlilchi Odiljon Obidovga ko’ra, Cho’lpon-ota shahridagi sammitda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov rasmiy bayonot bermagan.
Ayrim tahlilchilar Qirg’iziston chegara hududdlarida uchinchi mamlakatning harbiy kuchlari joylashishi qo’shni davlatlarda tashvish uyg’otishi va ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishi mumkin, deydi.
Siyosatshunos Alisher Hamidov soz’lariga ko’ra, hozirda rasmiy Bishkek va Toshkent orasida yechilmagan bir necha muammo bor. Janubiy Qirg’izistonda yana bir Rossiya harbiy bazasi ochilishi ikki davlat munosabatlarini chigallashtirilishi ehtimoldan xoli emas.
Qator kuzatuvchilar nazarida Rossiyaning Qirgizistondagi harbiy bazasining kengayishi Moskvaga mintaqada o’z mavqeini kuchaytirishga imkon beradi. Qirg’iziston esa Rossiya qudratiga tayangan holda o’z manfaatlarini himoya qilishi va maqsadlarini amalga oshirish yo’lida foydalanishi mumkin.
Oddiy odamlar hududda askarlar ko’payishi nimaga olib kelishini xomcho’t qiladi. Kimgadir bu yangi ish o’rinlari demak, kimningdir savdosiga foyda.