Breaking News

Qirg'izistonda yana bir inqilob, 75 kishi halok bo'lgan


Yangi, muvaqqat hukumat

Qirg'izistonda qurolli namoyishlar va qonli to'qnashuvlar ketidan muxolifat hukumatni o'z qo'liga olgan.

Sobiq tashqi ishlar vazirasi Roza Otunbayeva mamlakatning muvaqqat rahbari deb e'lon qilingan.

Qurmanbek Bakiyev hali rasman prezidentlikdan ketmagan, ammo Bishkekni tark etgani ma'lum. Taxminlarga ko'ra, u mamlakat janubiga qochgan.

Doniyor Usenov bosh vazirlikdan ketgan.

Parlament tarqatib yuborilgan va olti oy ichida yangi rahbariyat uchun saylov o'tkazish rejalagan.

Vashington vaziyatdan xavotirda

AQShning Qirg'izistondagi elchixonasi "g'alayondan juda tashvishdamiz, tomonlar ziddiyatni tinch yo'l bilan hal qilsin", deb da'vat etmoqda.

Ommaviy namoyishlar sabab Qirg’izistonda favqullodda holat e'lon qilingan.

7 aprel kuni Bishkekda hukumat idoralari oldida yig’ilgan olomon prezident Qurbanbek Bakiyev iste’fosini talab qilgan.

Muxolifat va militsiya o’rtasidagi to’qnashuvlarda Bishkekda 75 kishi o’lgan. 400 dan oshiq kishi jarohat olgan.

Ko'plab qozg'olonchilar qo'lida avtomatlarni ko'rasiz.

Mingga yaqin odam mamlakat Bosh prokuraturasiga bostirib kirgan.

KTR, davlat telekanali ham namoyishchilar nazoratiga o'tgan.

Milliy Xavfsizlik Xizmati bosh idorasiga ham hujum qilingan.

Namoyishchilar ichki ishlar xodimlarini do'pposlagan.

Militsiya esa ulardan kamida to'rt nafarini otib o'ldirgan.

Buzg'unchilik poytaxtning har tarafida ko'zga tashlanadi.

Avtomobillarga o't qo'yilgan. Jamoat markazlari va xususiy do'konlar vayron qilingan.

Namoyishlar mamlakat bo'ylab tarqalishi mumkin deya xavotir kuchayib bormoqda.

AQShning Bishkekdagi elchixonasi xalqni tinchlanishga undab, kelishmovchiliklar muzokara orqali hal etilsin deya chaqirgan.

Rossiya hukumati ham shunday chaqiriqlar bilan chiqqan. Namoyishlar ortida aslida Kreml turibdi degan mulohazalar safsata, deydi bu davlat rasmiylari.

Qirg'izistondagi voqealar qo'shni O'zbekistonda yoritilmayapti. Qozog'iston esa chegarani yopgan.

Bezorilik yoki erkinlik uchun kurash?

Sal avval Doniyor Usenov kecha xalqaro axborot vositalariga bergan intervyusida "hukumat ishi to'xtamagan, prezident idorasi va vazirliklar hamon xizmatda" deya bildirgan edi.

Usenov qozg'olonchilarni "banditlar" deb atagan va muxolifatni beqarorlik urug'ini sochayotganlikda ayblagan.

Guvohlarga ko’ra, militsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz va karaxt qiluvchi granata bilan minglab namoyishchilarni tarqatishga uringan.

Xavfsizlik kuchlari qurol ishlatayotgani ham ma'lum.

Muxolifat Talas, Norin, Qorako’l kabi viloyat markazlarini nazorat ostiga olgan.

Namoyishchilar mamlakat Ichki ishlar vaziri Moldomusa Kongantiyev va bosh vazir birinchi o’rinbosari Oqilbek Japarovni kaltaklagani haqida ham ma'lumotlar olingan edi. Boshqa xabarlarga ko'ra esa Kongantiyev o’ldirilgan.

Namoyishlar avjiga chiqar ekan, muxolifatning bir necha yetakchisi hibsga olingan edi, xususan sobiq bosh vazir Almazbek Atambayev va parlament sobiq spikeri Omurbek Tekebayev.

Yana bir lider, Temir Sariyev, kecha Moskvadan uchib kelganida aerportdan olib ketilgan.

Xalq narx-navo tobora oshib borayotganidan noliydi. Bakiyevning yaqinlari, deydi haloyiq, hukumatdagi yuqori lavozimlarni egallab olgan. Shuningdek, xususiy sektor va qurolli kuchlar ham Bakiyev oilasi qo'lida degan tanqidlar yangraydi.

Besh milliondan ortiq aholiga ega, korrupsiya chuqur ildiz otgan va iqtisodiy jihatdan nochor Qirg'izistonda Kurmanbek Bakiyev 2005 yilda "Qizg'aldoq inqilobi" orqali hokimiyatga kelgan edi. O'tgan yilgi saylovlarda prezidentlikka qayta saylangan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG