Qirg’iziston milliy xavfsizlik kengashi mintaqada diniy ekstremizm va radikalizm masalalari, bu illatga qarshi kurash yo’llarini muhokama qilgan.
Rasmiylar Afg’onistondagi jangarilar qo’shni davlatlarga kirishga urinayotganidan tashvishda.
O’shdagi “Islom hamkorligi markazi” nomli nohukumat tashkilot rahbari shayh Sodiqjon Kamolovning aytishicha, Qirg’izistonda ko’proq “Hizb ut-Tahrir” va ayrim arab davlatlarida faoliyat ko’rsatayotgan “Islom birodarligi” tashkilotlarining ta’siri tilga olinadi.
“Diniy radikalizmga qarshi kurash faqatgina kuch ishlatish salohiyatiga ega bo’lgan organlarning o’ziga tashlab qo’yilsa, ishni bitirish o’rniga qarama-qarshiliklar paydo bo’lib qolarmikin degan xavotirlarimiz bor”, - deydi Sodiqjon Kamolov.
Kamolov fikricha, masala ko’proq din arboblari, ulamolar, muftilar yordamida yechilsa ijobiy natijaga erishiladi.
Siyosatshunos Alisher Hamidov nazarida diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashni adolat va qonunlarga tayangan holda olib borish kerak.
“Menimcha, qonunlarni hayotga tatbiq etuvchi harakatlar bo’lsa, ushbu harakatlar aholini orasida ham hurmatga sazovor bo’ladi. Diniy ekstremizmga qarshi juda ham ko’p ishlar olib borilgan bo’ladi”, - deydi siyosatshunos.
Ayni paytda Qirg’izistonda qator tashkilotlar diniy radikalizmga qarshi qonunlarga o’zgartirish, cheklovlar kiritish tashabbusi bilan chiqqan va bu tuzatishlar kiritilgan. Alisher Hamidovning aytishicha, kuch tizimlari tomonidan olib borilayotgan ishlar dastavval qaysi bir ma’noda o’z samarasini bergan. Ammo radikal guruhlar a’zolari endi yashirin, orqavarotdan harakat qilishga o’tgan.
Suhbatdosh Janubiy Qirg’izistondagi Uzgen, Qorasuv shaharlaridagi sa’y-harakatlar natijda “Hizb ut-Tahrir” kabi radikal tashkilot a’zolarining qo’quvga tushganini qayd etadi.
“Varaqalar va boshqa diniy adabiyotlar tarqatish to’xtagan. Ammo bu davlat siyosatining yutug’i emas, balki salbiy tomoni”,- deydu tadqiqotchi Alisher Hamidov.
Hukumat diniy ekstremizmga qarshi kurashda rasmiy diniy uyushmalar harakati sust deb hisoblaydi. Kamolov nazarida bunds davlatning o’zi aybdor.
“Masjidlar xodimlarini moddiy rag’batlantirish darkor. Axir ular maosh olmaydi. Din davlatdan ajralgan deb ularni inkor etishadi-da, kerakli paytda din xizmatchilaridan foydalanishga urinishadi”,- deydi arbob.
Din ishlari bo’yicha davlat agentligining sobiq maslahatchisi, hozirda mustaqil tahlilchi Shamshibek Zakirov quyidagi fikrda.
“Imomlarning asosiy qismi madrasalarni bitirmagan, ma’lumot borasida hujjatga ega emas. Ular radikal diniy oqimlarga qarshi chiqishga qo’rqishadi, ko’pchiligining bu o’rinda bilimi yetishmaydi”, - deydi tahlilchi.
Mutaxassislar zikr etilgan masalada Qirg’iziston puxta o’lab, keng qamrovli harakat dasturiga muhtoj.