Rossiya va Qirg`iziston prezidentlari imzolagan memorandumga ko`ra, rus harbiy batalyoni Qirg`izistondagi bazadan 49 yil foydalanishi mumkin.
Bu muddat 25 yilga uzaytirilishi ham mumkin. Harbiy baza O`zbekiston chegarasi yaqinida barpo etilsa ajab emas, deydi tahlilchilar.
Issiqko`lda yakunlangan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi norasmiy sammiti yopiq eshiklar ortida o`tdi. Baza ochish masalasi sammit paytida ko’tarilmagan.
Sammit natijalari bo`yicha gapirgan tashkilot bosh kotibi Nikolay Bordyuja davlat rahbarlari harbiy baza masalasini muhokama qilmaganini bildirgan.
Matbuotda sammit tashkilotning keyingi taqdirini belgilovchi yig`in sifatida e`tirof etildi. Yopiq tarzda o`tgan uchrashuv tafsilotlari hozircha aniq emas.
Belarus va O`zbekiston Kreml yetakchiligidagi harbiy tuzilma a`zo davlatlar ichki ishlariga aralashadi, deya qarshilik bildirib keladi. O`zbekiston o`z chegarasi yaqinida Rossiya harbiy bazasi ochilishiga keskin qarshi, biroq bu borada rasmiy bayonot bildirmagan.
Sammitdan so`ng Qirg`iziston va Rossiya o`rtasida yangi harbiy baza ochish to’g`risida memorandum imzolanishi O`zbekiston pozitsiyasi ahamiyatsiz qoldrilganini ko`rsatadi. Islom Karimov norasmiy sammitda qanday fikrlar bildirgani hozircha noma`lum.
O'zbekiston-Qirg'iziston ixtilofi kuchayishi mumkin
Tahlilchilarga ko`ra, harbiy baza masalasi Qirg’iziston va O`zbekiston munosabatlaridagi ziddiyatlarni yanada keskinlashtirishi mumkin.
“Beqarorlik, ehtimol, u darajada kuchaymas, lekin Rossiya o`z ta`sirini o`tkazish nazaridan, mintaqa davlatlarini bir-biriga giz-gijlash nazaridan vaziyat beqarorlashishi mumkin ”, - deydi Faxriddin Nizomov.
Moskva siyosiy doiralari berayotgan izohlarga ko`ra, O`zbekiston yangi harbiy baza paydo bo`lishiga qarshi ekani rasmiy Toshkentning mintaqaviy ambitsiyalari bilan bog`liq.
Qirg`iziston bilan chegara muammolari hal etilmagan bir paytda O`shda Rossiya harbiy bazasi joylashishi Bishkekni rasmiy Toshkent bosimidan himoya qiladi, deydi ular.
Tahlilchi Abdusalom Ergashevga ko`ra, vodiydagi vaziyat haqiqatda jiddiy, harbiy ishtirok vaziyatni yanada chigallashtrishi mumkin.
“Qirg`iziston hududida yangi harbiy baza qurilishi juda og`ir masala. Hozirgi qirg`iz harbiylari, chegarachilarining oddiy aholiga munosabati juda qo`pol, faqat zo`ravonlikka tayaniladi. Bu munosabatlarda millatlar o`rtasidagi do`stlik haqida gap bo`lishi mumkin emas. Harbiy baza joylashib, huquq-tartibot organlari xodimlari yanada zolimlashadimi, degan qo`rquv bor”, - deydi tahlilchi.
Rossiya davlatlararo ziddiyatdan foydalanmoqda
Faxriddin Nizomovga ko`ra, Rossiya maxsus xizmatlari uchun mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirish qiyin emas.
“Ayrim tasdiqlanmagan manbalarga ko`ra, Turkiston Islom harakatining tashkil etilishi ham Rossiya maxsus xizmati vakillari ishtirokisiz kechmagan”, - deydi Nizomov.
Memorandumga ko`ra, shu yilning 1 noyabriga qadar Rossiya harbiy kuchlari qanday asoslarga ko`ra Qirg`izistonda joylashishi ko`rib chiqiladi.
Siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarovga ko`ra, qirg'iz hukumati asosan Rossiya sarmoyasiga umid bog’lamoqda.
“Qirg’iziston hozirgi iqtisodiy qiyin sharoitda bu sarmoyalarga qutqaruvchi vosita deb qarayapti”, - deydi sharhlovchi.
Mintaqaning bir necha davlatida Rossiya harbiylari joylashgan. Rossiya bu bazalar uchun ijara haqi to`lamaydi. Medevedevning Tojikistonda o`tgan muzokaralarida bu masala ko`tarilgan. Rossiya kelajakda Tojikistondagi harbiy bazasi uchun ijara haqi to`lay boshlashi mumkin.
Qirg`izistonda ochilishi kutilayotgan harbiy baza atrofida ham turli munozaralar mavjud. Bishkek harbiy bazani yangidan tiklashni taklif qilayotgan bo`lsa, Kreml amaldagi harbiy inshootlardan birida joylashishni maqsad qilmoqda.
Ekspertlarga ko`ra, moliyaviy imkoniyatlari cheklangan Rossiya mintaqadagi ishtirokini harbiylar evaziga ushlab turmoqchi.
“Moliyaviy inqiroz Rossiya iqtisodiga jiddiy zarar yetkazdi. Shu bois Rossiya mintaqadagi ishtirokini madaniy yo`l – sarmoyalar kiritish bilan saqlab qololmaydi. Yodingizda bo`lsa, Rossiya O`zbekistonga ham katta sarmoyalar kiritishga va`da bergan edi, vaqt o`tib bu unutildi. Moddiy imkoniyatlar yetishmagach, Rossiya mintaqaga harbiy yo`l bilan kirishga harakat qilyapti”, - deydi Faxriddin Nizomov.
O'zbekistonda tanlash imkoniyati ko'p emas
Kremlning harbiy baza ochish to`g`risidagi qarori rasmiy Toshkent o`z siyosatini G`arb tomonga burayotgan bir paytga to`g`ri kelmoqda. Sharhlovchilarga ko`ra, Rossiya harbiy ishtirokiga qarshi rasmiy Toshkentda keskin norozilik paydo bo`lishi ham shu jarayon bilan bog`liq. Rossiya bilan ittifoqchilik maqomida bo`lgan Toshkentdagi bu o`zgarish Kreml asabiga tegayotgan holatlardan biri.
Rossiya Dumasi deputati, MDH masalalari bo`yicha mas’ul Konstantin Zatulinning matbuotdagi intervyusiga ko`ra, Islom Karimov uchun G`arb yoki Moskvani tanlash fursati yetgan.
Sharhlovchilar nazarida Islom Karimov uchun tanlov imkoniyati qisqarib bormoqda. Keyingi paytda G`arb bilan tiklanayotgan aloqalar asosan Afg`onistondagi vaziyat og`irlashishi o`laroq amalga oshmoqda.
“Demokratik davlatlar munosabat o`rnatilishiga qarshi emas, faqat buning natijasini ko`rish kerak. Lekin O`zbekiston hukumati bunga tayyor emas. Hozirgi tiklanish uchun harakatlar ham bir o`yin bo`lishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.
Xudoyberganovga ko`ra, Rossiyaning hozirgi harakati sobiq ittifoq a`zolarini o`z ta`sirida saqlab qolish, G`arbni mintaqaga yaqinlashtirmaslik.
“Rossiya bu borada juda agressiv siyosat yuritmoqda. Bu mintaqa uchun juda xavfli natijlar bilan tugashi mumkin”, - deydi sharhlovchi.
Ekspertlarga ko`ra, hozirgi vaziyatda na, rasmiy Toshkent, na G`arb o’zaro aloqalar rivojlanayotganini namoyish eta olmaydi.
Yaqinda AQSh davlat kotibini o`rinboari Vilyam Berns, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili Pyer Morel O`zbekistonda bo`lib ketdi. O`zbekistonda G`arb diplomatiyasini belgilovchi har ikki rasmiyga mamlakatdagi inson huquqlari, fuqarolik jamiyati bilan bog`liq vaziyat og`irlashib borayotgani yetkazildi.
“Ularga O`zbekistondagi inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat qanday ekani tushintrildi. Biz ham muloqot tarafdorimiz, lekin keying paytda muloqot natijalari faqat yomon tomonga o`zgarimoqda. Munosabatlar tiklanishida inson huquqlari bilan bog`liq ahvol asosiy o`ringa chiqishi kerak”, - deydi huquq faoli Vasila Inoyatova.
O`zbekistonda G`arb demokratiyasiga ko`ra fuqarolik jamiyatini shakllantirishga harakat qilgan faollarning aksariyati qamoq jazosini o`tamoqda.