Breaking News

Xavfsizlikka tahdid – AQSh va O'zbekistonni bog'lovchi omil


Tolibon - umumiy g'anim

Tarixchi olim Fayzulla Is’hoqov fikricha, 11 sentyabr xurujlaridan keyin amalga oshirilgan eng jiddiy ish Tolibon hukumatining qulatilishi bo`lgan. Bu mintaqa davlatlaridagi xavotirni bir qadar yengillatgan.

“Iloji bo`lsa, ularni Afg'onistonni o'zida quritish kerak. Shunday bo`lgan taqdirda Usama bin Lodin yoki boshqalariga ham barham beriladi”, - deydi olim.

Toliblar ag`darilganiga sakkiz yil bo’libdi hamki Afg'onistonda vaziyat keskin, jangarilar qarshiligi ortmoqda, ular safi yangi guruhlar bilan boyimoqda, qurbonlar soni tinch aholi hisobiga ko'paymoqda.

“11 sentyabr voqealari mintaqaga ham ta’sir ko`rsatdi. Davlatlar AQSh boshchiligida aksilterror operatsiyasini qo’llab-quvvatladi. Lekin bugungi vaziyatga ko`ra, xavf to`la bartaraf etilgan deb bo`lmaydi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Xalqaro terrorizmga qarshi kurash kampaniyasini qo’llagan O`zbekiston Xonobodda AQSh harbiy bazasi joylashishiga ruxsat berib, Toshkent-Vashington aloqalari tez rivojlandi.

Keyinchalik AQSh bazasi yopilib, O`zbekiston va AQSh bir-birining keskin tanqidchisiga aylandi. Ayni paytda Afg`oniston va xavfsizlik masalasida hamkorlik qayta tiklangan.

Diniy ekstremizm sabablarini Toshkent va Vashington har xil ko'radi

Sharhlovchilar nazarida terrorizmga qarshi kurash, xavfsizlik masalasida AQSh va O`zbekiston manfaatlari uyg`un bo`lsa-da, diniy ekstremizmni yuzaga chiqarayotgan omillar bo`yicha tomonlar pozitsiyasi tubdan farq qiladi.

O`zbekistonda bir necha terrorchilik harakatlari kuzatilgan. Rasmiy Toshkent diniy ekstremistik tashkilotlarni ayblaydi. Hozirgacha yuzlab odamlar ekstremizmda ayblanib qamoqqa tashlangan. O`zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentda yuz bergan so`nggi qotilliklar, otishmalar ham diniy ekstremistlar, terrorchilar ishi demoqda.

AQSh Davlat departamenti O`zbekistonni diniy e`tiqod erkinligi keskin cheklangan davlatlardan biri, deb ta’riflaydi. Tazyiqlar dindorlarda norozilik, jamiyatda radikallashuvni kuchaytirmoqda.

“Hizb ut-Tahrir” fikri XXI asrga to`g’ri kelmaydi, lekin bu ularning fikri. Buning uchun hukumat ularni qamab, bolalarini yetim qilishi kerak emas. Jismoniy qiynoqlar bilan emas, fikr bilan kurashish kerak, ularni eshitish kerak. Aslida ularni tarafdorlari kam. Mustaqillikka chiqib ham odamlarni turmushi yaxshilanmadi, bu ham ta`sir qilgan” , - deydi huquq himoyachisi Sur’at Ikromov.

Afg'onistonda toliblar hukumatining ag'darilishi butun mintaqa uchun muhim

“Tojikistondagi voqealar, Andijon viloyatida yaqinda yuz bergan portlashlar, Qirg’izistonda jangarilar bilan bog`liq to`qnashuvlar - bular hammasi Afg`oniston shimolida jangarilar faollashgani bilan bog`liq va mintaqaga ta`sir etmasdan qolmaydi”, - deydi Abduvali Soyibnazarov.

Fayzulla Ishoqov fikricha, hammasi Afg`onistondagi hukumatga, shuningdek, mintaqa davlatlariga bog`liq.

“Mintaqa o`z sarhadlarini o`zi qo`riqlashi kerak. Bu esa davlatlardan muvofiqlashgan harakatni talab qiladi. Hozircha esa buni aksi kuzatilmoqda, bundan foydalangan Rossiya harbiy bazasini yana bittaga ko`paytirmoqchi. Agarda davlatlar birlashib harakat qilishganda Afg`onistonda toliblarga qarshi kurashayotgan kuchlarga ham yordami tegardi”, - deydi Is’hoqov.

Sharhlovchilar Markaziy Osiyodagi geosiyosiy maydonda AQShning paydo bo`lishini Rossiya va Xitoy bosimidagi mintaqada manfaatlar muvozanati uchun imkoniyat sifatida ko`rishadi.

“Davlatlarni o`z manfaatlari bor, ular bu manfaatlarni himoya qilishni turli yo`llarini izlashadi. Buyuk davlatlar hisoblashishga majbur bo`lishadi”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

Abduvali Soyibnazarov so’zlariga ko’ra, AQShning mintaqaga kirishi geosiyosiy maydonda o`zgarishlar, yangi loyihalar bilan kuzatilmoqda.

“Masalan, “Nabukko”ga o`xshah loyihalar qog`ozda qolayotgan edi. Bugun buyuk davlatlarni mintaqagi raqobatlari kuchayar ekan, energoresurslarini Yevropaga chiqarish, boshqa muqobil yo`llar qurish harakati tezlashgan”, - deydi Soyibnazarov.

Afg'oniston barqarorligi dengizga yo'l ochadi

Afg’onistonda barqarorlik o`rnatilishi O`zbekiston uchun nafaqat xavfsizlik, balki dengizga chiqishning muqobil yo`li sifatida ham muhim.

Siyosatshunos Goga Hidoyatov fikricha, O`zbekiston noqulay geosiyosiy joylashuvdan aziyat chekib keladi. Bevosita dengizga chiqish, dunyo bozoriga qo`shilish imkoniyati cheklangan.

“Afg`oniston orqali rejalangan temir yo`l qurilishi bu muammoga chek qo`yishi mumkin. Agar temir yo`llar quriladigan bo`lsa, toliblar tarafdorlari ham kamayadi”, - deydi u.

Ayni paytda Osiyo Taraqqiyot Banki moliyasi asosida Afg`onistonni O`zbekiston bilan bog`lovchi “Hayraton-Mozori Sharif” temir yo`lini qurish ishlari ketmoqda.
O`zbekiston Afg`oniston orqali Eron, Pokiston portlariga chiqishni rejalamoqda.

Afg`onsitonga noharbiy yuklar yetkazish bo`yicha O`zbekiston AQSh bilan hamkorlikda ishlamoqda. Munosabatlar iliqlashib AQSh harbiy bazasi O`zbekistonga qaytadi degan taxminlar mavjud. Biroq AQSh buni tasdiqlamagan.

XS
SM
MD
LG