Breaking News

O'zbeklar Hamid Karzaydan dadil va adolatli qarorlar kutmoqda


Afg'onistonda prezidentlikka qayta saylangan Hamid Karzay xalqqa korrupsiyaga qarshi keskin kurashib, tinchlik va birdamlikni ta’minlashga, farovon hayot uchun zamin yaratishga va’da bermoqda.

Prezidentlik kurashini ikkinchi turida qatnashishdan bosh tortgan Abdulla Abdulla esa saylov siyosiy nayranglar ostida o’tdi deydi.

Qo’shni davlatdagi o’zgarishlarni kuzatayotgan o’zbekistonliklar fikricha Abdullaning Hamid Karzayga bas kelishi qiyin edi. Lekin, deydi sharhlovchilar, Karzayning balandparvoz va’dalarining ustidan chiqishiga ishonch past.

“Karzayning tarafdorlari kuchli edi. Uni general Abdul Rashid Do'stum va uning yetakchiligidagi Junbushi Milliy Afg'oniston partiyasi ham qo'lladi. Boshqalar ham quvvatlashdi”, - deydi afg'onistonlik o'zbeklardan Ustoz Ziyoviddin.

Toshkentdagi siyosiy sharhlovchilardan biri fikricha Karzay ko'p jihatdan ma'qul nomzod edi.

“Karzay barcha tomonlarni, hatto o'ziga qarshilarni ham muloqotga chaqirmoqda. Muloqot bo'lsa, Afg'onistonda tinchlik bo'lishi mumkin. Korrupsiyaga botgan bo'lsa-da, Karzay bilan ishlasa bo'ladi”, - deydi u.

Afg'onistonda korrupsiyada asosan hukumatning o'zi ayblanadi. G'arb bu borada Karzayni keskin tanqid ostiga olgan.

Lekin "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbek ziyolilari nazarida korrupsiyadek siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy illatni tanqid bilan yengish qiyin. Unga qarshi kurash uzoq vaqt oladi.

“Afg'onistondagi hozirgi vaziyatga qarasak, bu jamiyatda korrupsiyani tez orada bartaraf etish mumkin emas. Balki 50, 100 yil kerakdir”, - deydi ism-sharifi oshkor etilishini istamagan sharhlovchi.

Ustoz Ziyoviddin singari afg'on o'zbeklari esa yangi hukumatga katta umidlar bog'lagan. Ular Karzaydan dadil qadamlar va adolatli qarorlar kutmoqda.

“Hukumatga yaxshi odamlarni, ishini biladiganlarni olib kelishi kerak. Agar avvalgi xatolarini takrorlamasa biror natija bo'lar”, - deydi u.

“Hech bir elat Afg'onistonda aholining 51 foizini tashkil etmaydi. Davlatda o'zbeklarning roli bor, ammo uni yanada kuchaytirish kerak. Oxirgi yillarda turkiylar o'z mavqeini ancha mustahkamladi. O'zbek tiliga rasmiy maqom berildi. O'zbek maktablari ko'paydi, kitoblar bor. Biz aholining 25-30 foizini tashkil etamiz axir”, - deydi Ustoz Ziyoviddin.

Prezidentlik saylovining birinchi bosqichida Hamid Karzay 50 foizga yaqin, uning raqibi Abdulla Abdulla esa 27 foizdan oshiq ovoz olgan edi. Jarayonda ko'plab xatolarga yo'l qo'yilgani BMT tomonidan ochiq tan olingan, Karzayga berilgan yuz minglab ovozlarning soxta ekani aniqlanib, ular bekor qilingan edi.

Saylovning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ketar ekan, Abdulla Abdulla tuzumga ishonmasligini aytib, poygani tark etdi. Bu bilan esa Karzay yagona nomzodga aylandi va shu tariqa g'olib deb e'lon qilindi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG