Breaking News

Afg'oniston: Abdulla Abdulla prezident poygasini tark etdi


Afg’oniston prezident saylovlariga 6 kun qolganda yana siyosiy inqiroz domida. Ikki nomzoddan biri, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla 7 noyabrga belgilangan poygani tark etgan.

“Hukumat ovoz berish jarayoni adolatli o’tishini ta’minlamoqchi emas. Jarayonga ishonch yo’q”, - deydi u.

Prezident Hamid Karzayning bosh raqibi Abdulla Abdulla saylovning birinchi bosqichida kuzatilgan qalloblik hollarini bartaraf etish maqsadida mustaqil saylov komissiyasi raisini yangilash, qonunbuzarliklarda qo’li borligi gumon qilingan rasmiylarni lavozimidan ozod etishni talab qilgan edi.

Talablar javobsiz qoldirilgan. Hamid Karzay hech biriga ko’nmagan.

Abdulla Abdulla qarorini bugun tongda Kobulda, qabila yetakchilari va tarafdorlari yig’ilishida e’lon qildi. “Men qo’ygan talablar bajarilmas ekan, chin saylovlar haqida gapirish qiyin”, - deydi u.

Abdulla tarafdorlaridan namoyishlardan tiyilishni so’ramoqda. “Afg’on xalqi manfaatlari, mamlakat kelajagini ko’zlagan holda shu qarorga keldim”.

Prezident so’zlovchisi Vohid Umar fikricha, Abdullaning qarori jarayonga ta’sir qilmasligi kerak. Uning aytishicha, saylovning ikkinchi bosqichi rejadagidek 7 noyabr kuni o’tadi.

Afg’onistondagi so’nggi o’zgarishlarga Birlashgan Millatlar Tashkilotining munosabati shuki, qanday ish tutish afg’on rasmiylarining o’ziga havola. “Mamlakat qonunchilik organlari, Mustaqil saylov komissiyasi va Oliy Sud bir qarorga kelishi lozim”, - deydi BMT vakili Olim Siddiqiy.

Afg’oniston konstitutsiyasida nomzod poygani tark etgan taqdirda ham saylov o’tkazilishi ko’rsatilgan. Ammo saylov komissiyasi rasmiylari Abdulla Abdulla qarorini noqonuniy deb hisoblaydi.

AQShning Kobuldagi elchixonasi “saylovni o’tkazishda yordamga tayyormiz” degan umumiy bayonot bilan cheklanmoqda. Davlat kotibasi Xillari Klinton “bu kabi holatlar har qanday demokratik jamiyatda oddiy hol, degan.

Prezident saylovlarining birinchi bosqichi Afg’onistonda avgust oyida o’tgan edi. BMT o’tkazgan tekshiruvda ovozlarning katta qismi soxta ekani aniqlangach, ikki asosiy da’vogar ishtikorida saylovni qaytadan o’tkazishga qaror qilingan edi.

Afg’onistondagi harbiy strategiya ustida bosh qotirayotgan prezident Barak Obama saylov natijasiga qarab bir qarorga kelishi kutilmoqda. Qo’mondonlar Obamadan 40 ming askar so’ragan.

XS
SM
MD
LG