Breaking News

Kuzatuvchilar: Afg'onistonda saylov qayta o'tkazilgani ma'qul


Afg’oniston Saylov Komissiyasi 20 avgustda o’tgan prezident va mahalliy saylovlar natijasini hisob-kitob qilar ekan, ovoz berish jarayoni yuzasidan shikoyatlar bir dunyo.

Janubiy viloyatlar qabila yetakchilari “ovozlarni qalbakilashtirishda politsiyaning qo’li bor, ular saylov uchastkalarini yopib, qutilarni minglab soxta byulleten bilan to’ldirgan” deydi.

Afg’oniston Saylov komissiyasiga ko’ra, prezident Hamid Karzay hisob bo’yicha bosh raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulladan oldinda ketmoqda. Amm0 saylov yuzasidan shikoyatlar tushishda davom etyapti. Hilmand viloyatidan qabila yetakchisi Hoji Mannon Abdullani quvvatlayman, lekin unga ovoz bera olmadim, deydi:

“Ovoz berish kuni bizning qishloqdan hech kim saylov uchastkasiga borgani yo’q. Shunday ekan, Karzayga berilgan 20 ming ovoz qayerdan paydo bo’ldi?”

Tolibon saylov oldidan “ovoz berganlarning barmog’ini kesib tashlaymiz” deb odamlarni ogohlantirgan edi.

AQSh Milliy Demokratik instituti xodimi Kristin Feyr saylov jarayonini kuzatganlardan biri. Yaqinda Afg’onistondan qaytdi.

“Xavfsizlikni bahona qilib, saylovchilarni ovoz berish huquqidan ayirish hollari haqida ko’p eshitdik. Bizga aytishlaricha, ayrim hududlarda xavf darajasi ataylab oshirib ko’rsatilgan, chunki bu joylarda amaldagi prezident ovoz to’plashi qiyin”, - deydi Feyr.

AQSh maxsus vakili Richard Xolbruk fikricha tortishuvlar bo’lishi tabiiy. “Qonunbuzarlik haqida ko’plab da’volar bo’lishini kutavering. Har bir demokratik jamiyatda shunday”.

Mahalliy va xorijiy mutaxassislardan tuzilgan Afg’oniston saylov shikoyatlari komissiyasi ayni paytda da’volarni ko’rib chiqmoqda. Ularning aytishicha, taftish nihoyasiga yetsagina natijani e’lon qilish mumkin bo’ladi.

Hozirgacha tushgan ariza-shikoyatlar 2 mingdan oshdi. 500 ga yaqini jiddiy tekshiruv talab qiladi. G’alaba uchun nomzod kamida 50 foizdan ko’p ovoz to’plashi kerak. Ammo qayta bellashuv o’tkazish ham yaxshi fikr, deydi kuzatuvchilar.

“Qayta saylov jarayonga xalq ishonchini oshirishda katta ahamiyatga ega. Davlat rahbari adolatli, xolis tarzda saylanishi kerak. Bu uzoq muddatda jangari harakatini yengishda ham qo’l keladi”, - deydi Kristin Feyr.

Yana bir kuzatuvchi Ken Vollakning aytishicha, xalqaro hamjamiyat saylov haqqoniy o’tishi uchun ko’proq yordam ajratishi kerak edi.

“Agar saylovni qayta o’tkazishga qaror qilinsa, bu xatoni tuzatish kerak. Dunyo davlatlari yetarli mablag’, ko’proq harbiy ajratishi lozim”.

Shikoyatlarni ko’rib chiqayotgan komissiya ikki hafta ichida xulosalarini e’lon qilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG