Afg'onistonda o'tgan prezident saylovlaridagi ikki asosiy nomzodning har biri g'alaba uniki ekanini da'vo qilmoqda. Amaldagi prezident Hamid Karzay vakillariga ko'ra, ikkinchi bosqichni o'tkazishga hojat ham yo'q. Biroq uning raqibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla so'zlovchisi g'alaba u tomonda ekanini aytmoqda.
Saylov komissiyasi rahbari Dovud Ali Najafiy ovozlarning barchasi hali hisoblanmagan, dastlabki natijalar bir necha kundan so'ng ma'lum bo'ladi demoqda. AQSh kuzatuvchilari saylov jarayonida bir qator qonunbuzarliklar bo'lganini tan olgan holda saylovlar umuman yaxshi o'tdi deydi.
Saylov kuni 15 viloyatda xurujlar bo'lgan. Jami 26 kishi o'lgan.
Prezident Karzay xalqning raketa, xuruj, do'q-po'pisalarni pisand qilmay saylovga chiqqanini olqishladi.
Saylovlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham kuzatgan.
Uning Afg'onistondagi elchisi Kay Eyde afg'on xalqi va saylov tashkilotchilari mamlakat kelajagi uchun muhim hisoblangan tadbirni o'tkazib jasorat ko'rsatdi deydi.
AQSh hukumati saylovlarga baho berishga shoshmayapti, chunki hozircha hattoki dastlabki natijalar ham ma'lum emas. Biroq shubhasiz, Qo'shma Shtatlar saylovlarni o'tkazishda katta yordam bergan. Texnik va moddiy tomondan, xavfsizlikni ta'minlashda. Shunga qaramay saylov kampaniyasi boshidan hech bir nomzodga yon bosmagan.
Oq uy kuzatuvchilari guruhiga AQShning Pokiston va Afg'onistondagi maxsus vakili, tajribali diplomat Richard Xolbruk boshchilik qildi.
AQSh davlat kotibining muovini P.J. Krouliga ko'ra, saylovlar bo'yicha xulosa chiqarishga hali erta, biroq ularning Tolibon do'q-po'pisalariga qaramay o'tkazilgani tahsinga sazovor.
"Kun boshida saylovga kam odam chiqqan bo'lsada, kechga borib saylovchilar soni keskin oshdi. Hozir qancha saylovchi ovozga chiqqanini aytish qiyin. Biroq aksariyat saylov uchastkalari belgilangandan bir soat ko'proq ishladi," deydi Krouli.
Unga ko'ra, Afg'onistondagi saylovlarga baho berilganda g'arb andozalari qo'llanilmaydi. Afg'on xalqining o'zi saylovlarga baho berishi kerak, deydi Davlat departamenti rasmiysi.
Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs afg'on saylovlarini demokratiya isboti deb atadi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton nomzodlar tarafdorlarini saylov natijalari ma'lum bo'lmasdan oldin hissiyotlarga berilmaslikka chaqirdi.
Yakuniy natijalar oy oxiriga yaqin e'lon qilinishi mumkin. Agar hech bir nomzod 50 foizdan ko'p ovoz to'plamasa, 1 oktyabr kuni ikkinchi bosqich o'tkaziladi.