Breaking News

Afg'onistonda saylov natijasi hali-beri ma'lum bo'lmaydi


Barak Obama ma'muriyati Afg'onistonda avjga chiqayotgan zo'ravonliklar va prezident saylovlari ketidan kuchayayotgan ziddiyatlardan xavotirda. AQShda esa jamoatchilik orasida urushga nisbatan norozilik kuchaymoqda.

AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Myullen Afg'onistondagi vaziyat jiddiy ravishda yomonlashmoqda deydi. O'tgan hafta AQShda o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijasiga ko'ra, so'ralganlarning 51 foizi urushni behuda deb atagan.

Bu hol, Myullen fikricha, tashvishga molik.

"Men Vyetnam urushi faxriysiman. O'sha urushda bo'lgani kabi, afg'on urushida ham jamoatchilik fikri muhim rol o'ynaydi. Raqamlarning tushib borayotgani tashvishlanarli," deydi admiral.

Unga ko'ra, Obama ma'muriyati yangi strategiya ishlab chiqib, ishni oxirigacha yetkazadi. Jangarilarning mintaqaga tahdidi shu qadar jiddiyki, AQSh u yerni hozircha tark eta olmaydi, deydi Myullen.

"Afg'oniston hali ham zaif davlat. Ekstremistlarning qayta hokimiyatga kelish ehtimoli yo'q emas. Ular Amerikaga qarshi yangi xurujlar rejalayapti," deydi u.

Bir necha hafta ichida AQSh kuchlarining Afg'onistondagi qo'mondoni general Stenli Makkristal Oq Uyga vaziyat tahlilini taqdim etishi kutilmoqda. Respublikachi senator Jon Makkeyn qo'shimcha askar safarbar etish kerak deydi.

Unga ko'ra, Afg'onistonda ham Iroqda qo'llanilgan taktikani ishga solish lozim.

"Ya'ni general Makkristal Afg'onistonda g'alaba qilish uchun qancha askar yetishmayotganini aniq aytishi kerak, shundan so'ng Kongress va prezident zarur chora ko'rishi lozim," deydi Makkeyn.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, AQSh qo'mondonlari Afg'onistonda qo'shinlar kamligidan nolimoqda.

Bu orada jangarilar xurujlarini to'xtatgani yo'q. NATOga ko'ra, kecha mamlakat janubida alyans ikki zobitini yo'qotgan. Bugun ham janubda NATO tarkibida xizmat qilayotgan estoniyalik ikki askar bombadan halok bo'lgan.

Prezident va viloyat kengashlariga saylovlar natijalari sentyabr o'rtalarigacha ayon bo'lishi kerak edi, biroq saylovlarda qator qonunbuzarliklar o'rin olgani aniqlangach, bu jarayon cho'zilishi mumkinligi aytilmoqda.

Saylovlar bo'yicha ko'p shikoyatlar tushmoqda. Amaldagi prezident Hamid Karzayning asosiy raqibi doktor Abdulla Abdullaning da'vo qilishicha, Tolibon faol janibiy viloyatlarda jangarilar do'q-po'pisasi tufayli ba'zi saylov uchastkalari ishlamagan, biroq shunga qaramay u yerdagi ovozlar Karzay foydasiga yozilgan. Bundan tashqari, deydi Abdulla, atigi 10 foiz saylovchi ishtirok etgan uchastkalarda Karzay vakillari 40 foiz saylovchi ovoz bergan deya hisobot bergan.

Karzay tarafdorlariga ko'ra, doktor Abdulla shikoyatlarni saylov komissiyasi emas, matbuotda bayon qilish bilan masalaga siyosiy tus berib, vaziyatni o'z foydasiga hal qilmoqchi.

Jami 225 dan ziyod shikoyat tushgan.

Shikoyatlar bilan shug'ullanuvchi komissiya a'zosi Fahim Hakimning aytishicha, qonunga ko'ra, barcha shikoyatlar o'rganib chiqilmas ekan, saylov natijalari e'lon qilinmaydi.

"Bunga qancha vaqt ketishi noma'lum," deydi u.

Mahalliy axborot agentlikning norasmiy hisobiga ko'ra, prezident Karzay 71 foiz ovoz to'plagan bo'lishi mumkin.

Biroq saylov komissiyasi raisi Dovud Ali Najafiy bu raqam noto'g'ri deydi.

Unga ko'ra, ertadan boshlab komissiya ba'zi viloyatlar bo'yicha saylov natijalarini qisman e'lon qila boshlaydi. Saylovlarda jami qancha fuqaro qatnashgani ham hozircha oshkor etilmayapti.

Saylovlarning birinchi bosqichida hech bir nomzod 50 foizdan ko'p ovoz to'play olmasa, eng ko'p ovoz olgan ikki nomzod oktyabr boshida ikkinchi bosqichda bellashadi.

XS
SM
MD
LG