AQSh bilan Afg'oniston bo'yicha hamkorlik O'zbekistonga iqtisodiy imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Yaqinda AQSh kompaniyasi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi o’zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuv o’tkazgan.
Ekspertlarga ko’ra, Afg’oniston-O’zbekiston o’rtasidagi mavjud aloqalar tomonlar ehtiyojiga javob bermaydi. O’zbekiston Afg’onistonda nafaqat iqtisodiy ishtirokini, balki u yerdagi millionlab o’zbeklarni qo’llab-quvvatlash yuzasidan ham o’z siyosatini jadallashtirishi kerak.
Rasmiy Toshkent qo’shni davlat barqarorligi masalasini siyosiy muloqotda, aniqrog’i “6+3” guruhini tiklashda ko’radi. Prezident Islom Karimov NATOning Buxarestdagi yig’ilishida bildirgan bu tashabbus O’zbekiston uchun hamon dolzarb.
Ammo sharhlovchilarga ko’ra Afg’oniston hukumatining ishtirokisiz siyosiy muloqotga kirishish natija bermaydi.
Mahalliy kompaniyalar uchun biznes imkoniyat
11 mart kuni Toshkentda mahalliy biznesmenlar bilan uchrashuvda, AQSh kompaniyasi Afg’onistondagi harbiy qo’shin ehtiyoji uchun zarur qurilish mollari haqida axborot bergan. Tadbirda ishtirok etgan AQSh elchisi Richard Norland Afg’oniston bo’yicha hamkorlikning iqtisodiy istiqbollari haqida gapirgan.
O’zbekiston Kobulga elektr energiyasi yetkazib berayotgani, Termiz-Hayraton-Mozori-Sharif temir yo’li qurilishi - bunday hamkorlikning muhim jihatlari.
Bundan tashqari O’zbekiston Afg’onistonga noharbiy yuklar yetkazishda AQShning mintaqadagi yaqin hamkori. Bu boradagi hamkorlik qoniqish bilan ta’kidlansada, ayrim xabarlarga ko’ra yuk o’tkazish jarayoni muammolardan xoli emas.
Afg’onistonda tinchlik o’rnatishdagi siyosiy yondashuvlarda ham tomonlar pozitsiyasi farqli. O’zbekiston Islom Karimov tomonidan o’tgan yili NATO sammitida ko’tarilgan “6+3” guruhini tuzish tashabbusini hamon dolzarb hisoblaydi.
11 mart kuni O’zbekiston tashqi ishlar vazirligining “Jahon” axborot agentligi chiqargan “Afg’onistonda barqarorlik - butun mintaqada tinchlik” maqolasida Karimovning bu tashabbusi yana bir bor eslatiladi.
6+3 tashabbusiga qiziqish yo'q
Tashabbus mazmuni toliblar hukmronligi davrida Afg’onistonga qo’shni davlatlar, AQSh va Rossiya ishtirokida tuzilgan “6+2” guruhini bugun NATOni qo’shgan holda “6+3” shaklida qayta tiklashdan iborat. O’zbekiston rasmiylarining aytishicha, turli ekspertlar yoqlab chiqayotgan bu g’oya Afg’onistonda amaliyot yuritayotgan hamjamiyat tomonidan e’tiborsiz qoldirilmoqda.
“Afg’onistonda vaziyatni faqat harbiy yo’l bilan hal etib bolmaydi. Shuning uchun ham mojaroni siyosiy muloqot yo’li bilan hal etish uchun 6+3 guruhi tuzish tashabbusi ko’tarildi. Afg’onistonga katta moddiy va insonparvarlik yordamlari ko’rsatilishi kerak, BMT ishtirokida. O’zbekiston tomoni Afg’onistonda yovlashayotgan barcha ichki kuchlarni muzokara atrofida yig’ilishga chaqirmoqda”, - deydi bu borada siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.
AQSh harbiy unversiteti professori Rojer Kangas yaqinda Toshkentda bo’lib, “6+3” tashabbusiga shunday munosabat bildirdi:
“Bu borada ochiq aytishim mumkin, tashabbus albatta yaxshi ko’tarilgan. Unga Afg’onistonga qo’shni davlatlar jalb qilinmoqda. Biroq bu tashabbusga Afg’onistonni o’zi jalb qilinmas ekan, natija samarali bo’lishiga ishonch yo’q. Karzay hukumati qanday ishalyotganidan shaxsan men ham qoniqmayman. O’tgan saylovlar turli e’tirozlar uyg’otdi, uning legitimligi bo’yicha muammolar bor. Biroq bu muammolarni Karzay va Afg’oniston xalqini o’zi yechishi kerak”, - dedi professor Kangas.
Afg'onistonga yangi yo'llar
Mintaqada O’zbekiston Afg’oniston bilan transport yo’llari orqali tutashgan asosiy davlat. Sovet qo’shinlarining Afg’onistonga yurishi davrida muhim ahamiyat kasb etgan Termiz-Mozori-Sharif yo’nalishiga ehtiyoj yanada ortgan.
Bugun ushbu yo’nalish Hayraton ko’prigidan Mozori-Sharifgacha temir yo’l yotqizilishi hisobiga kengaymoqda. Osiyo Taraqqiyot Banki moliyalashtirgan bu loyiha O’zbekiston quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Sharhlovchilarga ko’ra Afg’oniston barqarorligi O’zbekiston uchun nafaqat xavfsizlik, balki geosiyosiy imkoniyatlarni kengaytirishda ham juda muhim. Temir yo’l qurilishi bu imkoniyatlarni ochishning muhim bo’lagi.
“Afg’onistonda tinchlik bo’lsa mintaqa davlatlarining dunyo bilan aloqalari rivojlanadi. Janubdagi dengiz yo’llariga chiqish uchun imkoniyat ochiladi, tashqi iqtisodiy aloqalar diversifikatsiya bo’ladi. Shuning uchun ham Afg’oniston jiddiy yo’nalish”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.
O'zbek jamoasi yordamga muhtoj
Afg’oniston mintaqada eng ko’p sonli o’zbeklar jamoasi yashaydigan davlat sifatida ham O’zbekistonga juda yaqin. O’tgan asrning 70-yillaridagi statistikaga ko’ra, Afg’onistonda 4 millionga yaqin o’zbeklar bo’lgan. O’shandan buyon aholi ro’yxatdan o’tkazilmagan. Biroq norasmiy ma’lumotlarga ko’ra bugun 30 millionlik Afg’oniston aholisining 15 foizga yaqini o’zbeklar.
Afg’onistonlik o’zbeklarga ko’ra, turkiylar, jumladan o’zbeklar etnik jihatdan mamlakatda siquvga olingan millatlardan biri.
“Afg’on degan so’z hamma bilan bir millatga qiyoslangan, 100 yil oldin esa pashtun degan so’zni o’zi yo’q edi. O’zbekmisiz, tojikmisiz sizni afg’on deydi. Lekin O’zbekistonda bu yerda turli millatlar yashaydi deb aytadi-ku, bu faqat o’zbeklarni vatani demaydi-ku. Bu juda noto’g’ri gap. Eng ezilgan, siqilgan millatlardan biri Afg’onistondagi turkiylar, jumladan o’zbeklar bo’lsa kerak”, - deydi afg’onistonlik o’zbek.
Afg’onistonning Toshkentdagi elchixonasi so’nggi yillarda o’zbeklar mavqei tiklanayotgani, o’zbek tili mamlakat shimolida rasmiy tillardan biri sifatida e’tirof etilganini qayd etadi.
O’zbekistondan keyin eng ko’p o’zbeklar istiqomat qilayotgan davlat Afg’oniston bo’lishiga qaramasdan, bu borada hukumatlar o’rtasida biror rasmiy hamkorlik dasturlari yo’lga qo’yilgani kuzatilmaydi.
Pofessor Rojer Kangasning aytishicha, O’zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish kerak.
“Yanglishmasam, 90-yillarda afg’onistonlik o’zbeklar bu yerda faol savdo aloqalarini yo’lga qo’yishayotgan edi. Hozirgi vaziyatda esa shimoldan janub tomon rejalanayotgan tranzit marshrut bu borada yangi imkoniyatlar berishi mumkin. Albatta, rejalanayotgan temir yo’lni Mozori-Sharifdan keyin qanchalik kengayishi, O’zbekistonni Afg’onistonga sarmoya kiritishiga qanday imkoniyatlar bo’lishi ham ahamiyatga ega. Hamkorlik birinchi navbatda iqtisodiy rivojlanishni nazarda tutadi, menimcha aynan shu imkoniyatlardan hali oxirigacha foydalanilmagan”, - deydi professor Kangas.
Federal tuzum?
Ayrim sharhlovchilar Afg’onistondagi mojaroni hal etishda etnik masalaga, jumladan biror millat 50 foizdan ko’p bo’lmagan mamlakatda federativ boshqaruvni joriy etish zaruriyatiga urg’u berishadi.
“Chunki federativ degani demokratiyani eng cho’qqisi, har kimni o’z huquqiga, insoniyligiga erishishi. Afg’onistonda hech kim 50 foizdan ko’pchilikni tashkil etmaydi. Federativ b’olish - idora usulining yaxshilanishi, insonlarni o’z urf-odatlari, madaniyatini saqlab qolishi”, - deydi afg’onistonlik o’zbek.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan afg’onistonlik o’zbeklardan yana biri bugun O’zbekiston bilan madaniy aloqalar to’xtagan, o’zbek maktablarida darsliklar, kadrlar yetishmaydi, deydi. Afg’onistondagi o’zbeklar madaniy-ma’rifiy aloqalarni tiklashda, milliy til va milliy salohiyatni saqlab qolishda O’zbekiston yordamiga juda muhtoj.