Breaking News

Karimov Afg'oniston bo'yicha tashabbusni qo'lga olmoqchi


O’zbekiston prezidenti Islom Karimov kuni-kecha Fransiyaning Afg’oniston va Pokiston bo`yicha maxsus vakili Pyer Lelushni qabul qilgan.

Uning aytishicha, bunday uchrashuvlar Afg’oniston va mintaqaviy xavfsizlik muammolarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat.

Mahalliy ziyolilar nazarida Afg’oniston o’zi faol harakat qilmas ekan, birovdan yordam kutishdan naf yo’q.

Karimov 1997 yilda Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo'yicha tuzilgan "6+2" guruhini NATO hisobiga "6+3" shaklida qayta tiklashni taklif qilmoqda.

Tashabbus bir yil ichida bir necha bor, jumladan, yaqinda Yekaterinburgda o`tgan ShHT sammitida ham takrorlandi. "6+2" guruhiga Afg’oniston bilan chegaradosh davlatlar – Tojikiston, O'bekiston,Turkmaniston, Eron, Pokiston va Xitoy hamda Rossiya va AQSh a’zo bo’lgan.

“Afg’oniston muammosini yechishda BMT shafeligida bevosita chegaradosh bo`lgan davlatlar, Rossiya, AQSh va NATO jalb qilingan "6+3" guruhini tuzish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. NATO Afg’oniston ichki va tashqi muammolarida kelishuvga erishish mumkin bo`lgan diplomatik organ bo`lishi mumkin”, - degan edi slom Karimov ShHT sammitida.

17-18 iyun kunlari Afg`onistonda barqarorlikni ta`minlash bo`yicha Toshkentda o`tgan xalqaro konferensiyada, asosan, Islom Karimov tashabbusi muhokama qilindi.

Konferensiyada qabul qilingan hujjatda "6+3" guruhini tuzish tashabbusi Afg’onistonda vaziyatni barqarorlashtirish, qarama-qarshi tomonlar muloqotlari uchun samarali mexanizm bo’lishi ta’kidlanadi.

O’zbekiston televideniyesi xabariga ko`ra, xalqaro konferensiya ishtirokchilari Islom Karimov taklifini qo`llab-quvvatlashgan. Biroq ayrim axborot saytlarida yozilishicha, "6+3" guruhiga Afg`oniston kiritilamayotgani anjuman qatnashchilarida taajjub uyg’otgan.

Sharhlovchi Akbar Aliyevning aytishicha, bu guruhni Afg`onistonsiz tasavvur etish qiyin.

“Qachongacha Afg`oniston xalqi birovdan himmat kutib yashashi kerak? 30 yildan buyon bo`lari bo`ldi. Afg`onistonning o`zi faol bo`lishi kerak. Qo`shnilar haqida gap ketadigan bo`lsa, Rossiya chuqurroq mas`uliyat bilan yondashsin. Afg`onistonda urush boshlab bergan Moskva edi. Shuning oqibatida ular haliyam do`zaxda yashayapti”, - deydi sharhlovchi.

Tarixchi olim Goga Hidoyatov nazarida O`zbekiston prezidentining tashabbusi Afg`oniston muammosini tinch yo`l bilan hal etishga qaratilgan.

“Birinchi navbatda urushni to`xtatish kerak. Yuz yil urush bo`lsa ham o`ldrilganlar o`rni to`lib boraveradi. Urushni qanday to`xtatishni diplomatlar hal qilsin”, - deydi u.

Tarixchi olim Afg`onistonda federativ davlat tashkil topmas ekan, tinchlik qaror topishi qiyin deb hisoblaydi.

“Germaniya federativ davlat, yaxshi yashayapti, hammasida mustaqillik bor. Karzay hozir o`z saylov programmasida Afg’oniston federativ davlat qilishga taklif qilishi kerak. O`zbeklar o`z yerini, pushtular o`z yerini, badaxshonliklar, balujlar hammasi o`zini-o`zi boshqaradi. Boshida mamlakat prezidenti turadi”, - deydi Goga Hidoyatov.

Afg’onistonda avgust oyida prezident saylovlari bo`lib o`tadi, prezidentlik uchun 40 dan ziyod nomzodlar ro`yxatga olingan.

O`tgan saylovlarda 10 foizdan oshiq ovoz olgan o'zbeklar yetakchisi general Abdulrashid Do`stum bu safargi saylovda Hamid Karzay nomzodini qo`llashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG