Barak Obamaning Afg’onistonga yana 30 ming askar yuborish qarori nafaqat bu mamlakatdagi uzoq yillik mojaro, balki ekstremizmga qarshi global kurashdagi yirik burilish sifatida talqin qilinmoqda.
Dunyo tinchligi xavf ostida ekan, AQSh rahbari ittifoqchi davlatlarni ham bu kampaniyaga yirik hissa qo’shishga chaqirmoqda. Bir necha oylik muhokamalar mahsuli bo’lmish yangi strategiya qanchalik samara beradi? Mutaxassislar qanday fikrda?
Prezident Obama Afg’onistondagi harbiy missiya ahamiyatini shunday tushuntirmoqda:
“Bu urush nafaqat NATO tashkiloti uchun sinov. Gap bizga do’st davlatlar xavfsizligi, qolaversa dunyo tinchligi haqida ketmoqda”, - deydi Obama.
Kelasi 6 oyda AQSh Afg’onistonga yana 30 ming askar jo’natib, u yerdagi qo’shin sonini 100 mingga yetkazadi.
“Afg’onistonga qo’shin yuborayotib, Obama urush natijasi uchun javobgarlikni bo’yniga olmoqda”, - deydi Kim Kagan, harbiy tarixchi. U Afg’onistonga doir maslahat kengashi va muhokamalarda ishtirok etgan.
“Ochig’ini aytadigan bo’lsak”, deydi olima, “Tolibonga qarshi samarali kurash olib borish uchun qo’shin, resurslar yetarli emas”.
Strategiya mahalliy aholi xavfsizligini ta’minlash, afg’on armiyasi malakasini oshirish va jangarilarga qarsh kurashdan iborat. Hammasi bir paytning o’zida.
Yaqinda Afg’onistonda bo’lib qaytgan tahlilchi Maykl O’Xenlon fikricha qo’shin sonini oshirish to’g’ri qaror. Uningcha, keng-qamrovli, ham harbiy, ham noharbiy omillarni hisobga olgan yondashuvgina g’alabani ta’minlashi mumkin.
“Qo’mondonlar so’ragan resurslarni ajratmasdan iloj yo’q. General Makkristal Afg’onistondagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, madad so’ramoqda”,- deydi u.
Missiya samarasini savolga tutayotganlar ham talaygina. Iste’fodagi polkovnik Endryu Basevich urush nima ekanini yaxshi biladi.
“Bunday harbiy kampaniyalar odatda juda qimmat, uzoq davom etadi. Natijasini baholash qiyin”, - deydi u.
Endryu Basevich qo’shimcha harbiy kuch 8 yillik urushda burilish yasashiga ishonmaydi. Al-Qoida va unga aloqador terrorchi guruhlarni yengishni maqsad qilish oson, ularni yo’q qilish amri mahol, deydi u. Polkovnik fikricha, musulmon davlatlariga ajnabiy kuchlarni yo’llash ekstremistlar safi kengayishiga olib keladi.
Afg’onistonda cheksiz kampaniya olib borish uchun AQShda na mablag’, na boshqa resurslar yetarli. 2011 yilning iyulida Amerika javobgarlikni mahalliy hukumat va armiyaga topshirib, qo’shinlarini chiqara boshlaydi.
“Albatta, hamma narsaning chegarasi bo’lishi kerak”, - deydi tahlilchi O’Xenlon. “Afg’oniston xavfsizlik kuchlari malakasini oshirish, zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun kamida 3 yil kerak”.
Boshqalar nazarida yangi strategiya qanchalik ish berishi undan oldinroq, ehtimol bir yil ichida ma’lum bo’ladi. Polkovnik Endryu Basevich bu taxmin-xulosalarga qo’shilmaydi. Ishni 3 yilda bitkaza olmaysiz, deydi u.
“Ko’pchilik vaziyat qanchalik murakkab ekanini anglab yetmayapti”,- deydi Basevich.