Breaking News

O'zbek jangarilar Pokistonda mehmon emas, sig'indi


Boburiylar hukmronligi ostida turkiylar madaniyatini o'ziga singdirgan o'lkada bugun ularning yangi avlodlari katta bo'lmoqda.

"Hindikush tog' tizmalari etaklaridagi kichik qishloqlarda o'zbek oilalarini ko'rasiz",- deydi pushtu jurnalisti muxbirlarining yoritishicha o'zbeklar dunyoning bu qismlariga ba'zida o'zini hazora deb tanishtirib jon saqlaydi.

Afg'oniston aholisining 20 foizidan ortig'ini tashkil etuvchi hazoralar shia mazhabidagi musulmonlar. Ko'rinishi jihatdan ular Markaziy Osiyo xalqlariga o'xshab ketadi.

"O'zbeklar ham arablar singari bu qashshoq mintaqada mehmon. Lekin o'zbeklarni arablarchalik hurmat qilishmaydi, chunki pul arablardan keladi va Osama bin Ladinning nufuzi kuchli. Pushtularga o'zi kelgindilar yoqmaydi. Bu yerga kelib yillab yashovchi, o'z ta'sir kuchiga ega bo'lishga harakat qilayotgan guruhlarga toqati yo'q. Shu sabab o'tgan ikki yil ichida o'zbeklarning ko'pi o'ldirilgan yoki quvilgan",- deydi jurnalist Nafis Takar.

Uning aytishicha o'zbeklar haqida Spinakay va Mirali tumanlarida ko'p eshitasiz.

"Lekin ularning soni bo'rttirilib ko'rsatiladi",- deydi jurnalist. "Jangarilar biz ko'pmiz desa, odamlar bunga ishonadi. Arablar odatda strateglar, o'zbek va pushtu jangarilar esa rejani amalga oshiruvchilar", - deya izohlaydi Nafis Takar.

"O'zbek jangarilar boshqalarga qaraganda ancha savodli, dunyoviy bilim olgan yigitlar. Lekin ular Pokistonda madrasalarda ham saboq olgan. Bunga o'zim guvoh bo'lganman. Ular kommunizm, undan keying davr, qolaversa kapitalizm bilan ozgina bo'lsa-da tanish. Juda mutaassib, radikal qarashga ega. Qur'onni shunday qabul qiladi. Vaziristondagi o'zbek imomlarini hatto Tolibon tarafdorlari ham ekstremist deb ta'riflaydi".

Tolibon, al-Qoida va boshqa ekstremist guruhlar faoliyatini o'rgangan amerikalik harbiy tahlilchi Bill Loggio (The Long War Journal) fikricha bu harakatlar uzoqni ko'zlab ish tutmay qo'ygan.

"Jangarilar hozir moliya oqimi barqaror emasligini biladi. Jon saqlash eng muhim masala. Shu bois Baytulloh Mas'ud o'zbek jangarilari bilan ular xohlaganidek halifalik tuzish yoki Markaziy Osiyoda ular tili bilan aytganda "g'ayridin rahbarlar"ga qarshi kurashish uchun qurol ko'tarayotgani yo'q. Baytulloh Mas'ud mahalliy kurash olib bormoqda, xalqaro emas",- deydi Bill Loggio.

Tolibonning hozirgi qo'mondonlarini o'ta savodsiz deb biladigan pushtu ziyolilari ham bu fikrga qo'shiladi.

Pokiston armiyasi asosiy diqqatini Tolibon yetakchilaridan biri, Vaziriston janubida harakat qilayotgan Baytulloh Mas'ud va uning jangarilariga qaratmoqda. O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari uning qo'li ostida kurashayotgani ma'lum.

Bill Loggioning so'zlariga qaraganda, Mas'ud bilan chiqisha olmayotgan Mulla Nazir va Hofiz Gul Bahodir singari Tolibon qo'mondonlari Hilmand, Qandahor, Zabul, G'azni, Uruzgon, Xost, Paktika va Paktiya kabi viloyatlarda katta kuchga ega va ular o'zbeklarni safidan chiqarib yuborgan.

Tohir Yo'ldosh, deydi tahlilchilar, yaqingacha Baytulloh Mas'ud bilan ham kelisha olmayotgan edi. Hozir mintaqada vaziyat tang va jangarilar orasida birdamlik ko'zga tashlanmoqda.

Shu yilning fevral oyida Mulla Nazir va Hofiz Gul Bahodir Baytulloh Mas'ud bilan ittifoq tuzib, Pokiston, Afg'oniston, AQSh va Hindistonga qarshi birgalikda urush olib borishga kelishib olgan.

Biroq, deydi Bill Loggio AQSh harbiy razvedkasi ma'lumotlariga tayangan holda, Mulla Nazir va Hofiz Gul Bahodir hukumat nazarida "kelishsa bo'ladigan tomonlar".

Yana bir jangari to'da bu Haqqoniylar, deya tushuntiradi Loggio, ularni mujohiddin Jaloliddin Haqqoniy va uning o'gli Siroj boshqaradi.

Vaziriston shimolida asoslangan Haqqoniylar Afg'onistonda qonli xurujlarda ayblanadi. Rasmiy Kobulning gumon qilishicha bu guruh ortida Pokiston maxfiy xizmati turibdi.

Pokiston bosh harbiysi, general Ashfaq Kiyani 2008 yilda Jaloliddin Haqqoniyni strategik hamkor deb atagan.

"Pokiston o'z hududini terrorizm o'choqlaridan tozalamoqchi bo'lsa",- deydi Bill Loggio, "barcha guruhlarga qarshi birdek urush e'lon qilishi kerak. Aks holda Afg'on-Pokiston chegarasi ekstremizm makoni bo'lib qolaveradi. Bu tarqoq to'dalar, shu jumladan o'zbek jangarilari ham Al-Qoida uchun tayanch".

Rasmiy ma'lumotlarda keltirilishicha, Tolibon va al-Qoida hamda ular bilan aloqador barcha guruhlar moliyani qoradori savdosidan oladi.

Narkotik moddalar jahon bozoriga Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston orqali chiqadi. Jangarilarga qurol-aslaha ham shu yo'l bilan olib kelinadi.

Afg'oniston, Pokiston, AQSh va Markaziy Osiyo hukumatlari orasida qaysidir darajada axborot almashish ham yo'lga qo'yilgan, deydi ekspertlar, ammo ular ommaga oshkor etilmayapti.

"Ogohlik – jamoatchilik xavfsizligi uchun eng muhim zaruriyat",- deydi jurnalist Nafis Takar.

"Moliyaning katta qismi Fors ko'rfazidagi boy odamlardan ham keladi. Islomiy tashkilotlar xayriya va zakot deb yiqqan pul terroristlar cho'ntagiga tushayotganini bilamiz. Oddiy, mo'min musulmonlar, albatta, pulim qayerga ketmoqda deb so'rashdan uyaladi".


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG