AQSh dunyodagi eng boy va qudratli davlatlardan biri. Tashqi yordam borasida ham saxiy mamlakat. 2008 yilda Vashington chet davlatlarga 20 milliard dollardan oshiq yordam puli ajratmoqda.
Bu pulning 2,4 milliardi Isroilga, 1,5 milliardi esa Misrga tegadi.
Sobiq Sovet davlatlariga sarflash uchun Davlat departamenti ixtiyoriga jami 351.6 million dollar beriladi.
Shundan Markaziy Osiyoga quyidagicha ko'mak ko'rsatiladi:
2006 | 2008 | |
Tojikiston | 23,760 million | 26,880 million |
Qirg'iziston | 29,029 million | 23,815 million |
Qozog'iston | 24,750 million | 14,397 million |
O'zbekiston | 17,820 million | 8,474 million |
Turkmaniston | 4,950 million | 5,500 million |
Harbiy malakani oshirish bobida AQSh faqat Tojikiston va Turkmanistonga yordam berishga ahd qilgan. Buning uchun jami 865 ming dollar xarajat qilinadi.
Erkinlikni quvvatlash to'g'risidagi qonunga binoan demokratik taraqqiyot, siyosiy-iqtisodiy loyihalar va fuqaro jamiyati uchun quyidagi davlatlarga alohida yordam beriladi:
Ukraina | 71 million dollar |
Gruziya | 50.5 million dollar |
Rossiya | 50 million dollar |
Armaniston | 35 million dollar |
Tojikiston | 26.9 million dollar |
Qirg'iziston | 23.8 million dollar |
Ozarbayjon | 18 million dollar |
Sobiq ittifoq hududida mintaqaviy hamkorlikni oshirish va AQSh manfaatlari himoyasi uchun yana 22.2 million dollar ajratiladi.
2006 yilda AQSh Rossiyaga jami 1 milliard 54 million 72 ming dollar miqdorida yordam ko'rsatgan.
"Kreml va Oq uy tez-tez achchiq so’zlar almashmasin, Amerika Rossiyaga yordam berish uzoq muddatda uning manfaatlari uchun xizmat qilishini tushunadi",- deydi siyosiy tahlilchi Olga Oliker.
Markaziy Osiyoda Qozog’iston o'tgan yili eng ko’p moliyaviy ko’mak olgan – 82 million dollar. Ikkinchi o’rinda - O’zbekiston, 58 million dollar.
AQSh Davlat departamenti hujjatlariga ko’ra O’zbekistonga yordam 2004 yildan beri ancha kamaygan. O’zbekiston hukumati o’rtadagi kelishuvlarga zid holda qadam tashlay boshladi va natijada Kongress yordam pulini kesishga majbur bo’ldi deydi rasmiylar.
AQSh yordami hamisha hukumat qo’liga beriladi deyish noto’g’ri. Ko’p hollarda, deydi tahlilchi Oliker, Amerika puli diplomatik tadbirlar va maqsadlar, ijtimoiy-madaniy dasturlar uchun ishlatiladi.
AQSh iqtisodiy-siyosiy taraqqiyot hamda xavfsizlikni mustahkamlovchi dasturlarga pul beradi. Qolaversa mamlakatda ishlaydigan xalqaro tashkilotlarni moliyalaydi.
“AQSh hukmron tuzumni moylayapti desak adashamiz”,- deydi Oliker. Aksincha mablag’ni o’zi jamoatchilik tashkilotlariga berishni istaydi. Shu bois ham hukumatlar bu yordamni ularga qarshi harakat deb talqin qiladi. Qarabsizki, nohukumat tashkilotlar nishonda. Amerika nazarida esa aynan shu muassasalar jamiyat yuragi bilan, oddiy xalq bilan ishlaydi.
"AQShda pul Kongress, qonunchilik organi, qo’lida. Uning ruxsatisiz bir tiyinga ham qo’lingiz tegmaydi",- deydi Olga Oliker.
AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligi - chet elga beriladigan insonparvarlik va beg’araz yordam uchun javobgar tashkilot. Qisqacha USAID deb tanilgan idora 1992 yildan bugungacha O’zbekistonda jami 300 million dollar sarflagan. O’tgan bir yil ichida 13 million.
Bob Vollin agentlikning Markaziy Osiyodagi dasturlarini nazorat qiladi. "Uch maqsadni ko’zlaymiz",- deydi u.
"Birinchisi iqtisodiy taraqqiyot yo’lida ko’maklashish. Ikkinchisi hukumat va xalqni bir-biriga yaqinlashtirish, fuqaro jamiyati barpo etishda yordamlashish va omma fikrini hukumatga yetkazish usullarini o’rgatish. Uchinchi maqsad - ta’lim va sog’liqni saqlash sohasini rivojlantirishda yordam berish".
Bob Vollin O’zbekistonda fuqaro jamiyatiga oid dasturlar to’xtab qolganini, ammo ta’lim va maorif hamda tibbiy masalalarda yutuqqa erishilayotganini aytib o’tadi. USAID O’zbekistonga qoradori savdosiga qarshi kurashda ham ko’maklashyapti.
Kelishmovchiliklar bor, “Ammo taraqqiyot tezlikda kechmasligini va AQSh yordamini davom ettirish uchun hukumat ishonchini oqlash zarurligini ham tushunamiz”,- deydi Bob Vollin.
Lekin bu yakkahokimlik chuqur ildiz otgan, tashqi dunyo bilan hisoblashmay qo’ygan hukumatlarga “nima qilmang, AQSh baribir yordam beraveradi” degani emasmi? Amerika yordami yetib bormayotgan nohukumat tashkilotlar bugun shunday tanqid bilan chiqmoqda.
"AQSh ko’maklashishda davom etsa, erkinlik va demokratiyaga qarshi ish tutyapti degani emas. Biz yordamni xalqqa berayapmiz va bu bilan hukumatga maqsad ezgu ekanini, ko’mak ortida yashirin maqsadlar yo’qligini isbotlamoqchimiz. Hukumat biror narsadan norozi bo’lsa, uni muhokama qilaylik, xalq manfaati uchun til topishaylik deymiz".
Ammo hamma narsa baribir siyosatga borib taqaladi. USAID byudjetini Kongress tasdiqlaydi. Kongress nazarida esa O’zbekistonda qonun ustuvorligi ta’minlanmas ekan, beriladigan yordamdan foyda yo’q.
O’zbekiston o’tgan yili diniy erkinliklar keskin poymol etiladigan davlat deya belgilanib, moddiy yordam kesilgan edi. Huquq ahvoli yaxshilanmas ekan, bu yil ham shunday bo’lishi mumkin deydi Vashington rasmiylari.
Markaziy Osiyo hayoti bo’yicha tahlilchi, Vashingtondagi nufuzli Jorjtaun Universiteti o’qituvchisi Shon Roberts achchiq haqiqat shuki O’zbekistondagi hayot va muammolar AQSh oldida turgan eng muhim masala emas deydi.
"AQSh hozir Iroq, Afg’oniston va Yaqin Sharqdagi vaziyatni o’nglash ustida bosh qotirmoqda. Vashingtonda o’tirgan rasmiylar Markaziy Osiyo haqida yaxshi bilmaydi, muammolarni tushunmaydi. Tushunganlari esa mintaqada siyosiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun avval tub masalalarni hal etish kerakligini biladi. Lekin bu o’lkalarda odamlar “bizning hayotimizdagi o’zgarishlar AQSh uchun juda dolzarb” deb o’ylashadi. Afsuski, bunday emas”.
Yana bir haqiqat, deydi Roberts, AQSh Markaziy Osiyoga iqtisodiy jihatdan u qadar qiziqmaydi.
"To’g’ri, Qozog’iston neftga boy, Turkmaniston va O’zbekistonda tabiiy gaz bor, lekin geografik jihatdan Amerika uchun qulay bo’lmagan mintaqa. Shu bois ham Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat sust. Bu albatta hamma sohaga o’z ta’sirini ko’rsatadi".
Ammo rasmiylar nazarida mintaqa xavfsizlik va iqtisodiy jihatdan strategik nuqta. Vashington Markaziy Osiyoga ozgina bo’lsa-da ko’maklashib, mintaqada o’z ta’sir kuchiga ega bo’lishni, hudud darvozalari unga ochiq turishini istaydi.