AQSh sobiq Sovet davlatlariga Kongress tomonidan 1992 yilda qabul qilingan Erkinlikni Quvvatlash Qonuni (Freedom Support Act) asosida yordam ko’rsatib keladi.
AQSh tashqi aloqalarini yurituvchi Davlat departamenti bu borada Kongressga yillik hisobotlar beradi.
Yordam hajmi Amerika bilan aloqa ko’lami va samarasiga bog’liq.
AQSh O’zbekistonga 1992-2002 yillar orasida 700 million dollarga yaqin miqdorda yordam bergan. Iqtisodiy va siyosiy islohotlar, mamlakat harbiy salohiyatini oshirish, ta’lim va sog’liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, tabiat muhofazasi va madaniy hamkorlikni kuchaytirish uchun.
2001 yilning 11 sentyabr voqealari ketidan O’zbekiston AQShning mintaqadagi yaqin hamkoriga aylandi. 2002 yilda Vashington O’zbekistonga jami 220 million dollar ajratgan. Biroq 2005 yilda Andijon fojiasi ketidan munosabatlar sovuqlashdi va ko’mak darajasi ham tushib ketdi.
2005 yilda AQSh O’zbekistonda 92 million dollar sarflagan bo’lsa, bu yilga kelib yordam hatto 9 million dollarga ham yetmaydi.
Kelasi yil ko’proq mablag’ ajratiladi deyishga hozircha dalil yo’q.
Mintaqada AQShdan eng ko’p yordamni Tojikiston va Qirg’iziston olmoqda, birgalikda bu yil qariyb 50 million dollar. Iroq va Afg’onistondagi urushlar Amerika cho’ntagini quritganini hisobga olganda, nafaqat Markaziy Osiyo balki dunyoning boshqa ko’plab davlatlariga ham yordam darajasi pasaygan.
Yaqinda Toshkentda bo’lib qaytgan, AQShning Yevrosiyoga yordam bo’yicha koordinatori Tom Adams asosiy maqsad siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotga hissa qo’shish deydi.
“Yordam miqdori shu kungacha erishilgan samaraga bog’liq va albatta, bizning qurbimizga",- deydi Adams.
“O’zbekistonga yordamning kamayishiga hukumatning Amerika maqsadlariga shubha bilan qaray boshlagani sabab bo’ldi. Shuningdek, Kongress O’zbekistonda islohotlar sekin kechayotganini ko’rib, biz bergan yordam samara bermayapti deb xulosa qildi va mablag’ni qirqdi”.
Amerika O’zbekistonda aynan qanday o’zgarishlar kutgan edi va hozirda nima kutmoqda?
“Biz asosan demokratik va iqtisodiy islohotlar amalga oshiriladi deya umid qilganmiz. Nazarimizda bunga erishilmadi. Lekin yaqindan boshlab o’sha umid uchqunlari yana uyg’ona boshladi. Toshkentda yangi elchimiz Richard Norland jonbozlik ko’rsatmoqda. O’zbekiston hukumati bilan ijobiy muloqotlar bo’ldi. Fikrimcha, aloqalarni iliqlashtirish uchun imkon bor va biz harakat qilayapmiz”,- deya javob beradi Tom Adams.
O’zbekiston-AQSh o’rtasidagi harbiy hamkorlik xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari himoyachilari tomonidan keskin tanqid qilingan edi. Ko’plab siyosiy tahlilchilar AQSh hukumatiga O’zbekistonda armiya qudratini oshirish uchun emas, fuqaro jamiyati barpo etilishi uchun sarmoya qilishni tavsiya qilgan.
Hamkorlik uchun yo’l ochilsa, AQSh bu safar qanday ish tutmoqchi?
"Biz hamisha islohotlar bir sohada kechmaydi deb kelganmiz. Jamiyat oldinga siljishi uchun har bir jabhada yetarlicha taraqqiyotga erishish zarur",- deydi Tom Adams. "Shu bois Amerika O’zbekistonda ham siyosiy, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy islohotlar yo’lida yordam berishni istaydi. Biz O’zbekiston rasmiylari bilan muzokaralarda buni aniq tushuntirganmiz ”.
Tom Adams, AQSh tashqi yordami uchun mas’ul diplomat sifatida, “muvozanat naqadar nozik vazifa ekanini tushunaman”,- deydi. Uning aytishicha, iqtisodiy islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlashni va demokratik o’zgarishlarni talab qiladi. Xususan inson huquqlari va erkinliklari himoyasini.
Islom Karimov rahbariyati islohotlar olib borayotganini va bu tashqi kuchlar ta’siri ostida emas, o’z xalqi shijoati bilan amalga oshishi kerakligini ta’kidlaydi. Bu degani AQShdan cheklangan miqdorda yordam so’rashi mumkin.
Amerika dasturlarini yurituvchi tashkilotlarning ko’pi mamlakatdan chiqib ketgan. USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi O’zbekistonda ta’lim va tibbiyot sohasi egalari bilan ishlashda davom etmoqda, biroq siyosiy-iqtisodiy dasturlar doirasi toraygan.
Tom Adamning aytishicha O'zbekiston hukumati zarur sharoit yaratib bersa, Amerika O'zbekistonda yordam dasturlarini kengaytirishi va ko'proq mablag' ajratishi mumkin. "Avvalo o’zaro ishonch tiklanishi kerak",- deydi u.
"O’zbekistonda qilinadigan ishlar ko’p. Menimcha AQSh, qolaversa Yevropa Ittifoqi yordamiga ehtiyoj yetarli. Biz oshkoralik tarafdorimiz va hamkorlik ham shunga asoslanishini xohlaymiz. O’tgan yillarda pasaygan ishonchni tiklash, menimcha, hozir har ikki tomon oldida turgan eng muhim vazifa”.
Amerika hech bir hukumatga naqd pul berayotgani yoki uni moylayotgani yo’q deydi Tom Adams.
“Moliyani mamlakatlarda o’zimiz nazorat qiladigan dasturlar uchun ajratamiz. Mutaxassislar malakasini oshiramiz. Jamiyatlarni yangicha ish uslublari bilan tanishtiramiz. O’tish davrini boshdan kechirayotgan mamlakatlarga yo’l ko’rsatamiz”,- deydi AQSh yordamini muvofiqlashtiruvchi rasmiy.