Breaking News

AQSh senatori: O'zbekiston istasa, vaziyatni o'zgartira oladi


Amerika qonunchilari O'zbekiston hukumatini bolalarni majburan ishlatmaslikka chaqirmoqda.

AQSh Senatida hozirda bu borada rezolyutsiya loyihasi taqdim etilgan.

O'zbekiston paxta dalalarida o'quvchilarni ishlatish G'arbda anchadan beri norozilikka sababdir.

Nafaqat Amerika, balki Yevropa bo'ylab ham katta savdo tizimlari va kiyim-kechak kompaniyalari o'zbek paxtasidan voz kechgan va inson huquqlari tashkilotlari respublika dalalarida bolalar ekspluatatsiya qilinadi deb bong urib keladi.

AQSh demokrat senatori, Iyova (Iowa) shtatidan saylangan Tom Xarkin - rezolyutsiya ortida turgan qonunchi. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda senator, hujjat yaqin kunlarda tasdiqlanadi, deydi.

"Amerika Ovozi": O'zbekistonda bolalar mehnati masalasi AQSh uchun nega bu qadar muhim? Islom Karimov ma'muriyati bu ichki masala deb keladi. Qolaversa rezolyutsiya qabul qilingani bilan nima o'zgarishi mumkin?

Senator Xarkin: "O'zbekiston inson huquqlariga doir qator xalqaro hujjatlarga imzo chekkan, ularni ratifikatsiya qilgan, ammo ularga rioya qilmayapti. 182-sonli Xalqaro Mehnat Tashkiloti Konvensiyasini eslatib o'tmoqchiman. Bolalarni majburan ishlatish bu qonunga zid".

"Amerika Ovozi": Lekin Amerikaning o'zi Bolalar huquqi bo'yicha xalqaro konvensiyani ma'qullamagan. BMT a'zolari orasida AQSh va Somali uni hali ratifikatsiya qilmagan. Nima uchun boshqa davlatlar, xususan O'zbekiston bu borada AQShga quloq solishi kerak?

Senator Xarkin: "Siz aytayotgan qonunni Kongress yaqin orada ko'rib chiqadi degan umiddaman. Lekin muammo bu yerda bolalarning majburan ishlatilayotganida. Bu aynan ekspluatatsiyaga qarshi maxsus konvensiyaga tegishli masala. Dunyoda bu qonunni faqat O'zbekiston buzayapti deyayotganimiz yo'q. Konvensiyaga uni ma'qullagan har bir mamlakat, jumladan Amerika ham amal qilishi shart".

"Amerika Ovozi": Siz Kongressning boshqa ko'plab a'zolari qatori Markaziy Osiyo, xususan O'zbekiston Amerikaning strategik manfaatlari yotgan hudud va u bilan aloqalarni mustahkamlash juda muhim deb kelasiz. Rezolyutsiya qabul qilinsa, Vashington-Toshkent orasidagi munosabatlar yana sovuqlashishi mumkin...

Senator Xarkin: "O'zbekiston Markaziy Osiyo barqarorligida muhim rol o'ynaydi. Huquq himoya qilinmagan jamiyatda esa xavfsizlik tahdid ostida. Fundamental huquqlar ta'minlanishi shart. Bolalar huquqi shulardan biri. Ular hurmat qilinsa respublikaga nisbatan ishonch oshadi. Biz bu rezolyutsiya bilan O'zbekiston hukumatini jazolamoqchi yoki bu xalq yetishtiradigan paxtani qora otliq qilmoqchi emasmiz. Bolalarning majburan dalaga chiqarilishiga yo'l qo'yib hukumatning o'zi bu sanoatga katta zarar keltirayapti, oq oltiniga talabni tushirayapti. Paxta iqtisodiyot tayanchi ekan, nega bu soha norasida bolalar yelkasiga yuklanmoqda. Ular hozir bilim olishi, kelajak egalari sifatida parvarish qilinishi kerak emasmi?"

"Amerika Ovozi": O'zbekiston hukumati qonunlar amalga oshirilmoqda, yosh avlod zo'rlab ishlatilmaydi deb keladi. Vaziyat o'zgarishi uchun vaqt va sabr-qanoat kerak deyayotganlar ham bor. Amerika respublikaga bu borada qanday yordam taklif qila oladi?

Senator Xarkin: "O'zbekiston hukumati, sidqidildan harakat qilsa, mavjud qonunlarni hayotga tadbiq etishga qodir. Ochig'ini aytsam, bunga harakat qilishmayapti. Qo'shma Shtatlar yordamga tayyor. Paxta xalqni boqadigan mahsulot ekan, nega bu sohani rivojlantirish, dehqonga erkinlik berib, uni quvvatlash; uning uchun imkoniyat-sharoit yaratish mumkin emas? Toki paxtakor hosilni bolalarga terdirmay, kattalarning kuchidan foydalansin, ularga yaxshiroq haq to'lay olsin".

"Amerika Ovozi": Huquq tashkilotlari Obama ma'muriyatidan ijtimoiy taraqqiyotga ahamiyat qaratishni so'ramoqda. O'zbekiston Amerika bilan asosan harbiy-siyosiy aloqalarni mustahkamlab, huquq masalasi chetga surilishi mumkin degan xavotir bor. Sizningcha eng ustuvor masala nima bo'lishi kerak?

Senator Xarkin: "O'zbekiston AQShga Afg'onistondagi harbiy harakatlarda yordam berayotganini bilamiz. Bundan albatta minnatdormiz, biroq Amerika bu bilan huquq poymol etilishiga ko'z yumib o'tirmaydi, ayniqsa bolalar manfaatiga kelganda. AQSh uchun huquq va erkinlik masalasi hamisha eng ustuvor masala bo'lib kelgan. Men sizni ishontirib aytamanki, shunday bo'lib qoladi".


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG