Breaking News

AQShdan O'zbekiston dehqonlari va nochor oilalarga yordam


AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi yaqinda O’zbekistonga katta miqdorda insonparvarlik yordami ko’rsatgan.

Vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari 73 tonnadan iborat va mamlakatdagi ijtimoiy nochor qatlamga mo’ljallangan.

Agentlik respublikada bir necha sohada dasturlar yuritadi, xususan sog'liqni saqlash, ta'lim va maorif, xotin-qizlar hayotini yaxshilash, qishloq xo'jaligini rivojlantirish.

Fermerlarni qo’llab-quvvatlash va hosildorlikni oshirish yo’lidagi proyektlar kengaytirilmoqda.

AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID), “Resource and Policy Exchange” xalqaro tashkiloti va “Sog’lom avlod uchun” jamg’armasi bilan hamkorlikda ko’rsatayotgan yordam qiymati 173 ming dollar atrofida.

Taqdimot marosimida ishtirok etgan AQSh elchisi Richard Norland bu yordam Amerika xalqi nomidan O'zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga olib kelindi deydi.

“Sog’lom avlod uchun” jamg’armasining bildirishicha bu mahsulotlar O’zbekistondagi 60 ga yaqin tashkilotlarga, jumladan bolalar uylariga ham tarqatiladi..

Ko’mak asosan sil va boshqa kasallikllar bilan xastalangan bemorlar uchun ko’zlangan.

2010 yilning sentabr oyigacha muntazam ravishda yetkazib beriladigan bu mahsulotlar “Sog’lom avlod uchun” jamg’armasi tomonidan kuzatuvda bo’ladi.

AQSh homiyligida O’zbekiston amalga oshirilayotgan yana bir loyiha qishloq xo’jaligida hosildorlikni oshirishga qaratilgan. Bog’dorchilik bilan shug’ullanadigan dehqonlarga Amerika fermerlari bilan tajriba almashish imkoniyati beriladi. Yangi texnologiyalar, usullar va mahsulotni bozorga chiqarish yo’llari bilan tanishtirish rejalangan. O’zbek dehqonlari Qo’shma Shtatlarga safar qilib, yangi forum orqali doimiy muloqotni yo’lga qo’yish umidida.

“Mamlakatimizga tashqaridan turli ximikatlar, dori va o’g’itlar kirib kelmoqda. Ko’plab dehqonlar ularni ko'rmagan, ishlatishni bilmaydi. Shunday masalalar borki, unda chet el tajribasi muhim”,- deya tushuntiradi loyiha bilan tanish mutaxassislardan biri.

Uning aytishicha tovarni bozorga olib chiqish tizimini shakllantirish o’ta dolzarb masala.

“Shunday misollar bor: ayrimlar tovarning birinchi partiyasini yaxshi yetkazgan, lekin ikkinchi partiyasi sifatsiz chiqib, o’zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning yuzini yerga qaratgan.

Bu jarayon professional tartibda yo’lga qo’yilishi kerak”,- deydi mutaxassis.

2008 yilda boshlangan bu loyiha dastlab 5 tajriba maydonida o’tkazilgan. Bu yil esa tajriba maydonlari sonini 26 tagacha ko`paytirish rejalangan.

Loyiha faqat meva yetishtirayotgan fermerlar bilan hamkorlikni nazarda tutadi.

O’zbekiston qishloq xo’jaligining asosi esa paxtachilik, hukumat monopoliyasidagi soha.

Mutaxassislar paxta va bug’doy yetishtirish va sotish davlat iznida ekanini yashirmaydi va bu borada chet el bilan hamkorlikda biror loyihaga qo'l urish oson emasligi ta'kidlanadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG