O`zbekistonda bu yilgi paxta yig’im-terimi davom etarkan, paxtaga nisbatan to’lanadigan haqning mintaqada eng past darajada ekani qayd etilmoqda. Paxtakorlarning aytishicha, har kilosi o’rtacha 63 so’m.
Bu yil terimga ko’proq talaba va hasharchilar jalb etilgan. O`quv yurtlari va qishloq maktablari yopilib, hamma paxtaga chorlanmoqda.
Qoraqalpog’istonlik dehqonlardan biri 5-sinfdan boshlab maktab o`quvchilari paxta terimiga chiqarilayotganini ta`kidlaydi.
“O`qituvchilar ham paxta terayapti. Paxta terimi qattiq [nazoratga] olingan. Studentlar, kollejdagilar ham [choyshabini] olib, qishloqqa ko`chgan”, - deydi u.
Jizzaxlik bir fermerning aytishicha esa viloyatdagi ishsizlik odamlarni paxta terimiga chiqishga majbur qilmoqda. Ayrim hollarda maktab o`quvchilarining yordamiga ehtiyoj qolmaydi.
“Mahalladagilar o`zimiz teramiz deb maktab bolalarini terimga qo`ymayapti, chunki hali bolalar yosh, chala teradi paxtani. Fermer paxtasini chala qilishni xohlamaydi. Maktab o`quvchilarini chiqarishga topshiriq berilgan. Biror maktab o`qituvchisi yoki direktor chiqarmasa, ishdan olinadi. Shuning uchun o`zidan qo`rqqani uchun ham baribir o`quvchilarni paxtaga chiqaradi, fermer qabul qiladimi, yo`qmi…”- , deydi fermer.
Huquq himoyachilari nazarida O`zbekistonda yosh bolalarni majburiy mehnatga jalb qilmaslikka oid bir qator xalqaro bitimlar doimiy tarzda poymol etilmoqda.
Hukumat bu kabi tanqidlarga javob bermaydi.
Paxta terimi uchun bu yil belgilangan narx o`tgan yildagidan yetti so`mga farq qilishi. Bir kilosi 63 so`m, biroq soliq bilan hisoblaganda 55 so`mga tog`ri keladi.
“Paxtani narxi juda murakkab masala. Yaqinda Toshkentda paxta yarmarkasi o`tdi. U yerda qanday sotishadi, bundan xabarim yoq, lekin men fermer sifatida haqqimni ololmayapman. Paxtamni bahosi qo`limga tegmayapti",- deydi paxtakor.
"Odamlar Qozog`istonga borib paxta terishayapti. O`zimizni paxta yotibdi. Aytishlaricha u yerda uch barobariga ko`proq pul berishadi”.
17-19 sentaybr kunlari Toshkentda o’tgan xalqaro paxta yarmarkasida turli mamlkatalardan 250 yaqin kompaniyalar qatnashgan va 600 ming tonnaga yaqin paxta sotilgan.
Ma`lumotlarga qaraganda paxta chet elga har tonnasiga ming dollarga yaqin bahoda savdo qilingan.
Paxta yetishtirgan insonlarga to’lanadigan haq esa keskin darajada past.
O`zbekistonda paxta yig`im terimi huquq tartibot organlarining keskin nazorati ostida o`tadi. Mamlakatda paxta narxining past belgilanishi kontrabandaga yo`l ochib bergan.
O`tgan yil qo`shni davlatlarga paxta sotishga uringan bir guruh kishilar jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.
Bu yil ham qo`shni davlatlarga paxta terimiga chiqayotgan kishilar ushlanayotgani aytilmoqda.