Breaking News

Va'da va qarorlar faqat qog'ozda, bolalar yana paxtazorda


O’zbekistonda paxta terimi mavsumi boshlangani sabab qator viloyatlardagi maktablarda mashg’ulotlar to’xtatilgan, bolalar dalaga chiqarilmoqda.

Vaholanki hukumat, xalqaro bosim ostida, paxtazorda bolalar mehnatidan foydalanmaslikka va’da bergan edi.

Jamoatchilik nazarida paxta eksporti butunlay hukumat nazoratida, sistema korrupsiya botqog’ida ekan, uzoq yillar davomida yoshlarga paxta terdirib o’rganib qolgan jamiyatda o’zgarish bo’lishi juda qiyin. Paxtakorlar uchun imkoniyatlar cheklangan.

Faollar xalqaro hamjamiyatni o'zbek paxtasini boykot qilishga chaqirmoqda

Shu yilning yozida qariyb 50 faolning imzosi bitilgan, AQSh va Yevropa davlatlariga yo'llangan maktubda bolalar ekspluatatsiyasiga chek qo'yish talab qilingan edi.

O'zbekiston hukumati bolalar majburan ishlatilmoqda degan da’voni inkor etib keladi.

Biroq achchiq haqiqat shuki, har yili paxta asosan maktab o'quvchilari yordamida teriladi.

Yig’im-terim mavsumida ko'plab oliy o’quv yurtlari, kollejlar, tuman va qishloq maktablarida darslar to'xtaydi.

Paxtadan kelayotgan daromad, deydi fermerlarning o'zi, faqat eksport bilan shug’ullanayotgan kichik doiralar cho’ntagiga tushmoqda.

O'quvchilarini paxta dalasiga ommaviy chiqarish Sovet davridan qolgan odat

Sovet Ittifoqi davrida, deydi ayrim fuqarolar, olis qishloqdagi o'zbek bolasining ta'lim olishi va sog'lig'i paxta daromadidan muhim ko'rilmagan.

O’zbekiston mustaqillikka erishgach, milliy manfaatlarni bayroq qilib ko’targan hukumat bolalar huquqlarini kafolatlash haqida qonun qabul qildi, lekin amalda hech narsa o’zgarmadi.

“Fermerlar hasharchilarga pul to`lolmaydi. Maktab o'quvchilarining mehnati esa deyarli bepul. 6-sinf, qishloqlarda esa 4-5-sinflar ham paxtaga chiqariladi”, - deydi faollardan biri.

O’zbekiston prezidenti paxta chopig'i, dorilash, terimda yurib voyaga yetgan o'zbeklar fojiasini tasvirlagan yozuvchi Tog’ay Murodni O`zbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlagan edi.

Biroq paxta mashaqqatlari, bolalari taqdirida iz qoldirayotgan bu fojia hamon davom etmoqda. Faqat bugun uni tasvirlashga haddi sig'adigan yozuvchilar deyarli yo'q.

Paxtaga haydalgan bolalar o'z joniga qasd qilmoqda

Faollarning aytishicha, o'tgan yilgi paxta mavsumi bir nechta o'quvchi umriga zomin bo’lgan. Bu fojialardan biri, ayniqsa, majburiy mehnat bolalar hayotida qanday iz qoldirayotganini aniq ochib beradi.

Jizzaxda kollej o’quvchisi paxta terish rejasini bajara olmagan. O'qituvchilardan dashnom eshitgan bu qiz o’zini osib o’ldirgan.

“Norozilik sifatida joniga qasd qildi. Bunaqa voqealar, deyarli, har yili kuzatiladi. Bundan tashqari Jizzax viloyatidan yuz mingga yaqin bola paxtaga chiqqan bo`lsa, ularning yotishi uchun birorta krovat yo'q. Sharoit haqida gapirmasa ham bo’ladi”, - deydi o`zbek paxtasini boykot qilish kampaniyasiga qo`shilgan, O`zbekiston inson huquqlari jamiyati faoli Baxtiyor Hamroyev.

Tahlilchilar fikricha, bu kabi fojealar jamiyatni larzaga solishi mumkin, shu bois ovoza qilinmaydi. Nobud bo’lgan bolalar hayoti uchun kim javobgarlikka tortilishi esa noma’lum.

Faollarning aytishicha, mamlakatda ishsizlik asosiy muammo bo`lib turgan bir paytda, bolalarni ommaviy ishlatish korrupsiya bilan bevosita bog’liq. Ma`lumotlarga ko`ra, har yili 10-15 yoshdagi 2 milliondan oshiq bolalar majburan paxta terimiga haydaladi.

Murojaatda Dubaydagi paxta birjasi tilga olinadi. Birja 200 ming tonna o’zbek paxtasini sotib olishni rejalagan.

Paxtani xomashyo sifatida sotish faqat yuqorida turgan kichik guruhlarga mol-davlat keltirmoqda

“Asosan xomashyo sifatida sotilayapti, uni qayta ishlash uchun chora ko`rilmayapti. Tekstil fabrikalari turib qolgan, nega desangiz, xomashyo yo`q, deydi. O`zimiz paxta yetishtirsak, qanday qilib yetishmasligi mumkin”, - deyd bayonotni imzolagan “Vijdon tutqinlarini ozod etish” tashkiloti rahbari Bahodir Namozov.

Mahalliy faollarning bu boradagi norozilik bayonotlari so’nggi paytda xalqaro miqyosda natija bera boshladi. Jahon miqyosida tanilgan bir necha savdo uyushmalari o`zbek paxtasiga boykot e`lon qildi. Bunday kompaniyalar soni ortishi kutilmoqda.

BMTdan umid katta

Bayonot tarqatgan faollarning umidi xalqaro tashkilotlardan -- murojaat BMTga ham yuborilgan.

O'zbekiston BMTning bolalar huquqlarini himoyalash haqidagi konvensiyasini imzolagan. Toshkentda BMT vakolatxonasi, bolalar himoyasi bilan shug’ulanuvchi UNICEF faoliyat yuritadi.

Mahalliy faollar tashkilot bolalar ekspulatatsiyasi yuzasidan jiddiy tashvish bildirganini kuzatmagan.

“Hozir O`zbekiston hukumati UNICEF bilan muzokara olib borayapti ekan. Ular hamkorlikda loyiha amalga oshirmoqchi. O’zbekiston hukumati UNICEF bilan hamkorlikda ish olib borib, xalqaro tashkilotlarga yolg’on ma’lumot ko`rsatishi mumkin. Biz UNICEF va O`zbekiston hukumati muzokaralari ochiq o’tishini talab qilmoqchimiz”, - deydi Baxtiyor Hamroyev.

Faollar nazarida bolalarni mehnatga majburlashga qarshi kampaniya faqat jamoatchilik doirasida kechmoqda. Xalqaro tashkilotlar o’zini bilib, bilmaganga oladi. Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi kabi tashkilotlar O`zbekiston qishloq xo’jaligiga sarmoya kiritishda davom etmoqda.

O'quvchi chiqmasa, paxta dalada yotaveradi

O’zbekiston qishloq xo’jaligi hukumat monopoliyasida, fermer davlat belgilagan ekin ekishga, rejani bajarishga majbur. Fermer paxtani yetishtirib beradi, hosilni yig’ishtirish, sotish, daromad qanday taqsimlanishi davlat ixtiyoridagi masala.

“Hozir odamlarda paxta terishga ham darmon qolmadi, kuni bilan ishlab, bir kilo go’shtning pulini topmaydi. Paxtaga beriladigan pulni ko’paytirmasa, terishning iloji yo’q. Fermerga beriladigan pulni hasharchiga bersa, unning o`ziga hech vaqo qolmaydi. Shuning uchun o`quvchini ham chiqaradi, talabani ham, bo`lmasa paxta dalada yotaveradi”, - deydi fermerlardan biri.

Bunday sharoitda hukumat uchun eng ma`qul usul - bolalar mehnatidan foydalanish, deydi Bahodir Nomozov.

“O`tgan yil paxtaning 90 foizi qo`lda terildi. Bir paytlar “zangori mashinalar ” degan gap bor edi, bu mashinalar o`rnida dalada faqat egilib paxta terayotgan bolalarni ko`rdik. Qishloqdagilarning ko`pi Qozog`istonga paxta tergani ketishdi, chunki u yerda ko`proq haq to`lashadi”, - deydi Namozov.

Chet eldan olib kelingan texnikada ham muammo bor

“Bolalar mehnati deganda men boshqa tomondan ham qarash kerak deb hisoblayman. AQSh, Germaniya va boshqa mamlakatlar ko`plab qishloq xo`jaligi texnikasi yetkazib berdi. Men o’zim fermerman, bu texnikani qayta ta`mirlash qiyin, ehtiyot qismlari yetishmaydi. Shartnoma imzolagan davaltlar yetkazib berishi kerak, lekin buni qilishmayapti. Qishloq xo’jaligida ish texnika zimmasiga yuklansa, bolalar mehnatiga hojat qolmaydi”, - deydi fermer Bobomurod Razzoqov.

Boshqa bir femerning aytishicha, paxtadan kelayotgan daromad texnikaga ishlatilmayapti, faqat balandparvoz gaplar aytilmoqda, xolos.

“Yangi texnologiyalar olib kelayapmiz deb maqtanishadi. Amerikadan olingan 20 traktor bilan texnika bo`lmaydi-ku! Toshkentning o’zida zavodlar bor edi. Nega ta`minlamayapti? Shuncha yildan buyon dabdabali gapdan boshqa narsa yo’q. Hatto, bor texnikaning ham beliga minib, paxta tashiydigan odam kam. Mutaxassislar hammasi ish qidirib ketgan. Axir ular ham non yeyishi kerak”, - deydi fermer.

AQSh O'zbekistondagi ahvoldan xavotirda

O'zbekistondagi bolalar huquqi masalasiga e'tibor qaratgan davlatlardan biri AQSh bo'lib, Senatda bolalar mehnatidan majburiy foydalanish yuzasidan rezolyutsiya muhokamada.

Hujjat muallifi, senator Tom Xarkin “Amerika ovozi” bilan suhbatda bu borada shunday degan:

“O`zbekiston hukumati sidqidildan harakat qilsa, mavjud qonunlarni hayotga tatbiq etishga qodir. Ochig’ini aytsam harakat qilmayapti, AQSh yordamga tayyor. Nega bu sohani quvvatlash, dehqonga erkinlik berib, unga sharoit yaratish mumkin emas? Toki paxtakor hosilni bolalarga terdirmay kattalar kuchidan foydalansin, ularga ko`proq haq to`lay olsin”.

Hukumat aytishi ham, so'zidan qaytishi ham oson

O'tgan yil paxta mavsumi boshlanishidan biroz avval hukumat maktab o’quvchilarini paxta terimiga jalb etmaslik haqida qaror qabul qilgan edi. Biroq keyinchalik o`quvchilar yana dalaga olib chiqildi.

Ayrim mulohazalarga ko`ra, qashshoqlik baribir bolalarni paxta terimiga chiqishga majbur etadi, hokimiyat ko`rsatma bermasa ham bolalar baribir terimga chiqadi. Biroq masalaning qanday hal etilishi Xalq ta`limi vazirligiga ham, o`qituvchi - o`quvchilar, ota-onalarga ham bog`liq emas.

“Agar hukumat bolalar mehnatidan foydalanmaymiz deb, qat`iy tursa, bolalar jalb etilmasligi mumkin. Lekin bular aytishi ham, qaytishi ham mumkin”, - deydi o`qituvchilardan biri.

Tahlilchilar nazarida qishloq xo`jaligi, paxtachilikda davlat monopoliyasi saqlanib qolaversa, bolalar mehnatidan voz kechilishi qiyin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG