Yaqinda O'zbekiston hukumati qaroriga ko'ra "Agrobank" va Qishloq qurilishi banki qaror topdi. "Paxta-bank" va "G'alla-bank" asosida tashkil topgan bu muassasalar qishloq farovonligi yilida tashlanayotgan qadamlar mahsuli, deydi rasmiylar.
Iqtisodiy
sharhlovchilar va jamoatchi faollar esa yangi banklar haqida turlicha fikrda.
"Agrobank" bevosita qishloq xo`jaligini qo`llab-quvvatlash, fermer xo`jaliklarining moddiy va moliyaviy bazosini yaxshilash bilan shug'ullanishi kerak.
"Qishloq qurlish banki" esa aholining turmush darajasini ko`tarish, jumladan uy-joy qurulishlari uchun kredit ajratish vazifasini o'z zimmasiga olmoqda.
Sharhlovchilar nazarida bu banklar tadbirkor uchun ham, aholi uchun ham xizmat ko`rsatish vositasi emas, qo`shimcha ma`muriy to`siq bo'ladi.
"Banklarning turi ko`payib ketdi. Bu bilan ular qaysidir sohaga alohida ahamiyat qaratib, u soha taraqqiy etib ketganini kuzatganim yo`q. Umuman, bankdan kredit olib o`z ishini rivojlantirmoqchi bo`lgan tadbirkorni qaynab turgan qozonga sho`ng`imoqchi bo`lgan kishiga qiyoslayman", - deydi sharhlovchi Alimardon Ergashev.
Uning fikricha aholi ishonchini mustahkamlash uchun bank haqiqiy ma'noda xizmat ko`rsatish tizimiga aylanishi kerak.
"Buning amalga oshishi uchun prezidentdan tortib hamma amaldorlar qonunga itoat qilishi kerak. Bir donishmandning "Qullikdan qutilish uchun qonunga qul bo`lish kerak" degan gapi bor. Shunga amal qilinsa, olam guliston bo`ladi. Hozir naqd pul yo`qligini bahona qilib qancha korxonalarda ish haqlari bir nech oyga orqaga surilayapti", - deydi sharhlovchi.
Qishloq tadbirkorlaridan birining aytishicha yangi banklarning eskilaridan farqi yo'q.
"Hozircha ularning mexanizmi aniq emas. Hukumat qachon limitini bersa, shunda bo`ladigan ish. Hisoblab chiqilsa, buning uchun juda katta mablag` ketadi. Hozircha tepadan shunday deklaratsiya qilindi xolos, xuddi o`rtacha oylik maosh O'zbekistonda 300 dollarni tashkil qiladi deyilgan gapga o`xshash", - deydi u.
Bu tadbirkor, Qishloq farovonligi yilida aholiga aniq yordam ko`rsatilayotgani yo'q, deydi. Ko`chadagi uylarni oqlash bilan ish bitmaydi, deya qo'shadi u.
"Bular shunchaki tashqi jihatdan dekorativ ta`mirlashga o`xshaydi. Lekin bu bilan qishloqdagi odamning qozoniga yarim kilo go`sht kiradimi"? – deya so'raydi tadbirkor.
Prezident Islom Karimovning O`zbekiston sharoitida moliyaviy inqiroz oqibatlarga qarshi kurash haqida yozgan kitobida banklar faoliyatini takomillashtirishga ahamiyat qaratiladi.
Yaqinda prezident aholining bankdagi omonatlarini kafolatlash haqidagi qonunni imzoladi.
Lekin bu choralar uzoqqa bormaydi, deydi sharhlovchilar.
Muammo shuki, tadbirkor va fermerlar bankdagi hisob raqamlaridan o`z ixtoyoriga ko`ra foydalana olmaydi. Banklarka nisbatan ishonch juda past.
"1992 yilda O`zbekiston hukumati qimmatbaho zayomlarni muomalaga chiqargan edi. Bu Markaziy bankning bo`ynidagi majburiyat. Bank aholidan qarz olib zayomlarni sotuvga chiqargan. Markaziy bank majburiyatini ochiqdan ochiq bajarmayapti, zayomlarni qaytarib olmayapti. Shunday ekan xalq bu bank yoki boshqa banklarga qanday qilib ishonadi"? - deydi tahlilchi Alimardon Ergashev.