Tahlilchilar nazarida O’zbekistonda ro’zg’orni maosh hisobiga tebratish degan tushuncha yo'qolgan.
O'zbek mehnatkashlarining bugungi qiyofasi ko'proq qashshoqlik bilan o'lchanadi.
Jamiyatda, deydi odamlar, ishchi-mehnatkash xor. Hukumat mehnatkashlarga hurmat bilan qaramaydi. Mamlakatda bir paytlar madh etilgan zahmatkash dehqon, chorvador qiyofasi bugun ancha o’zgargan. Bugun u har qanday og’ir ishni bajarishga tayyor mehnat muhojiri sifatida namoyon bo’lmoqda.
Ishsizlik zamon balosi
“Najot” inson huquqlari tashkiloti yaqinda Orol bo’yidagi ishsizlik bilan bog`liq vaziyatni o`rgangan.
“Qoraqalpog’istonda, bir so`z bilan aytadigan bo`lsak, ishga yaroqli aholini 70 foizga yaqini tashqarida, ko`chib ketgan, qaytib kelmayapti. Xorazmda ham mart oyidan erkaklar kamayib ketadi. Aholi Qozog`iston, Rossiya, Ulkrainaga ketadi”, - deydi tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubov.
O`zbekiston Mehnat vazirligi o'z internet sahifasida bayon qilishicha, o'tgan yarim yil ichida Qoraqalpog'istonda 7 mingga yaqin yangi ish o'rinlari yaratilgan. Aholini ish bilan ta'minlash dasturi 104 foyizga bajarilgan.
“Ko'zga ko'rinarli qurilish bo'lmasa, yangi korxonalar ochilmayotgan bo`lsa, oldingi sovxozlar tugatilgan, fermer xo`jliklar ishini tashlab ketayotgan bo`lsa, qayerda ochilishi mumkin yangi ish o'rinlari?”, - deya so'raydi Hayitboy Yoqubov.
Ish topsa bo'ladi, gap maoshda
Shu yil mobaynida respublikada o'nlab mehnat yarmarkalari o'tkazildi. Rasmiy hisobotga ko'ra, bu tadbirlar samara berib, minglab kishi ish bilan ta'minlangan. Biroq hukumat taklif etayotgan ish bilan oilani boqa olmaysiz.
“Bu hammasi reklama uchun. Gap ish bilan ta'minlashda emas, asosiy masala maosh bilan ta'minlashda”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.
Toshkent shahrida o'tkazilgan mehnat yarmarkasida ishtirok etgan fuqarolarning aytishicha, ularning ko'pi hozir yana ishsiz.
“Bu yarmarkada asosan hokimiyatlar obodonlashtirish va tozalash tadbiri uchun mavsumiy ish o'rinlarini ochishgan edi. Hozir bu o'rinlarni deyarli yarmi qisqarib bo'lgan”, - deydi ishtirokchilardan biri.
Ishsizlik, shubhasiz, har bir jamiyatdagi eng og'ir muammo sifatida qayd etiladi. Moliyaviy inqiroz vaziyatni yanada og'irlashtirgan.
“Urgenchtransgaz” korxonasida yaqinda 300 kishi ishdan ketgan.
"Bundan tashqari Xivadagi gilam to'qish fabrikasi inqiroz yoqasida turibdi. Mehnat qonunlari buzilgan holda ishchilardan majburan ariza yozdirib olingan, ular ishdan quvilgan”, - deydi Hayitboy Yoqubov.
O'zbekistonliklar ishni Rossiya va Qozog'istondan topmoqda
“Inqiroz tufayli Rossiya va Qozog'istonda ish o'rinlari, maoshlar kamaygan bo'lsada, baribir odamlar najot izlab o'sha tomonlarga ketayapti. Chunki bu yerda imkoniyat yo'q”, - deydi bu borada izlanishlar olib borgan mutaxassis Suhrob Ismoilov.
Rossiyada shu yil boshidan beri 13 o'zbekistonlik millatchilar tomonidan o'ldirilgan. Hozirda bu mamlakatda kamida 5 million o'zbek ishchisi borligi taxmin qilinadi.
Sharhlovchi Abdusalom Ergashevning aytishicha, O`zbekiston hukumati mehnat muhojirlari muammosini hamon rasman tan olmagan. Rossiyada, deydi u, millatchilik hatto hukumat doiralari tomonidan rag'batlantirilayotgani ayon.
"Andishaning ham chegarasi bo'lishi kerak"
Bugungi o`zbek mehnatkashi, xoh mamlakatda, xoh xorijda bo'lsin, o'z huquqi, mehnatining qadri uchun kurashmaydi. Bu turg'unlik ko'proq o'zbek ishchisi yashayotgan tuzum, ijtimoiy vaziyat bilan bog'lliq ko'riladi.
“Ish beruvchilarning ko'pida vijdon degan narsaning o'zi deyarli yo'q. Qo'li qadoq ishchimiz esa haqqini tortishib ololmaydi, qo'rqadi, hadiksiraydi. Andishaning ham chegarasi bo'lishi kerak. Mamlakatning o'zida ishchilar o'z haqqini talab qilib sudga borsa ham hech narsaga erisha olmayapti. Hokimga, prokurorga murojaat qilish esa foydasiz. Ishchilar doimiy qo'rquv ostida”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.
O'zbekiston Mehnat vazirligi fuqarolarni tegishli shartnomasiz ish izlab ketmaslikka chaqiradi, ammo ularni himoya qilish bobida biror dadil qadam tashlanmagan yoki jiddiy choralardan darak yo'q.
"O'rtacha ish haqi 300 dollar atrofida"
“Ijtimoiy ahvol juda og`ir, ishsizlik eng asosiy muammo. Millionlab odamlar chet elda, qullik darajasida ishlamoqda. Hukumat esa hozir ham avvalgi iqtisodiy siyosatini davom ettirayapti. Bu xalqqa, ijtimoiy adolatga nisbatan xiyonat, yana og'irlik xalqning bo`yniga tushadi”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.
Hukumat mamlakatda ish o'rinlari yaratilayotgani haqida hisobotlar berib kelmoqda. O`zbekiston prezidenti mamlakatda o`rtacha ish haqi 300 dollar atrofida ekanini qayd etgan, biroq ayrim toifalargina shunday maosh olishi mumkin.
“Huquq-tartibot organlaridagilar olayotgan bo`lishi mumkin. O`qituvchilar agar bir stavka dars beradigan bo`lsa, 200 mingga yaqin maosh oladi. O`zim bir ziyoli sifatida aytadigan bo`lsam, mana yangi o`quv yili boshlanayapti. Bungacha maoshlar vaqtida berildi, unchalik muammo bo`lmadi”, - deydi o`qituvchilardan biri.
Aksariyat ziyolilar esa o`zlarini qashshoqlar toifasida ko`rishadi.
“Bugun ikkita toifa bor - boylar va qashshoqlar. Ziyolilarni ko`pchiligi qashshoqlar orasida. Sovet davrida oddiy o`qituvchi maoshiga sakkiz nafar farzandini boqishi mumkin edi. Bugun esa o`zini boqishi mumkin. Bu qashshoqlik. Ahvol og`ir, ziyolilar ham haqini talab qilolmaydi, boriga shukur qilib yashashga majbur. Kambag'alni tuyani ustida ham it qopadi deganidek, maosh ham kech beriladi. O"qituvchilar hali ta'til pulini olishgani yo'q”, - deydi boshqa bir ziyoli.
Mehnatkash o'z qadri, mehnati qadrini anglashi kerak
O'zbekistonda qonunga binoan fuqaro mehnat qilish va buning uchun munosib haq olish huquqiga ega. Mehnat haqi qonunda belgilangan ish haqining minimal miqdoridan kam bo'lmasligi lozim. Biroq ayrimlar nazarida hukumatning o'zi bu qonunlarni buzmoqda.
“Fermerlarga har bir gektar yer uchun bittadan ishchi olish majburan belgilangan. Deylik, men ishchilarni oldim, lekin bir oyda menga ish haqi uchun 100-150 ming so`m pul ajratiladi. Qonunga ko`ra, maosh minimal ish haqidan kam bo'lmasligi kerak. Hozir bu 36 ming so`m atrofida. Men 150 ming so`m pulni 10 ishchiga 15 ming so`mdan tarqatib chiqishga majburman. Hukumatni o`zi qonunni buzayapti-ku”, - deya tushuntiradi Bobomurod Razzoqov.
Uning aytishicha, ishchilar o'z haqlarini talab qilishni o'rganishi uchun avvalo siyosiy islohotlar amalga oshirilishi kerak.
“Jamiyatda ochiq fikr bildirish, siyosiy erkinlikka yo'l berilishi kerak. Odamlarimiz o'z qadrini, mehnati qadrini anglashi kerak. Yugaridagi hadik, qo'rquv chiqib ketishi kerak”,- deydi Razzoqov.