Breaking News

Qashqadaryoda taniqli otin va uning shogirdlari qamoqqa olingan


Qashqadaryoda 30 ga yaqin namozxon ayol qamoqqa olingan. Huquq tartibot organlari Qarshidagi masjid qoshida tashkil qilingan "Otinoyilar" o'quv kursi rahbari Mehriniso Hamdamova, uning qarindoshlari va mazkur maktabda ta'lim olgan ayrim o'quvchi qizlarni hibsga olgan.

Tegishli idoralar hibslar haqida biror ma’lumot bermayapti, lekin ularni rad etayotgani ham yo’q.

"Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, olib ketilgan ayollardan ayrimlari konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilganlikda ayblanmoqda.

Hibsga olinganlarning ayrimlari qo'yib yuborilgan, qolganlari ustidan jinoiy ish ochilgani ta'kidlanmoqda.

Mehriniso Hamdamovaning qizi Latofat Orzuqulovaning aytishicha uning onasi diniy o'quv yurtini bitirgach, Qarshidagi “Ko'kgumbaz” masjidi qoshida qizlar uchun “Otinoyilar” o'quv kursini tashkil etgan. O'quv kursi O'zbekiston Musulmonlar Idorasi tomonidan berilgan ruxsatnomaga ko'ra faoliyat yuritgan.

“Onangning eng asosiy aybi otinoyilar kursida qizlarni o'qitgani deyishayapti. Bu kursda onam Qurondan, arab tilidan, ma'naviyat va odob degan darslik bo'lgan, shundan dars berganlar. Ular onang kursni noqonuniy ochgan, qizlarni chaqirgan deyapti. Haqiqatda esa bu o'quv kursi O'zbekiston Musulmonlar Idorasi ruxsati bilan ishlagan”, - deydi Latofat Orzuqulova.

Hibsga olingan ayollarning qarindoshlari huquq himoyachisi Surat Ikromovga murojaat qilishgan. Ikromov fikricha namozxonlarni hibsga olish har doimgidek biror asos va dalillarsiz amalga oshirilgan.

“Hozir qamoqqa olingan ayollarning o`zlari ham bilishmaydi, nimada ularni ayblashayapti. Organ xodimlari ma'lumot bermayapti, lekin jinoiy ish ochilgach bu narsa taqdim etilishi kerak. Milliy xavfsizlik xizmati ishlayotganini ko`rsatmoqchidir, chunki ularning soni ko'payib ketgan, buni oqlash kerak. Boshqa tomondan O'zbekistonda terrorchilar bor deb ko'rsatishni maqsad qilib olishgan”, - deydi Ikromov.

Orzuqulovaning aytishicha hibsga olingan ayollardan bosim orqali ko'rsatma olinmoqda.

“Har yarim soatda bitta ro'molli ayolni olib kirib ketishadi. Qaytib chiqayotganlar juda kam. Bir- ikkita chiqqanlari bor ekan. Ulardan so'rasam "Tushuntirish xatini o'zimiz bilganimizdek yozsak, qaytib yuzimizga otdi", deyishayapti. Ular uchun sanksiyani isbotlovchi hech bo'lmaganda uchta guvoh kerak, shuning uchun onamning o'quvchilari ichidan qidirib, sal qo'rqoqrog'idan yozdirtirib olishmoqchi”, - deydi u.

Bir muncha avval Qashqadaryoda namozxon erkaklar ommaviy hibsga olingan edi. Yuqoridagi ayollar jamoatga birlashish va bunday guruhlar tuzishda ayblanmoqda.

Qashqaryodagi hibslar Toshkentda yuz bergan suiqasd xuruji va otishmalar bilan bog'liq ko'riladi.

Yaqinda missionerlikda ayblangan Daniya fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi.

O'zbekistonda dinning an'anaviy ko`rinishlaridan tashqari boshqa oqimlar doimiy nazoratda.

So'nggi paytda “Hizb -ut - Tahrir” harakati va vahobiylik oqimi bo'yicha hibslar biroz sekinlagan bo'lsa-da, dindorlarni qamoqqa olish holatlari hamon ko'p. Rahbariyatni soxta ayblarda tanqid qilib kelayotgan huquq faollari taxminicha oxirgi suiqasd xurujlari va otishmalar bo'yicha tergov surishtiruv ishlari olib borayotgan hukumat organlari mamlakatda yangi “diniy ekstremistik tashkilotlar” bor deya hisobot bersa ajab emas.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG