Breaking News

Toshkentda taniqli imomlarga hujumlar, hukumat nega jim?


Toshkentda so`nggi paytda yuz bergan qotilliklar jamoatchilik orasida xavotir va turli mish-mishlarni ko`paytirmoqda. Fuqaro jamiyati vakillari hukumat idoralaridan ushbu qotilliklar yuzasidan izoh berishni talab qilmoqda.

Jamoatchilikka taniqli kishilarga uyushtirilgan suiqasdlar natijasida ikki kishi halok bo`lgan, boshqa biri esa og`ir jarohatlangan. Mazkur jinoyatlar yuzasidan hukumat idoralari sukut saqlashda davom etyapti.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyatiga ko`ra, hozirgacha izohsiz qolayotgan bu suiqasdlar 16 iyul kuni “Ko`kaldosh” madrasasi direktorining ma`naviyat ishlari bo`yicha o`rinbosari, Abror Abrorovning o`z uyi yaqinida pichoqlab o`ldirilishidan boshlangan.

“Ko`kaldosh” madrasasini mudarrisini pichoqlab ketilishi, keyinchalik Anvar qoriga uyuishtrilgan suiqasd, endi ichki ishlar mulozimini otib o`ldrilishi, menincha normal bir jamiyatda bu hodisalar yuzasidan axborot vositalari orqali xabar tarqatilishi lozim edi. Chunki ularning hammasi jamoatchilikka taniqli odamlar. Xabar berilmagani oqibatida har xil vahimalar, mish-mishlar rivojlanmoqda”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov 31 iyul kuni uyushtrilgan suiqasddan o`gir jarohat olgan edi, hozirda uning salomatligi tiklanmoqda. Anvar qoriga uyushtirilgan suqasdning o`zi turli mish-mishlarni yuzaga chiqardi.

Yaqinda huquq-tartibot organlarining terorrizmga qarshi kurash bo`limi boshlig`i Hasan Asadovning noma`lum kishilar tomonidan otib o`ldirilishi esa jamoatchilikda tahdidli xavotirlarni kuchaytirdi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati bu xavotirlarga barham berish uchun hukumat idoralaridan izoh talab qilmoqda.

“Aholini bunaqa axborot ochligida saqlab turishdan kim manfaatdorligini ham tushunish qiyin. Bu voqealar davomli qotillikka o`xshab ketayapti. Suiqasd qilinganlarni ikkitasi dindor, jamoatchilik vakili sifatida radikallarga qarshi kurashgan. Ichki ishlar vazirligini zobiti ham shunday vazifani bajargan. Biz tergov sirlarini ochilishini talab qilyotganimiz yo`q, albatta bunday sirlar bo`ladi, lekin jamoatchilikni informatsion ochlikda saqlashdan maqsad nima?”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Din peshvolariga, terorrizmga qarshi kurash bo`yicha hukumat mulozimiga uyushtrilgan suiqasd haqida mamlakat axborot vositalarida biron ma`lumot berilmadi. Ular respublika bo`ylab turli mish-mishlarga sabab bo`lishda davom etmoqda.

“Anvar qoriga uyushtirilgan suiqasd haqidagi xabar o`sha kuniyoq Farg`onaga yetib kelgan edi. Ko`pchilikda Anvar qorini diniy e`tiqod bo`yicha qamalganlar bilan olib borgan muloqoti g`ashga tekkan degan taxmin bor. Boshqa versiyalarga ko`ra hukumat dindorlarga qarshi yangi kampaniya, repressiya hozirlamoqda. Anvar qoriga uyushtirilgan suiqasddan foydalaniladi degan iddaolar bor”, - deydi farg`onalik tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Tahlilchiga ko`ra, vaziyat murakkab. Hukumat idoralari bu borada biror tushuntirish bermayotgani aholi o`rtasida norozilikni kuchaytirishi mumkin.

“Bir xil odamlarni junbushga keltirayotgan bo`lsa, boshqa kriminalga moyil odamlarni shunaqa jinoyatlarni bemalol qilish mumkin ekan degan xayolga olib borishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Mazkur qotilliklar alohida hodisalarmi yoki uzviy jinoyatning bir qismimi, hozircha noma`lum. Jamoatchilikka axborot berilmayotgani aholi o`rtasida tahlikani kuchaytirmoqda.

O`zbekistonda diniy e`tiqod erkinligi kuchli tazyiq ostida ushlanadi. Minglab fuqarolar turli diniy ekstremistik tashkilotlarga a`zolikda ayblanib, qamoq jazosini o`tamoqda.

Huquq himoyachilari fikricha bu mahbuslarning aksariyati dalil-isbotsiz qamoqqa tashlangan. Mahalliy faollar O`zbekistonda diniy tazyiqlarning yangi to`lqini boshlanishi mumkin degan xavotirda.

XS
SM
MD
LG