Breaking News

Mintaqa hukumatlari diniy guruhlar bilan muomala qilishni biladimi?


Markazi Bryusselda bo’lgan Xalqaro inqirozlarni o'rnaguvchi guruh (International Crisis Group) Markaziy Osiyo davlatlarini radikal diniy guruhlar bilan muloqotga chaqirmoqda.

Guruh hisobotiga ko’ra, mintaqada siyosiy diniy oqimlarni ta’qib qilish teskari natija berib, radikalizm kayfiyatini, namozxonlar safida g’azabni oshirmoqda.

O’zbekistonlik huquq himoyachilari deydiki, hukumatlar ekstremizm tahdididan siyosiy maqsadda foydalanishda davom etaversa, dalil-isbotlarsiz qamalayotgan, tazyiq va zo'rlikka uchrayotgan musulmonlar soni ortib boraveradi.

Bu esa mintaqada beqarorlik uchun zamin hozirlamoqda.

Xalqaro inqirozlarni o'rganuvchi guruh hisoboti Markaziy Osiyo: qamoqdagi dindorlar deb ataladi. Hisobotga ko’ra, diniy e’tiqod bo'yicha qamash va tazyiqlar radikal islom tarafdorlarini ko’paytirmoqda. Inqiroz guruhi qamoqxonardagi vaziyatlarni tahlil qiladi.

Ta’kidlanishicha, radikal oqimlarga a'zolikda ayblab, qamashlar keyingi paytda Qozog’iston va Qirg’iziston uchun ham odatiy tusga kirmoqda. Qamoqxonalarda tazyiqlar kuchaygan.

Hukumatlar diniy oqimlarni tazyiqqa olgani sari, qarshilik kuchayadi. Bu muammoning qurolli to'qnashuvga aylanish ehtimoli yuqori deb xulosa qiladi Xalqaro Inqiroz guruhi. Xulosa shuki, Hizb ut-Tahrir kabi siyosiy oqimlarni ta'qib qilish jangovar islomiy guruhlar xurujini to'xtatmaydi. Mintaqada noqonuniy oqimga a'zolik, ekstremizmda ayblanib qamalganlar asosan O'zbekiston hissasiga to’g’ri keladi. Huquq himoyachilari deydiki, 10 mingga yaqin fuqaro diniy motivlar bilan qamoqda.

“Buni siyosiy maqsadda xo’jako’rsinga qilayapti. Diniy e'tiqod bo'yicha qamashlar kasallikka aylandi - O'zbekistondan Tojikistonga otdi, hozir mana Qirg’izistonda davom etmoqda. Prezidentlar bu bilan bir katta ish qilib qo'ygandek ko'rsatmoqchi o'zini. Qanchadan buyon kuzatib boramiz - hozirgacha birorta ayblov isbotini topmagan”, - deydi huquq himoyachisi Sur’at Ikromov.

So'nggi paytda diniy e'tiqod bo'yicha qamashlar yana kuchaydi. Sirdaryoda yangi bir diniy oqimga aloqadorlikda ayblanib, o’nlab yoshlar, Qashqadaryoda otinoyilar o’quv kursi rahbari Mehriniso Hamdamovaning ekstremizmda ayblanishi ortidan 30ga yaqin ayol hibsga olingan edi. Ma'lumotlarga ko'ra, qamoqdagi ayollarga qarshi qiynoqlar qo’llangan.

“Hamma narsaga chidadik, tayog'iga ham, qiynog'iga ham, lekin bir narsaga chidolmadik deyapti. Derazadan chiqarib, tashqarida turgan yarim yalang'och erkaklarni ko'rsatib, “ko’rayapsizlarmi, ularni sizlar uchun boqdik, 6 oydan buyon ayol kishini ko'rmagan” deb aytgan. Yozib bersang, yozib ber, qo'l qo'y, bo'lmasa yalang'och qilib, o'shalarning oldiga tashlayman degan. Hozir yechintirib, qo'l telefoniga suratga olamiz, degan. O’shandan keyin bu ayol nima bo'lsa-bo'ldi deb, o'sha narsani yozib berishga majbur bo'lgan” - deydi hibsdagi ayollardan birining qizi.

15 dekabr kuni Qarshida O'zbekiston inson huquqlari jamiyati a'zosi G'aybulla Jalilov ustidan navbatdagi sud jarayoni o'tgan. Jalilov O'zbekiston Konstitutsiyasiga tajovuz qilish, terrorchilik harakatini rejalashda ayblanmoqda. Jamiyat a'zolarining aytishicha, G'aybulla Jalilovning aybi faqat namoz o'qigani va inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullangani bo'lishi mumkin.

Sharhlovchilar fikriga ko'ra, ekstremizm tahdidi hukumat uchun diniy va dunyoviy muxolifatni, norozilar guruhini tazyiq qilish vositasi bo’lib qolmoqda. Hozirgacha hukumat diniy, dunyoviy muxolifat bilan ham muloqot yo’lini tutmagan.

Aholi noroziligi ortib bormoqda, bu norozilik faqat din bilan bog'liq emas.

“Inson qadri tanazzulga uchradi. Eng oddiy odamlar ham mustaqillik nima berdi deb fikrlay boshladi”,- deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.

Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunovga uyushtirilgan suiqasd, Ichki ishlar vazirligi mulozimining otib oldirilishi, poytaxtda kuzatilgan otishmalardan keyin mamlakat bo'ylab yuzlab odamlar hibsga olingani ta'kidlanadi.

XS
SM
MD
LG