Bugun Xalqaro demokratiya kuni ekan, mamlakatda demokratiya rivojiga bag'ishlangan turli tadbirlar o'tmoqda.
Lekin biror muxolif siyosiy partiya tan olinmagan O'zbekistonda demokratiya haqida gapirish qiyin.
Parlamentdagi partiyalar - hukumat tarafdorlari. Haqiqiy oppozitsiya esa, deydi sharhlovchilar, kishanlangan va toptalgan ahvolda.
BMT Bosh Assambleyasi ikki yil muqaddam 15 sentabrni Xalqaro demokratiya kuni sifatida belgilagan edi. Bu yilgi tantanalarda siyosiy tolerantlikka e'tibor qaratilmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi respublika bo'ylab radioviktorinalar, yoshlar ishtirokida davra suhbatlari o'tkazmoqda.
O'zbekiston qonunan demokratik tuzumga ega bo'lsa-da, amalda avtoritar boshqaruv ostida ekani ta'kidlanadi. Hozirgacha biror muxolif siyosiy partiya ro'yxatga olinmagan, muxolifatchilar qamoqda yoki quvg'inda.
“Demokratiya kunida men chiroyli gaplar aytib, tabriklar yo'llashni xohlardim. Lekin afsuski demokratiyadan juda yiroqdamiz. O'zbekistonda buni bayram qilish, kun sifatida nishonlash uyat. Chunki hukumat demokratiya uchun nima lozim bo'lsa, buning teskarisini qilib, demokratik tamoyillarni mensimaslikda davom etmoqda”, - deydi muxolifatdagi “Birdamlik” harakatining O'zbekistondagi rahbari Dilorom Isxoqova.
Mamlakatda tan olingan, rasmiy partiyalarning birortasi amaldagi siyosatni savolga tuta olmaydi. Hokimiyatni javobgarlikka tutish esa asosiy demokratik tamoyillardan biri.
Demokratik qadriyatlar haqida bong urilayotgan tadbirlarda hukumat ko'klarga ko'tariladi va bugungi siyosat eng raso yo'nalish sifatida maqtaladi.
Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Hayitboy Abdullayev fikricha haqiqiy oppozitsiya uchun eshiklar juda mahkam yopilgan va ularni ochish qiyin masala.
“Muxolifat bo'lmasa, qanday o'sish bo'ladi? Qars ikki qo'ldan chiqadi. “Birlik” ham, “Erk” ham o'z holida. Hokimyat ham o'z holida. Ular muloqotga borishga harakat qiladi, lekin hukumat eshiklarni berkitib olgan”, - deydi Abdullayev.
Xalqaro hamjamiyat bilan muloqotga tayyor ekanini ta'kidlayotgan Islom Karimov ma'muriyati demokratik qadriyatlarga sodiq ekanini ta'kidlab keladi.
14 sentabr kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasida demokratiya va inson huquqlari bo'yicha muloqot bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqini o'zaro tanqidlarsiz hamkorlik qilishga chaqirdi.
Mahalliy faollarning qayd etishicha mamlakatda demokratiya tarafdori bo'lgan va erkin so'zlagan insonlarning qo'liga kishan solish tabiiy bir hol.
“Mamlakatda qolgan muxolifat juda ozchilik. Oyoq-qo'llari bog'liq, matbuotga yo'l yo'q. To'rtta odamni to'plab majlis qilsang, albatta qamashadi, sudga tortishadi. Bugun muxolifat haqida gapirganda juda tor bir doira nazarda tutiladi”, - deydi Dilorom Isxoqova.
Hayitboy Abdullayev fikricha muxolifatni keskin tazyiqqa olish O'zbekistonda kuzatilayotgan so'nggi tahdidli voqealardan ham bilinmoqda.
“Qo'poruvchilik harakatlari muxolifat yo'qligidan kelib chiqmoqda. Odamlarda o'z fikrini aytish, bildirish imkoniyati yo'q. Masalan “Birlik” bilan hokimyat biron marta suhbat qilgan emas. Boshqalarni tan olgisi kelmaydi. Butun dunyoda hukumatdagilar muxolifat bilan muloqot qiladi. Ularning fikrini tinglaydi. Xulosa chiqaradi. Munozara va maslahatga yo'l beriladi”, - deydi Abdullayev.
Mustaqillikning ilk yillarida O'zbekistonda muxolif partiyalar bir qadar erkin faoliyat yuritgan. Biroq keyinchalik ularning a'zolarini qamoqqa tashlash boshlandi va ularning ko'pi bosim ostida mamlakatni tark etdi.