Toshkentda 29 avgust kuni yuz bergan otishmada uch nafar terrorchi halok bo’ldi deya rasmiy bayonot berilgan edi. Huquq himoyachilarining aytishicha bu voqea ketidan bir necha insonning taqdiri noma’lum qolmoqda.
"Ezgulik" inson huquqlari jamiyati tarqatgan bayonotga ko'ra "Ko`kcha" yaqinidagi otishmalarda begunoh ayol Dinora Inog'omava otib o'ldirilgan.
"Uyida yosh sakkiz yoshli jiyani bilan o'tirgan, ikki xonali kvartirada boshqa hech kim bo'lmagan. Ular bostirib kirishgan. Bu ayol yosh bola bor nega o'q otayapsilar, tushir qurolingni degan. Keyin uni bir urib yiqitishgan, bola yig'lab shkafni orqasiga berkingan, keyin ayolga qarab otishgan. Hech qanday jinoyatga aloqasi bo`lmagan kishilar halok bo`lgan. Bu narsani kim bo`yniga oladi? Hukumat ham hech narsa demayotgani odamlarni junbishga keltiradi, adovat uyg'otadi axir”, - deydi “Ezgulik” jamiyati rahbari Vasila Inoyatova.
Ko'kchadagi otishmalar yuzasidan O'zbekiston Bosh prokuraturasi bergan bayonotda aytilishicha, Manon Uyg'ur ko'chasi 5 uy 3-xonadonda o'tkazilgan maxsus operatsiya chog'ida uch nafar terrorchi yo'q qilingan.
Dinora Inog'omova aynan shu uyda istiqomat qilgan. “Ezgulik” jamiyatining aniqlashicha esa Inog'omovaning terrorchilikka hech qanday aloqasi bo'lmagan.
“Voqeaga guvoh bo'lgan bolaning atishiga qaraganda, bostirib kirgan odamlar "bosqinchilar shu yerda yashiringan" deb baqirishgan. U ayolning o'ligini ham berishmagan, bayramoldi to'polon bo'lmasin deb. O'likni 5 sentabr kuni qaytarishgan” , -deydi Vasila Inayotova.
Operatsiyadan keyin hibsga olingan bir necha fuqaroning taqdiri ham mavhum. O'ldirilganlar asli qashqadaryolik deb ta'kidlanadi. Hozirda Qashqadaryoda dindorlarga nisbatan tazyiq kuchaygan. Qarshida huquq faoli G'aybulla Jalilov hibsga olingan.
Poytaxtda ko'chalarida diniy ekstremizm va Toshkentda sodir etilgan qotilliklarda ayblanayotgan bir guruh jinoyatchilar qidirilayotgani haqida e'lonlar paydo bo'lgan.
Gavjum joylarda osilgan bu e'lonlarda asosan Toshkentda tug'ilgan yosh yigitlar haqida ma'lumotlar aks etgan.