Breaking News

Ijtimoiy adolatsizlik va loqaydlik - radikalizmga yetaklovchi omillar


O’zbekistonda so’nggi paytda sodir bo’lgan potlashlar, qotillik va otishmalarda aloqadorlikda ayblanib o’nlab odamlar hibsga olindi. Huquq tartibot organlari terorchilik va qo’poruvchilikda ayblanib qidiruvga berilgan fuqarolar ro’yxatini e’lon qilgan.

Respublika bosh prokuraturasi mamlakatda xorijiy markazlarda mashg’ulotdan o’tgan terrorchilar faoliyat yuritayotganini ta’kidlamoqda. Mahalliy faollar fikricha radikallashgan guruhlar yuzaga kelishi, jamiyatda zo’ravonlik kuchayishi va ijtimoiy adolatsizlik ortayotgani bilan bog’liq.

Sharhlovchilar nazarida O’zbekistonda hukumatning diniy radikalizmga qarshi kurashi vaziyatni yanada keskinlashtirgan. Radikallik diniy aqidaparastlikka emas tuzumga bog’liq, deydi ular, jamiyatga erkinlik berilmas ekan, bu illat yanada kuchayadi.

So’nggi oylarda diniy ekstremizm mavzusini dolzabrlashtirgan qator hodisalar kuzatildi.

Andijonda portlashlar bo’lib o’tdi. Toshkentda taniqli diniy ulamoga suiqasd uyushtirildi. Hukumatni terrorizmga qarshi kurash bo’yicha mas’ul xodimlaridan biri otib o’ldirildi. "Ko’kcha”da esa qurolli to’qnashuv kuzatildi.

Hukumat siyosiy muxolifatni, ayniqsa diniy yo’nalishdagi muxolifatni doimiy ta’qiblar va tazyiqlar ostida ushlab kelmoqda.

Jamoatchi faollar fikricha O’zbekistonda ma’naviy tanazzuldan to’ygan kishilar guruhi shakllanayotgan bo’lishi mumkin.

“Hukumat ularni betoqatlar guruhi deyishi mumkin, lekin aslida nazarimda ular jamiyatning qaysi tomonga ketayotganini ko’rib turibdi. Xalq kutgan jamiyat shakllanmadi. Sovet davrida ham hozirgidek poraxo’rlik avj olmagan, diktatorlik kuchaymagan edi. Bu butunlay xalqning joniga tekkan, bu aniq. Xalq orasidan chiqqan haqsizlar, buni boshqalardan ko’ra ko’proq tushungan odamlar orasida davlat terroriga qarshi terror shakllanayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi sharhlovchi Bobomurod Razzoqov.

Huquq himoyachisi Saidjahaon Zaynobiddinov ta’biricha esa esa hozirga kelib diniy aqidaparastlik kuchaymoqda deyishga biror asos yo’q.

“Aholi bunaqa oqimlar, tashkilotalrga kirib ketayotgani yo’q. Chunki toifalar ajralib bo’lgan. 90- yillarda kimdir muxolifatga ketgan bo’lsa, kimdir diniy yo’lni tanlagan edi. O’sha paytda vahobiylikni tanlaganlar ajrab bo’lgan. Yana ular safiga qo’shilayotganlar yo’q. Hatto “Birlik” partiyasiga ham hozir yangi a’zolar qo’shilayotgani yo’q. 1990-95 yillarda aholining qarashlari boshqacha edi”, - deydi Zaynobiddinov.

Bobomurod Razzoqov fikricha bugungi radikal ko’rinish diniy aqidaparastlik bilan emas, jamiyatdagi umidsizlik bilan bog’liq.

“Ehtimol hokimyatga o’z qora niyatlari uchun intilayotgan guruhlar bo’lishi mumkin, ularni biz inkor qilamiz. Lekin katta qismi xalqning yonini olib, kelajakni o’ylab shunday qilmoqda deb hisoblayman. Sababi, 90-yillar boshida mustaqil bo’ldik deb hamma yoqqa jar soldik, lekin 18 yil o’tdi, mustaqillik nima berdi? Buni avval fikrlamagan oddiy kishilar ham bugun fikrlayapti, chunki inson qadri tanazzulga uchrab bo’ldi, bu o’ylashga majbur etadi. 18 yil xalqqa nima berdi degan savol qo’yilsa, asosiy muammo duch kelamiz”, - deydi Razzoqov.

Namozxon faollar aholida boshqa diniy oqimlarga nisbatan mayl paydo bo’layotganini diniy ta’lim yetishmovchiligida ko’rishadi.

“Avval “chang” qayerdan chiqayotganini aniqlash kerak, yoshlarni aybdor qilmaslik kerak. Biz ularni chanqoqligini shu yo’l, machitga borishni taqiqlash yoki qamash bilan cheklaydigan bo’lsak, biz ularni bu tashnalikni boshqa yo’llar bilan qondirishlari uchun da’vat qilib qo’yamiz”, - deydi namozxonlardan biri.

O’zbekiston aholisining 95 foizi musulmonlardan iborat dunyoviy davlat. Biroq mamlakatda dindan ta’lim berilmaydi, yoshlar din bilan asosan oilada tanishadi. O’zbekistonda na diniy, na dunyoviy qadriyatlar e’zozda, deydi faollar.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG