Breaking News

Obama davrida Amerika qanday yashayapti?


Barak Obama o'tgan yili prezidentlikka kelganida Amerika iqtisodiyoti, dunyodagi eng yirik moliyaviy sistema izdan chiqib bo’lgan edi.

Obama mamlakatni Jorj Bush davrida boshlangan va 2009 yilga kelib keskin nuqtaga yetgan bu krizisdan olib chiqishga so’z berdi.

Oradan bir yil o’tib, xulosa shuki AQSh iqtisodiyoti asta oyoqqa turmoqda. Lekin uning hamon ancha zaif ekani ham hammaga ayon. Bugun har besh amerikalikdan biri ishsiz yoki doimiy daromad manbaidan ayrilgan.

Barak Obama amerikaliklar va dunyo ahli oldida prezidentlikka qasamyod qilar ekan, nafaqat Qo’shma Shtatlar iqtisodiyoti balki butun global moliya tizimi daqiqa sayin qulab borayotgan edi. 2009 yilning birinchi yarmida bu xalq 4 millionga yaqin ish o’rnini boy berdi.



“Bugun o’ta og’ir bir vaziyatdamiz. Muammolarning cheki yo’qdek. Bu jumboqlarni osonlik bilan yoki qisqa davr ichida yecha olmaymiz. Lekin ularni albatta hal etamiz”,- degan edi yangi prezident.

Barak Obama ishga kirishgunga qadar Amerikada millionlab fuqarolar maosh va daromadidan ayrilib bo’lgan edi. Bu jarayon uning Oq Uyga kelishi bilan tingani yo’q, aksincha jadallashdi.

AQSh avtosanoati bankrot yoqasida edi. Yirik banklar davlat yordamisiz yopilib ketish arafasida, qarzini to’lolmayotgan odamlar esa kreditga olingan uylarini qaytarib berishga majbur bo’layotgan bir davr edi. Tushkunlik.

“Oradan bir yil o’tib, xalqimizga umid qaytgan”,- deydi iqtisodchi olima Alisa Rivlin. Uning fikricha hukumat krizisning ildiziga yeta oldi.

“Obama juda og’ir vaziyatda rahbarlikka keldi va bizni balchiqdan olib chiqishga muvaffaq bo’ldi”,- deydi ekspert.

Yangi boshqaruv Amerika banklariga moliyaviy yordam ko’rsatishga qaror qildi. Boshida bu rejaga qarshilik kuchli edi, ammo keyinroq tan berildi.

Markaziy bank past foizlarda qarz bera boshladi. Qizg’in bahs-munozaralar ketidan Kongress 800 milliard dollarga yaqin mablag’ni o’z ichiga olgan iqtisodiy yordam dasturini ma’qulladi. Har bir jabhaga ko’mak yetkaziladigan bo’ldi.

“Dasturni amalga oshirish oson kechmayapti, lekin biz o’zimizni jar yoqasidan qaytardik. Iqtisodiyotimiz yana jonlanayapti. Kelasi yilga borib ancha o’zimizga kelamiz”,- deydi Alisa Rivlin.

Amerika aksiya bozori bo’lmish Voll Stritda savdo asta qizib, daromad hisob qilina boshlagan.

Davlatdan qarz olgan banklarning ayrimlari bugunga kelib ularni to’lab bo’lgan ham. Markaziy bank – AQSh federal zaxirasiga 2009 yilda 46 milliard dollar foyda tushgan. Ammo hukumat bayram qilishga shoshmayapti.

Foyda-ku bo’ldi, lekin ishsizlar-chi? Ularni mehnat bilan ta’minlash, bir yarim trillion dollarlik kamomaddan chiqish kerak.

Ron Xaskins singari konservativ tahlilchilar Barak Obamani xalq pulini ayamay ishlatayotganlikda ayblaydi. “To’g’ri, inqirozdan biroz qaytdik”, deydi u, “lekin nima hisobiga”?

“Kamomad kun sayin o’sib borayapti. O’zimizni o’zimiz qarzga botirayapmiz. Buning ustiga hukumatning xususiy sektor ustidan nazorati kuchaydi”,- deydi Xaskins.

Davlat bozorga aralashmasligi kerak, hukumat uni eplolmaydi, deydi tahlilchi.

“Ishsizlik kamaysin desak bizneslar uchun imkoniyatlarni kengaytirish kerak. Ish o’rinlarini ular yaratadi. Vaziyat yaxshilanishiga shubham yo’q. Biz hamisha yo’limizni topa olganmiz. Kelasi oylar yana biroz qiynalishimiz mumkin. Krizis ta’siri…”,- deydi Xaskins.

U kabi iqtisodchilar fikricha prezident hali maqtovga loyiq emas. Vaqt xolis hakam.

“O’tgan yil boshida ayrim mutaxassislar kelasi yil shu paytda ahvol sal yaxshilangan bo’ladi desa ishonmagan edim ”,- deydi Alisa Rivlin.

“Mana ko’rib turibmiz, bugungi holat sezilarli darajada ijobiy. Haqiqatni tan olib, oldinga intilib yashash kerak. Voy iqtisodiyotimiz dabdala bo’ldi deya hammani ayblagandan ko’ra”,- deydi olima.

2010 yildan umidlar katta. Amerika iqtisodiyoti yuqori foizlarda o’sishi kutilmoqda. Agar hozir ishsiz yurganlar mehnat joyi bilan ta’minlansa. Hukumat tarafdorlari ham, tanqidchilari ham bir fikrda kelishadi – AQSh iqtisodiyoti o’z kuchini oshirishi, global hukmronlikni saqlab qolishi uchun byudjetdagi kamomad va 12 trillion dollarga teng ichki qarzdan chiqishi kerak.

To’q va beparvo yashashga o’rgangan amerikaliklar har bir dollarining qadriga yeta boshlagan. Kreditga yashash endi yo’q deydi ayrimlar.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG