Breaking News

O'zbekistonda iqtisodiy inqiroz asoratlarini yashirib bo'lmaydi


Sertakalluf janob Kan...

O’zbekistonga safar qilgan Xalqaro Valyuta jamg’armasi rahbari Dominik Strauss-Kan mamlakatdagi iqtisodiy rivojlanishni ijobiy baholagan.

Uning aytishicha, moliyaviy inqirozga uchragan aksariyat mamlakatlardan farqli, O`zbekistonda ishlab chiqarish ko’lami yuqori bo’lib qolishi mumkin.

Sharhlovchilar nazarida esa bu bayonot siyosiy maqsadda qilingan takallufdir.

Aslida esa O`zbekiston iqtisodiyoti investitsiya kamligi, bozor talablari joriy etilmaganidan zarar ko’rib keladi.

Davlatni tirab turgan mehnat muhojirlari daromadidan ayrilib, uyga qaytmoqda. Vatanda esa ular uchun ish o`rinlari yaratilmagan.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov Xalqaro Valyuta Jamg`armasi rahbari Dominik Strauss-Kan bilan hamkorlik qilish istiqbollari haqida gaplashgan.

Inqiroz ta`sirini yumshatishda, bozor iqtisodiga asoslangan iqtisodiy rivojlanish tizimini qo`llab-quvvatlashga tayyorligini aytgan.

Inqiroz iqtisod ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkin

O`zbekiston iqtisodida erkin islohotlar bo`lishi hamon shubha ostida qolayotgan mavzu.

Biroz avval Yekaterinburgda o`tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Islom Karimov moliyaviy inqirozning O`zbekistonga ta`siri haqida gapirdi. Uning aytishicha, ayrim davlatlar proteksionizm yo`lidan bormoqda. Bu esa rivojlanayotgan davlatlar uchun qimmatga tushishi mumkin, deydi u.

“Dunyo miqyosida xomashyoga nisbatan bo`lgan talabning tushib ketishi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Ayrim qudratli davlatlar boshqa mamlakatdan kelayotgan tovarlar uchun o`z bozorini yopib qo`yishi izolyatsiyalanish siyosatini kuchaytiradi. Iqtisod deglobalizatsiya jarayoniga kirishi mumkun”, - dedi Islom Karimov.

Sharhlovchilar nazarida O`zbekistonda bozorni izolyatsiyalash siyosati kuchli. Mintaqadagi eng yopiq davlat bu - O`zbekiston. Moliyaviy inqrozning dastlabki bosqichi O`zbekiston iqtisodi uchun jiddiy ta`sir ko`rsatmagan. Sabab, deydi mutaxassislar, mamlakat iqtisodi dunyo moliyaviy tizimi bilan bog`lanmagan.

Bosh asoratlar: mehnat muhojirlari qaytmoqda

Inqirozning keyingi davri, eksport mahsulotlariga nisbatan talab pasayishi, mehnat muhojirlarining Rossiya va Qozog`istondan qaytishi O`zbekiston iqtisodiy-ijtimoiy hayotida aks eta boshlagan.

O’zbekistonda statistik ma’lumotlar yopiq, ekspertlar qo`lida aniq raqamlar yo’q. Iqtisodiy o’sish haqida jamoatchilikka oshkor etilgan ko`rsatkichalr esa faqat shubha uyg`otadi.

Iqtisodiy o`sish ko`rsatkichlari bir necha yildirki 8-9 foiz atrofida, moliyaviy inqiroz oqibatlari qattiq sezilgan 2009 yilda ham O`zbekistondagi o`sish 7 foiz bo`lishi ta`kidlanadi. Bu ko`rsatkich Xalqaro Valyuta Jamg`armasi tomonidan tarqatilgan press-relizda ham tasdiqlanadi.

“XVJ O’zbekiston hayotidagi muhim bir faktorni inobatga olgan shekilli, bu mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’. Chunki Buxoro viloyati misolida aytish mumkin, mahalliy budjetning 45 foizi shu pulga to’g’ri keladi. Ikkinchidan, ishlab chiqarish qisqardi, paxtachilik, g’allachilik ham 15 foizgacha qisqardi. Qanday qilib o’sishni kuzatish mumkin? Bu judayam shubhali xulosalar”, - deydi tahlilchi Shuhrat G’aniyev.

ShHT sammitida Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev a`zo davlatlar savdo aloqalarida dollar o`rniga boshqa hisob birligini qo`llashmi taklif qildi.

Shuhrat G`aniyevning aytishicha, O`zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari cheklangan. Tashabbus tashkilotning eng yirik a`zosi Xitoy tomondan ham shubha bilan qarshi olingan.

“Konvertatsiya bo`yicha javobgarlikni bo`yniga olmayotgan paytda qanday qilib bu masala haqida gapirish mumkin? Rossiya va Qozog`istonda ehtimol shunday valyuta ishlatilishi mumkindir, lekin bu ham shubhali. Dollar mana 50 yildirki jahon valyutasi bo`lib kelmoqda. ShHT ni a`zosi Xitoy iqtisodining salkam 90 foizi dollar bilan bog`liq. Xitoy dollarni almashtirishi mumkinligini tasavvur etish qiyin”, - deydi G`aniyev.

Mamlakatda ishsizlar, qashshoqlar soni oshib bormoqda

Sharhlovchilar nazarida rasmiy ko`rsatkichlar va real hayot o`rtasidagi farq katta. Moliyaviy inqirozga qaramasdan ish topish maqsadida mamlakatdan chiqib ketgan mehnat muhojirlari ortga qaytmoqda.

“Xorazm, Qoraqolpog`iston bo`yicha avvalgiga nisbatan aholining 25 foizi ketayapti deyish mumkin. Lekin ko`pchilik orqaga qaytmoqda, deportatsiya qilinayotganlar ko'p”, - deydi Xorazmdagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

Sharhlovchilar nazarida moliyaviy inqirozning oddiy o`zbekistonliklar hayotiga ta`siri asosan mehnat muhojirlari orqali bilingan.

2008 yilda Rossiya va Qozog’istonda ish topgan fuqarolar soni bir necha million kishi bo`lib, ularni O`zbekistonga yuborayotgan mablag` bir necha milliard dollar hisobida qayd etilgan.

Aholining tirikchiligi, ayniqsa, viloyatlarda, bevosita shu mablag’ga tayanadi. 2009 yildan boshlab ish topayotgan mehnat muhojirlari soni, shuningdek, ular yuborayotgan mablag` keskin kamaydi.

“2009 yildan boshalab mardikorlarning qarindoshlariga yuborayotgan mablag`i 90 foizgacha kamaygan. Bu qashshoqlar sonining yanada ortishiga xizmat qiladi. O`zbekistonda ham katta zavodlarda qisqarishlar bo`layapti, ishchilar haq to`lanmasdan ta’tilga chiqarib yuborilmoqda. Lekin mardikorlar arzimagan pulga bo`lsa-da, baribir, Rossiyada va Qozog`istonda ishlashni ma’qul ko`radi. Chunki O`zbekistonda bunday imkoniyatning o`zi yo`q”, - deydi tahlilchi Suhrob Ismoilov.

Rossiya Dumasi O`zbekiston bilan mehnat muhojirlari huquqlarini ta`minlash haqidan hujjatni tasdiqladi

Hayitboy Yoqubovning aytishicha, bu bilan mehnat muhojirlariga nisbatan munosabat o`zgaradi deyish qiyin. Muhojirlarga nisbatan munosabat keskinligicha qolmoqda. Yaqin bir necha yil ichida ellikka yaqin xorazimlik jasadi Rossiyadan qaytgan.

“Ularning ko`pchiligi millatchilik qurboni bo`lishgan. Hozir Rossiya matbuotida Markaziy osiyoliklarni jinoyatchi qilib ko`rsatish keng tus olmoqda. Masalan, Sankt-Peterburg, Yaroslav viloyatida o`zbeklar qotillikda ayblanmoqda. Yaqinda Kiyevda ham shunga yaqin bir maqola chiqdi. Xullas, bu maqolalarning tagida asos yo`q, tuhmatga o`xshash. Dumada qabul qilingan hujjatni hozircha vaziyatga ta’siri sezilmaydi”, - deydi Yoqubov.

Mamlakatda moliya, pul siyosati yanada keskinlashgan

Moliyaviy inqiroz O`zbekiston aholisiga faqat muhojirlar orqali ta`sir etayotgani yo`q.

Ko`plab korxonalarni tashvishga solgan konvertatsiya muammosi bor, hukumat naqd pul nazoratini kuchaytirgan.

Bu nazorat ish bilan ta`minlangan aholi hayotida ham sezilmoqda. Plastik kartochkalar respublika bo`ylab keng joriy qilinmoqda.

“Tashkilotda ishlayotgan xodimlardan so`rab o`tirishmaydi, kartochkada olasanmi, yo`qmi deb. Bankomatlarning o`zi yo`q, naqd pul yetishmayotgan bo`lsa, maosh olish uchun ikki soatlar navbatda turish kerak. Qishloqlarda emas, markaziy shaharlarda ham kartochkadan naqd pul yechish muammo. O`zbekistonning chekka bir qishlog`iga ham plastik kartochka yetib borgan, lekin samarasi yo`q buni. Aslida avval naqd pul muammosini hal qilsin. To`y yoki boshqa bir tadbir chiqib qolganda, ustiga berib bo`lsa ham naqd qilib olishga majbur bo`lasan”, - deydi tashkilot xodimlaridan biri.

Bir necha yil avval Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va O`zbekiston hukumati o`rtasida bozor talablariga ko`ra iqtisodni shakllantirish bo`yicha hamkorlik memorandumi imzolangan edi.


XS
SM
MD
LG