Breaking News

O'zbekistonda tadbirkorlar turli to'siqlardan shikoyat qilmoqda


Global moliyaviy inqiroz yirik davlatlar iqtisodiyotini ishdan chiqargan bir paytda O`zbekiston hukumati mahalliy tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.

Ammo ishbilarmonlarning aytishicha bugun ko'rilayotgan chora-tadbirlar ular faoliyatini yanada murakkablashtirgan.

Ayni paytda mamlakatda valyuta taqchilligi va so'mning qadrsizlanishi davom etmoqda.

Eksportdan kelayotgan daromad kamaygan, mehnat muhojirlaridan keladigan moliya oqimi deyarli to'xtab qolgan.

Hukumat inflyatsiyaning oldini olish uchun keskin choralar qo`llamoqda. Korxonalarda oylik maoshlarni, aholi uchun ijtimoiy nafaqalar kech berilmoqda.

Yaqinda yengil sanoat mahsulotlari importini cheklash haqida qaror qabul qilingan edi. Bu bilan hukumat ichki ishlab chiqarish sohasini himoya qilmoqchi.

Lekin, deydi "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan tadbirkorlardan biri, yuqoridagi kabi choralar biznesmenlarga qo'shimcha yuk bo'lmoqda.

"Valyutani qora bozordagi va markaziy bank belgilagan bahosi o`rtasidagi farq tobora yiriklashib bormoqda. Bu esa naqd pul taqchilligini yuzaga keltirgan. Valyuta bilan bog'liq vaziyat banklar faoliyatini yanada cheklab qo'ydi. O'z pulimizni bankdan olish uchun 12 foizgacha haq to'lashimiz kerak".

Hukumat hozirgi moliyaviy inqiroz davrida ayniqsa eksport bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashini, ularga qo'shimcha imtyozlar yaratishini ta'kidlamoqda.

"Imtiyozlar kerak emas, chunki bor imtyiozlar ham ishlamayapti",- deydi tadbirkorlardan biri.

"Amaldagi to'siqlar olib tashlanishi kerak. Bank xizmatining o'zida qancha muammo mavjud. Men eksport bilan ham shug'ullanaman. Hozirgi moliyaviy inqiroz davrida hukumat bu sohani ikki qo'llab quvvatlashi kerak, lekin eksport shartnomasi uchun shunchalar ko'p to`siq mavjudki, ularni oddiy tadbirkor anglashi qiyin. Bundan tashqari mahsulot uchun haq oldindan 100 foiz to'lanishi kerak".

Kredit uyushmalaridan birining ma'lum qilishicha bugun ishlab chiqarish uchun qarz olayotganlar juda kam.

Sharhlovchilar hukumatni ish o'rinlari yaratish haqida o'ylashga undamoqda. Hozirda yuz minglab mehnat muhojirlari vatanga qaytgan.

XS
SM
MD
LG